“Amerikaliklar sotqin”. Eron Hormuz bo‘g‘ozini yana yopib qo‘ydi

Olam

image

Bugun, 18 aprel kuni Eron AQSH tomonidan dengiz blokadasi davom ettirilayotgani sababli Hormuz bo‘g‘ozi qayta yopilganini e’lon qildi. Bu haqda IRNA xabar berdi.

“Xatam al-Anbiya” markaziy qo‘mondonligi rasmiy vakili AQSH tomonidan dengiz blokadasi davom etayotgani munosabati bilan Hormuz bo‘g‘ozi qayta yopilganini ma’lum qilgan.

“Eron Islom Respublikasi avval erishilgan kelishuvlarga amal qilgan holda va xayrixohlik ko‘rsatib, Hormuz bo‘g‘ozi orqali cheklangan miqdordagi neft va savdo kemalarini nazorat ostida o‘tkazishga rozilik bergan edi.

Biroq amerikaliklar yana bir bor sotqinlik ko‘rsatib, blokada niqobi ostida qaroqchilik va dengiz talonchiligini davom ettirmoqdalar. Shu munosabat bilan Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat avvalgi holatiga qaytarildi va ushbu strategik suv yo‘li Eron Qurolli Kuchlarining qattiq boshqaruvi va nazorati ostida qolmoqda”, deydi qo‘mondonlik vakili.

Markaziy qo‘mondonlik vakili, shuningdek, AQSH Erondan chiqayotgan va Eronga ketayotgan barcha kemalar uchun kema qatnovi erkinligini to‘liq tiklamaguncha, Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat qat’iy nazorat ostida va avvalgi tartibda qolishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, kecha Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Arokchi Hormuz bo‘g‘ozi tijorat kemalari uchun ochilganini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga minnatdorlik bildirgandi. Biroq o‘sha kunning o‘zida AQSH Prezidenti Hormuz bo‘g‘ozi ochilganiga qaramay, Qo‘shma Shtatlar Eron dengiz portlari blokadasini davom ettirishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Hormuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing