Aqtauda qulagan samolyot bo‘yicha dastlabki tergov ma’lumotlari 30 kun ichida taqdim etiladi

Olam

image

Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyotining Aqtau shahri yaqinida halokatga uchrashini tekshirish bo‘yicha Qozog‘iston hukumat komissiyasi 30 kun ichida tergovning dastlabki yoki oraliq natijalarini taqdim etadi. Bu haqda komissiya a’zosi, Qozog‘iston Transport vaziri o‘rinbosari Talgat Lastayev “Kazinform” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Umuman olganda, standartlarga ko‘ra, dastlabki yoki oraliq tekshiruv natijalari 30 kun ichida e’lon qilinadi”, degan u.

Lastayevning ma’lum qilishicha, hozirda tergovning “dala bosqichi” davom etmoqda: samolyot qoldiqlari, halokat joyida barmoq izlari to‘planyapti.

Lastayevning so‘zlariga ko‘ra, halokatga uchragan samolyot ikki soatlik xotiraga ega bo‘lgan registrator bilan jihozlangan.

“Ushbu maxsus samolyotda ekipajning ikki soatlik ishini va samolyotning texnik parametrlarini qayd qiluvchi ma’lumot yozuvchi uskuna mavjud. Hodisaning deyarli butun surati tergov davomida ko‘rinadi”, degan u.

Qozog‘iston hukumati samolyot halokati sabablarini o‘rganish uchun komissiya tuzdi. Unga Bosh vazir o‘rinbosari Qanot Bozumbayev boshchilik qildi. Undan tashqari komissiya tarkibiga Mangistau viloyati hokimi, Favqulodda vaziyatlar, Transport, Tashqi va Ichki ishlar, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, Sog‘liqni saqlash vazirliklari rahbariyati hamda Bosh transport prokurori kiritildi.

Oldinroq Qozog‘iston Transport vazirligi halokatga uchragan samolyotning qora qutilari Braziliya aviahalokatlarini tekshirish va oldini olish markaziga yetkazilishi haqida xabar bergan edi. 28 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali suhbatda qora qutilarni ochishga Rossiya, Ozarbayjon va Braziliyadan mutaxassislar jalb etilishini muhokama qilgandi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aqtau shahri yaqinida halokatga uchragan Embraer 190 samolyotining bort yozuvlari (qora quti) tahlil qilish uchun Braziliyaga yuborilishi xabar qilingandi. Chikago konvensiyasiga ko‘ra, aviatsiya hodisasi bo‘yicha tergovni amalga oshiruvchi mamlakat qora qutini tahlil qilish uchun davlat tanlash huquqiga ega. Uni Braziliyaga yuborish qarori Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) tavsiyalari, shuningdek, Rossiya va Ozarbayjon bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar natijasida qabul qilingan.

Bildirilishicha, mazkur qaror qora qutini tahlil qilish jarayonining yuqori darajada ishonchliligini va samolyot ishlab chiqaruvchisi tajribasidan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.

Embraer 190 samolyotining qulashi

25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi. 

Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.

Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.

Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi. Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon samolyoti Talgat Lastaev tergov ma'lumotlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing