Akayev Qirg‘izistonga qaytib, Japarovning siyosati haqida gapirdi (video)
Olam
−
19 iyun 11834 2 daqiqa
Bugun, 19 iyun kuni Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev uzoq vaqtdan beri ilk bor mamlakatga qaytdi va Sadir Japarovga qo‘shimcha prezidentlik muddati berishni taklif qildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev respublikaga yetib kelgan va Issiqko‘l yubiley xalqaro forumida ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, avvalroq e’lon qilingan rasmiy ishtirokchilar ro‘yxatida uning ismi yo‘q. Forum Qirg‘izistonda 18 iyundan 21 iyungacha bo‘lib o‘tmoqda.
“Asqar Akayev uchun bu 2005 yilgi voqealardan keyin Qirg‘izistonga birinchi tashrif emas. U 2005 yil 24 martda, mart inqilobi paytida mamlakatni tark etgan va o‘sha yilning 3 aprelida rasman iste’foga chiqqan.
2024 yilda Akayev “Qumtor” ishi bo‘yicha ko‘rsatma berish uchun Qirg‘izistonga kelgan edi. O‘shanda sobiq prezident xalqqa murojaat bilan chiqib, oltin koni loyihasini amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun xalqdan uzr so‘ragan edi”, deyiladi xabarda.
“Kaktus.media” axborotiga ko‘ra, Asqar Akayev chiqishi davomida Sadir Japarovga yana bir prezidentlik muddati berishni taklif qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti o‘smoqda va “iqtisodiy mo‘’jiza” rejasini amalga oshirish uchun kamida 8-10 yil talab etiladi.
“Ordomedia” nashri Akayevning nutqidan olingan kadrlarni e’lon qilgan. U xalq Sadir Japarovni qiyin davrda saylaganini, ammo bugungi kunda iqtisodiyot yuksalayotganini, ijobiy tendensiyalar ijtimoiy sohada ham ko‘zga tashlanayotganini aytgan.
“Agar Qirg‘iziston xalqi amaldagi prezidentga qirg‘iz iqtisodiy mo‘’jizasi rejasini amalga oshirish uchun qo‘shimcha mandat topshirsa, har doimgidek donishmandlik bilan ish tutgan bo‘ladi deb hisoblayman. Buning uchun kamida 8-10 yil kerak bo‘lishini o‘zingiz yaxshi bilasiz”, deydi u.
Jurnalistlarning mamlakatga butunlay ko‘chib kelishi mumkinligi haqidagi savoliga javob berar ekan, u agar qat’iy taklif bo‘lsa, bunday variantni ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qilgan.
“Agar qat’iyat bilan taklif qilishsa, albatta. Chingiz Aytmatov ta’kidlaganidek, vatanda o‘lish kerak”, deydi birinichi prezident.
Ma’lumot uchun, Asqar Akayev Qirg‘izistonning birinchi prezidenti. U mamlakatni 1990 yildan 2005 yilgacha boshqargan. 2005 yil 24 martdagi “Lola inqilobi” oqibatida hokimiyatdan ag‘darilgan va mamlakatni tark etgan. Shundan buyon u Rossiyada yashaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Asqar Akayev 2005 yil Qirg‘izistonda yuz bergan “Lola inqilobi”ni AQSH uyushtirganini da’vo qilib, davlat to‘ntarishining juda arzonga tushganini aytgan edi.
Live
Barchasi