AQSHdagi inson huquqlari tashkilotlari Tramp ma’muriyatini sudga berdi
Olam
−
08:44 1011 3 daqiqa
AQSHdagi 4 ta yirik inson huquqlari tashkiloti Tramp ma’muriyatining Xalqaro jinoyat sudini zaiflashtirishga qaratilgan siyosati ustidan sudga murojaat qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Human Rights Watch, Open Society Institute, American Friends Service Committee va Center for Constitutional Rights tashkilotlari Nyu-Yorkda bergan da’vo arizasida ma’muriyatning Xalqaro jinoyat sudiga qarshi sanksiyalar siyosatini konstitutsiyaga zid deb atagan.
Donald Tramp 2025 yilda AQSH va uning ittifoqchisi Isroil rasmiylariga nisbatan ish yuritayotgan Xalqaro jinoyat sudi prokurorlari, sudyalari va sud bilan hamkorlik qilayotgan boshqa shaxslarga qarshi sanksiyalar joriy etishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan. AQSH va Isroil Xalqaro jinoyat sudi a’zolari hisoblanmaydi.
Inson huquqlari tashkilotlari sanksiyalar ularga dunyo bo‘ylab genotsid, urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha adolatga erishish maqsadida Xalqaro jinoyat sudi bilan hamkorlik qilishga to‘sqinlik qilayotganini bildirgan.
Da’vogarlar nomidan ish yuritayotgan Foley Hoag LLP advokati Endryu Louenstaynning ta’kidlashicha, tashkilotlar sanksiyalar rejimini bekor qilishni talab qilmoqda. Uning fikricha, bu siyosat prezident vakolatlaridan oshib ketgan hamda AQSH va xalqaro qonunlarni, jumladan, so‘z va din erkinligi huquqlarini buzadi.
Mazkur da’vo inson huquqlari va Falastin masalalari bo‘yicha faoliyat yurituvchi boshqa tashkilotlar o‘tgan oy Tramp ma’muriyatiga qarshi bergan sud arizasidan keyin yuzaga kelgan. O‘sha ishga javoban AQSH Davlat departamenti ushbu tashkilotlar Xalqaro jinoyat sudi vakolatlarini haddan tashqari kengaytirishga imkon berishga urinayotganini bildirgan va sud AQSH suverenitetiga tahdid solishini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, Xalqaro jinoyat sudining 3 nafar sudyasi ham Tramp ma’muriyatining sanksiyalariga qarshi alohida sudga murojaat qilgan.
Ma’lumot uchun, Trampning Xalqaro jinoyat sudiga qarshi pozitsiyasi uning prezidentlikdagi birinchi muddatidan boshlangan. U 2020 yilda ham sudga qarshi sanksiyalar joriy etishni nazarda tutuvchi farmon chiqargan, biroq AQSH sudi mazkur choralarni to‘sib qo‘ygan. Sudya farmon Birinchi tuzatish bilan kafolatlangan huquqlarni buzishi mumkinligini bildirgan. Keyinchalik Jo Bayden ma’muriyati 2021 yilda ushbu farmonni bekor qilgan.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘tgan oy Vashington Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudini zaiflashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirishini ma’lum qilgan. U boshqa davlatlarni ham suddan chiqishga ko‘ndirishga qaratilgan diplomatik kampaniya olib borilishini bildirgan.
Rubioning ta’kidlashicha, Xalqaro jinoyat sudi Tramp ma’muriyatining qat’iy migratsiya siyosatini amalga oshirayotgan AQSH xodimlari, giyohvand moddalar olib ketayotganlikda gumon qilingan qayiqlarga qarshi zarbalarni amalga oshirayotgan harbiylar hamda boshqa AQSH harbiy xizmatchilari uchun tahdid tug‘diradi.
Tramp esa 31 iyul kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida Rubio bergan ma’lumotga munosabat bildirib, Xalqaro jinoyat sudiga qarshi kampaniya o‘zini emas, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va boshqa shaxslarni himoya qilishga qaratilganini aytgan.
Live
Barchasi