Alyuminiy banka ishlab chiqarish – O‘zbekiston uchun birinchi keng miqyosdagi biznes

Jamiyat

image

Alyuminiy banka ishlab chiqarish O‘zbekistonda ilk bor yo‘lga qo‘yilayotgan yangi keng ko‘lamli biznes yo‘nalishidir. “East Can Solutions” QK MCHJning Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida amalga oshirayotgan loyihasi 21 gektar maydonni egallagan bo‘lib, ishlab chiqarish maydonlari 100 ming metr kvadratni tashkil etadi. 

Loyihaga yo‘naltirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 90 million dollarga teng. Shu bilan birga, Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) tomonidan 18 million dollar miqdoridagi kredit ajratilgan. Zavodda 500 tagacha yangi ish o‘rni yaratilishi maqsad qilingan bo‘lib, ishlab chiqarish 2025 yilning iyun oyida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Kelgusida mahsulotning 30 foizdan ortig‘ini eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Ishlab chiqarish majmuasi ikki asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga olgan vertikal-integratsiyalashgan model bo‘yicha ishlaydi:

  1. Alyuminiy bankalar ishlab chiqarish zavodining yillik quvvati 2,2 milliard donani tashkil etadi. Birinchi bosqichda yiliga 1,1 milliard dona ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. 
  2. Yaxna ichimliklarni idishlarga quyish (alyuminiy bankalar va PET qadoqlarda – yiliga 650,9 million donagacha).

O‘zbekistonda alyuminiy bankalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali ayni paytda 100 foizni tashkil etuvchi import o‘rnini bosishga to‘liq erishish mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi mahsulotlarni Markaziy Osiyo va Kavkazorti davlatlariga eksport qilish imkonini beradi va bu, o‘z navbatida, kompaniyaning mintaqadagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Mazkur loyihaning amalga oshirilishi ichki bozor ehtiyojlarini qondirish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar yaratish va mahalliy biznes uchun yangi imkoniyatlar demakdir. Imtiyozli soliq shartlari, MIZ doirasidagi subsidiyalar va tayyor ishlab chiqarish infratuzilmasi mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berdi”, deydi zavod direktori Aleksandr Pashkeyev. 

“East Can Solutions” to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 2,2 milliard banka va 650,9 million donagacha ichimliklar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu ishlab chiqarishning umumiy qiymati 300 million AQSH dollaridan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Avtomatlashtirishning sifatli darajasi AQSH va Yevropaning zamonaviy uskunalari hamda tannarxni pasaytirishga qaratilgan texnologik yechimlar ishlab chiqarishning raqobatbardoshligini ta’minlaydi. 

Loyihaning ekologik tarkibiy qismiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ma’lumki, alyuminiy idishlar – qadoqlashning ekologik sof turlaridan biri sanaladi, chunki ularni cheksiz ravishda qayta ishlash mumkin. Ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi nafaqat O‘zbekiston bozorini sifatli mahsulot bilan ta’minlaydi, balki xalqaro brendlar uchun yangi istiqbollarni ham ochadi. Ular mamlakatda mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etishi yoki o‘z mahsulotlarini qadoqlash uchun “East Can Solutions” MCHJ XK quvvatlaridan foydalanishi mumkin.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 30 foizdan ortig‘ini Rossiya, Qozog‘iston va MDHning boshqa mamlakatlariga eksport qilish rejalashtirilmoqda. 

Kompaniya yaqin yillar ichida yillik eksport salohiyatini 50 million AQSH dollaridan oshirishni rejalashtirmoqda. Bu esa O‘zbekistonni mintaqadagi ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi muhim ishtirokchilardan biriga aylantiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Yangihayot tumani Alyuminiy banka East Can Solutions

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing