AQSH yaqin orada yadroviy sinovlar o‘tkazadi – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSHda yaqin orada yadroviy sinovlarni qayta boshlash niyatini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 14 noyabr kuni Floridaga yo‘l olayotganida Air Force One bortida jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda so‘z ochdi.

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar yadroviy sinovlar o‘tkazadi, chunki boshqa davlatlar ham bunday sinovlar o‘tkazmoqda. “Reuters” agentligi qayd etishicha, Oq uy rahbari sinovlar yadroviy kallaklarni portlatishni o‘z ichiga oladimi-yo‘qmi, aniqlashtirmagan.

OAV vakillarining “AQSH yadroviy sinovlarni qachon o‘tkazadi?” degan savoliga Tramp: “Yaqin orada”, deb javob bergan. Shu bilan birga, respublikachi u yadroviy quroldan ozod bo‘lish (denuklearizatsiya) masalasida Rossiya va Xitoy bilan uchrashuv o‘tkazishni istashini ta’kidlab, yadroviy qurolsizlanishni bunday qurollar ustidan nazorat sohasidagi eng yaxshi yechim deb atagan. Trampning aytishicha, Rossiya va Xitoy to‘rt–besh yil ichida yadroviy arsenal bo‘yicha Qo‘shma Shtatlarga yetib olishi mumkin.

Donald Tramp yadroviy sinovlarni AQSHda qayta yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qarorini 29 oktyabr kuni e’lon qilgan, ammo ma’muriyat hanuzgacha gap yadroviy zaryadlarni portlatish haqida ketyaptimi-yo‘qmi, aniq tushuntirmagan.

“Rossiya sinovlar o‘tkazmoqda, Xitoy sinovlar o‘tkazmoqda, lekin ular bu haqda gapirmaydi. Men sinov o‘tkazmaydigan yagona davlat bo‘lishni istamayman”, degan edi AQSH Prezidenti noyabr boshida CBS News telekanalidagi “60 Minutes” dasturida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Urush vaziri Pit Hegset G‘arbiy yarimsharda narkoterroristlarga qarshi “Southern Spear” (Janubiy nayza) nomli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tramp yadroviy sinov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing