AQSHda Ukrainadagi urush bo‘yicha rus talqini ustunlik qilmoqda – Zelenskiy
Olam
−
14 aprel
4262AQSH siyosiy rahbariyati Ukrainadagi urush voqealarining ruscha talqiniga quloq tutmoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 13 aprel kuni e’lon qilingan Amerikaning CBS telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Menimcha, afsuski, AQSHda rus talqini ustunlik qiladi. Qanday qilib bizning qurbonlarimiz va azoblarimiz guvohi bo‘lasiz, ruslar nima qilayotganini tushunasiz va shu bilan birga ular bosqinchilar emasligiga, bu urushni ular boshlamaganiga ishonasizmi? Bu Rossiyaning axborot siyosatining Amerikaga, AQSH siyosatiga va amerikalik siyosatchilarga katta ta’siridan dalolat beradi. Prezident Tramp kuchli davlatning kuchli prezidenti sifatida Ukraina tomonida bo‘lishi kerak. Menimcha, Amerikaning betaraf bo‘lishni istashi noto‘g‘ri”, dedi Ukraina Prezidenti
Zelenskiy AQSH Prezidenti Donald Trampga Ukraigaga kelishni taklif qilganini tasdiqladi.
“Keling va odamlarni, tinch aholini, askarlar, shifoxonalar, cherkovlar, o‘lgan yoki yaralangan bolalarni ko‘ring”, dedi u.
Ukraina Prezidenti AQSH jurnalistlari bilan birgalikda yaqinda Rossiya raketa zarbasi oqibatida 20 kishi, jumladan, to‘qqiz bola halok bo‘lgan Krivoy Rog shahridagi bolalar o‘yingohiga tashrif buyurdi. Suhbatning o‘zi shahar maktablaridan biridagi bomba panasida bo‘lib o‘tdi, u yerda darslar uchun sinf xonasi tashkil etilgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Krivoy Rogga hujum “Rossiyaga ishona olmasligimizni anglatadi”.
“Bu biz Rossiya bilan muzokaralarga ishona olmasligimizni anglatadi. Xalqimiz eng yuqori tovonni to‘lamoqda. Narx yuqoriroq bo‘lishi mumkin emas. Biz bor pulimizni berdik - moliyaviy jihatdan bor narsamiz. Lekin eng muhimi, biz xalqimizning hayotini berdik”, deydi u.
Zelenskiyning ishonchi komilki, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nafaqat Ukrainani, balki boshqa davlatlarni ham egallab olmoqchi.
“Qat’iy turmasak, u davom etadi. Bu shunchaki bo‘sh taxmin emas, tahdid haqiqat. Putinning asosiy maqsadi – Rossiya imperiyasini jonlantirish va hozir NATO himoyasida bo‘lgan hududlarni qaytarib olish. Bularning barchasini inobatga olgan holda, bu jahon urushiga aylanib ketishi mumkinligiga ishonaman”, deydi Prezident Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 aprel kuni ertalab Rossiya harbiylari Sumi shahriga ballistik raketa bilan hujum uyushtirgandi. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:00 ga kelib 34 qurbon, jumladan, ikki bola qayd etilgan. 117 kishi, jumladan, 15 bola tan jarohati oldi. Hujum yil boshidan beri eng ko‘p halokatli bo‘ldi. AQSH Milliy xavfsizlik kengashining rasmiy vakili Brayan Xyuz Sumi shahriga qurolli kuchlar tomonidan berilgan raketa zarbasi Ukrainadagi urushda tinchlik muzokaralari zarurligini “kuchli eslatib turishi”ni aytdi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham xuddi shunday fikr bildirdi.
LiveBarchasi