AQSHda vertolyot halokatga uchradi. Qurbonlar bor

Olam

image

AQSH armiyasining maxsus amaliyotida vertolyot halokatga uchrashi oqibatida 4 nafar harbiy vafot etdi. Bu haqda NBC News xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, halokat joriy yilning 17 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan 21:00 Vashington shtatining Lyuis–Makkord qo‘shma bazasi yaqinidagi qishloq hududida sodir bo‘lgan. Tungi missiyalarni bajaradigan guruhning 4 nafar a’zosi MH-60 Black Hawk vertolyoti qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Ularning barchasi AQSH havo desantidagi 160-maxsus aviatsiya polkining bir qismi bo‘lgan.

Shuningdek, Vashington tabiiy resurslar departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, halokat 1,25 gektarda kichik o‘rmon yong‘inini keltirib chiqargan. Yong‘in qisqa hududni qamrab olgani sabab o‘t o‘chirish uchun ko‘p texnika vositalari kerak bo‘lmagan.

“Ular armiya va maxsus operatsiyalarning eng yuksak qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan elita jangchilar edi va ularning qaxramonligi hech qachon unutilmaydi. Huquqni muhofaza qilish organlari, o‘t o‘chiruvchilar va qo‘shma bazaning maxsus xodimlari halokat joyida qutqaruv ishlarini olib bormoqda”, deydi AQSH armiyasining maxsus operatsiyalar qo‘mondoni, general-leytenant Jonatan Braga.

Ma’lumot uchun, bu so‘nggi yillarda AQSH armiyasining havodagi ikkinchi halokatidir. 2023 yilda harbiy tayyorgarlik doirasida havoda yoqilg‘i quyish missiyasi vaqtida Sharqiy O‘rta Er dengiziga vertolyot qulashi oqibatida besh nafar aviatsiya maxsus operatsiya harbiylari halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonning G‘or viloyatida “Tolibon” muvaqqat hukumatining konchilik va neft vaziri Hidoyatulloh Badriy hamda viloyat hokimi Hayotulloh Muborak bo‘lgan vertolyot qulab tushgan edi.

Bunyod Keldiboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh vertolyot Vashington MH-60 Black Hawk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing