AQSH va Ukraina 1600 km masofaga ucha oladigan dron ishlab chiqdi

Olam

image

Amerikaning Auterion kompaniyasi AQSH Urush vazirligining Mudofaa innovatsiyalari bo‘limi homiyligida Ukraina bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Artemis ALM-20 uzoq masofali dronini namoyish qildi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dron 40 kg portlovchi moddalarni olib yurishi va 1600 km masofadagi ob’ektlarni nishonga olishi mumkin. U Skynode N bort kompyuteri va sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan vizual navigatsiya tizimi bilan jihozlangan. Kompaniyaning xabar berishicha, ushbu texnologiya qurilmaga relef bo‘ylab harakatlanish va hatto GPS nosozliklari paytida ham yuqori aniqlik bilan nishonlarni urish imkonini beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Auterion’ning loyihadagi hamkori ukrainalik ishlab chiqaruvchi bo‘lib, xavfsizlik nuqtai nazaridan uning nomi sir tutilmoqda. Artemis’ning dizayni Eronning Shahed hujumchi dronini eslatadi. Dron sinovlari Ukrainada o‘tkazilgan va yerga uchirish, yo‘qolgan GPS bilan navigatsiya, uzoq masofali parvozlar va nishonga olishni o‘z ichiga olgan. Muvaffaqiyatli sinovlardan so‘ng tizim ittifoqdosh davlatlarning Qurolli kuchlariga ham taklif qilingan. Ishlab chiqarish liniyalari allaqachon AQSH, Ukraina va Germaniyada tashkil etilmoqda. 

Auterion bosh direktori Lorens Mayerning aytishicha, dasturiy ta’minotga asoslangan o‘zini o‘zi boshqarish xavfsizlikni ta’minlash tizimini yangi bosqichga olib chiqadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Artemis loyihasi ommaviy ishlab chiqarish va tezkor qo‘llash uchun yaratilgan bo‘lib, keng ko‘lamli hamda bardoshli avtonom zarba tizimlarini yaratish imkonini beradi. Auterion ochiq va jangovar tasdiqlangan dasturiy ta’minotdan foydalanadi, bu yangi tizimlarning yagona mudofaa tarmog‘iga moslashishi va integratsiyasini ta’minlaydi.

Kompaniyaga ko‘ra, Artemis “qora quti emas, balki kengaytiriladigan platforma” bo‘lib, u turli ehtiyoj va vazifalarga moslab ishlab chiqilishi mumkin. Ukrainaning “Defense Express” loyihasi tahlilchilari yangi dronni “fenomenal” deb atagan. 

“Bu ommaviy ishlab chiqarilayotgan, avtonom va uzoq masofaga uchuvchi dron bo‘lib, uning samaradorligi Rossiyaga qarshi haqiqiy zarbalar davomida allaqachon isbotlangan”, deydi kompaniya vakillari. 

Loyiha doirasida “Azov” maxsus kuchlarining 12-brigadasi joriy yilning mart oyida kichikroq Artemis modellarini jangovar sinovdan o‘tkazgan. Yangi dronning zarba berish radiusida kamida 1655 ta Rossiya harbiy ob’ekti , jumladan Saratov viloyatidagi Engels-2 strategik bombardimonchi bazasi va Tatariston yaqinidagi Alabugadagi hujumkor dron zavodi joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada 120 kilometrgacha nishonni topib, hujum qiladigan dron namoyish etilgandi. Dron “havo mina maydoni” sifatida ishlashga va havoda taxminan 80 daqiqa navbatchilik qilishga qodir. Uning ko‘tarilish massaci 13,5 kilogramm, parvoz va hujum tezligi soatiga 108–300 kilometrni tashkil etadi.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Azov Auterion

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing