Qadrlanmagan joyni tark eting
Tahlil
−
18 yanvar 12646 6 daqiqa
16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyati, shuningdek, Milliy tiklanish demokratik partiyasining 2025 yilgi faoliyati yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.
Prezident murojaatnomasi muhokamasidan so‘ng, partiyaning o‘tgan yilgi faoliyati haqida qisqacha gapirib o‘tildi. Anjumanning jurnalistlar bilan muloqot qismida OAV xodimlari jamiyat uchun muhim va ayni muhokamadagi savollar bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov bilan yuzlandi.
Unda O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashayotgan ayrim xorijlik propagandist “aqllilar”ning mamlakatga kirishini cheklash masalasi ko‘tarildi. Qodirov bunga O‘zbekistonning bag‘rikenglik siyosatini qo‘rqoqlik deb bilish kerak emasligini aytdi.
“Andishani otini qo‘rqoq deb qo‘yish degan maqol bor-ku, O‘zbekistonni bag‘ri kengligini, O‘zbekistonni tinchlikparvar siyosatini o‘zicha talqin qilayotgan ayrim kuchlarga endi sal keskinroq qarash vaqti keldi deb o‘ylayman”.
QALAMPIR.UZ jurnalisti so‘nggi yillarda xorijda, xususan Rossiyada, o‘zbekistonliklarga nisbatan tahqirlash va bosim holatlari kuzatilayotgani va bunga javoban aytarli hech qanday amaliy chora ko‘rilmayotgani yuzasidan, “Bu kabi vaziyatlarni nazorat qilishni partiyalar zimmasiga olib, nomaqbul shaxslar ro‘yxatini Parlamentga kiritadimi?”, degan taklifli savol bilan murojaat qildi. Deputat bunga javoban, bu masala bo‘yicha “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi shug‘ullanmasa, boshqa hech kim shug‘ullanmasligini alohida ta’kidlab aytdi.
“Biz shug‘ullanamiz, chunki oxirgi marta mana bu Solovyov gapirib chiqqandan keyin, endi biz shug‘ullanmasak, boshqa hech kim shug‘ullanmas ekan, degan xulosaga kelib bo‘ldik. Bu bilan jiddiy shug‘ullanmoqchimiz. Shu ro‘yxatni kiritib, Tashqi ishlar vazirligi bilan muhokama qilamiz. Natijasi uchun albatta va’da bera olmayman, chunki qaror masalasi bor. Lekin taklif berish va tashabbus ko‘rsatish masalasini o‘rnatamiz”,
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz joizki, amaldagi qonunga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi hamda O‘zbekiston xalqining sha’nini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar qilgan yoxud harakatlar sodir etgan chet el fuqarolari (yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar) mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb hisoblanadi va ularning mamlakatga kirishi taqiqlanadi.
Endi O‘zbekiston aholisiga hashamat solig‘i joriy etilishi mumkin. O‘zbekiston davlati yaralibdiki, to‘y-to‘y mojarosi tugamaydi. Bola tug‘ilishi bilan uni uylash, dabdabali to‘y-hasham qilish haqida o‘ylaydi. Bu gap 100 yil oldin ham bo‘lgan hatto Abdulla Avloniy ham, “O‘zbekni to‘y balosidan qutqaring”, deb aytib ketgan. Shu balo oldin ham bor edi, hozir ham bor.
1999 yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qaror, Prezident qarorlari, 2010 yilda qabul qilingan qaror va nizomlar, bunga qo‘shimcha yana 2019 yilda Oliy Majlis va Senat qarorlari barchasi to‘y-tadbirlarni ixchamlashtirish, qisqartirish borasida edi. Biroq birortasi yo amalda ijro etilmadi, yoki xalq hammasini chetga surgan xolda umr davomida yig‘ib terganlarini to‘y ma’rakalarga sarflamoqda.
Bu qarorlar faqatgina oddiy xalq uchun emas, balki palonchi-palonchilarning, ayrim amaldorlarning dabdabali to‘y marosimlariga ham qo‘llanishi kerak. Alisher Qodirov aynan shu masalani ko‘tardi.
