AQSHda “shatdaun” tufayli minglab aviareyslar kechiktirildi
Olam
−
08 Oktabr 2897 2 daqiqa
AQSHda hukumatning moliyaviy faoliyati to‘xtashi fonida aviadispetcherlik xizmatida xodimlar yetishmasligi minglab reyslarning kechikishi va bekor qilinishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda AQSH Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (FAA) ma’lumotlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, reyslarning kechikishi va bekor qilinishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan aeroportlar orasida Xyuston, Neshvill, Dallas, Chikagodagi O’Xara va Nyuark aeroportlari bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan 13 ming nafar aviadispetcher va 5 mingga yaqin Transport xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hukumat ishining to‘xtashi vaqtida o‘z vazifalarini bajarishda davom etishlari kerak, biroq ularga ish haqi to‘lanmayapti.
FlightAware reyslarni kuzatish xizmatiga ko‘ra, kecha, 7 oktyabr kuni 3 mingdan ortiq reys kechiktirilgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSHda hukumat faoliyati joriy yilning 1 oktyabridan to‘xtatilgandi. Bunga Kongressning byudjet bo‘yicha kelishuvga erisha olmagani sabab bo‘lgan. Ish to‘xtaganidan bir hafta o‘tib, senatorlar besh marotaba hukumatni qisqa muddatli moliyalashtirish haqidagi qonun loyihasini qabul qila olmadi.
Hukumat ishi to‘xtashi haftasiga 15 milliard dollarlik yo‘qotishlarga va davlat xizmatchilarining ommaviy ishdan bo‘shatilishiga olib kelishi mumkin. Shatdaunning dastlabki kunlarida ishlamayotgan amaldorlarga to‘lovlar uchun byudjet zaxiralari ishlatilgan – majburiy tanaffus davrida ish haqi to‘lash uchun 1,2 milliard dollar sarflangan.
“Shatdaun” (inglizcha shutdown – “o‘chirish”) – AQSHda Kongress tomonidan byudjet qabul qilinmagani sababli davlat idoralarining moliyaviy faoliyatining to‘xtab qolishini anglatadi.