Uning so‘zlariga ko‘ra odamlar pulni boshqa daromad keltiradigan rejalarga sarflashi kerak. Agar puli oshib toshib yotgan bo‘lsa ular dabdabali to‘y qilsin marhamat lekin hashamat solig‘ini to‘lab qo‘yibgina. Aslida to‘y qilishdan maqsad ikki yoshning nikohini e’lon qilish. Buni to‘rtta odam bilan ham, o‘nta odam bilan ham o‘tkazsa bo‘ladi. “Milliy tiklanish” partiyasi raisining aytishicha bundan buyon O‘zbekistonda dabdabali to‘y o‘tkazayotganlar har bir mehmon uchun - odam boshiga AQSH dollarlab hashamat solig‘i to‘laydi.
“Xalqimizda ko‘rpaga qarab oyoq uzatish degan gap bor. Mana shu narsani to‘g‘ri tushunish kerak. Daromadimizni to‘ylarga isrof qilish degan narsadan qochish lozim. Bu bizning – millatimizning illatlari ekanligini har doim ta’kidlab kelganmiz. To‘ydan maqsad ikki yoshning nikohini jamoatchilikka e’lon qilishmi, marhamat, e’lon qilaylik”.
Biroq, to‘ylarga ko‘p pul sarflash yaxshi emasligini, bu pullarni boshqa foydali narsalarga investitsiya qilinishi kerakligi ham aytildi. Buning oldini olishning eng maqbul usuli esa soliq joriy qilish.
“Hashamatni xohlayapsizmi, hashamatni solig‘ini to‘laymiz. Marhamat! 10 000 ta odam chaqirib to‘y qilmoqchimisiz? To‘yda odam boshiga qarab soliq hisoblansin, marhamat. 10 000 ta odamni solig‘ini dollarlab qo‘yinglar... Agar sizga shu kerak bo‘lsa, marhamat!”.
Qodirov “hashamat solig‘i” taklifi bilan odamlarning o‘z mablag‘lari sarfini va dunyoqarashlarini o‘zgartirish mumkinligi nazarda tutilayotganini alohida urg‘uladi.
Xabaringiz bor Rossiyada migrantlarga nisbatan shafqatsiz munosabat va haqoratlardan, kerak bo‘lsa OMONchilar tomonidan kaltaklab o‘ldirilganidan keyin Deputat Alisher Qodirov “Aqlingizni ishlating, Rossiyadan tezroq keting! Hech qanday daromad ota-onalar va farzandlaringizning ko‘z yoshiga arzimaydi!” deya musofirlarga qilgan murojaati qilgandi. Agar migrantlar Qodirovning gaplariga quloq soliq Rossiyani tark etsa qayerda ishlashi haqida so‘raldi. Bunga javoban, Men Rossiyani tark eting dedim, lekin O‘zbekistonga qayting demadim deya javob berdi deputat.
“Rossiyadan migrantlarni ketishga chaqirdim, qaytishga emas”, dedi Alisher Qodirov
Shuningdek, Qodirov o‘zbekistonlik vatandoshlarga qarata o‘zlarini kamsittirib qo‘ymasligini, qadrlanmayotgan har qanday joydan ketishi kerakligini aytdi. U aynan O‘zbekistonga qaytishni nazarda tutmaganini ham qistirib o‘tdi. Deputat o‘z so‘zlarini izohlar ekan, faqat Rossiyada emas, balki boshqa rivojlangan mamlakatlarda ham ish borligini bildirdi. Shu bilan bir qatorda u o‘zbekistonliklar juda mehnatkashligini va o‘zbek migrantlari xor bo‘lishi kerakmasligini ta’kidladi.
“Migrantlar faqat Rossiyada emas, balki Shvetsiya, Norvegiya, Boltiq bo‘yi davlatlari, Polsha, Ruminiya, Avstriya, Germaniya kabi davlatlarga borib ishlashi mumkin”.
Alisher Qodirov nutqi davomida, bugungi kunda ko‘plab davlatlar o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga katta qiziqish bildirilayotganligi qo‘shimcha qildi. Yangi yil bayrami arafasida o‘qituvchilarning navbatchilik qilgani keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgandi. Matbuot anjumanida partiya rahbariga, o‘qituvchilarning haq-huquqlarini partiya nega himoya qilmadi, bunga munosabat bildirmadi degan savolga, partiya rahbari Partiya advokatlik instituti emas - hamma, xususan o‘qituvchilar ham o‘z haq huquqlarini himoya qilishga o‘rgansin. Marhamat sudga murojaat qilsin deya javob berdi.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasidagi ushbu videoreportajni tomosha qiling.
Live
Barchasi