AQSH va Meksikaga boradigan o‘zbekistonlik muxlislar ogohlantirildi

Sport

image

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati davomida AQSH va Meksikaga safar qiladigan o‘zbekistonlik muxlislarga qator tavsiyalar bilan murojaat qildi.

Vazirlikning bildirishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor mundialda ishtirok etishi sababli xorijga yo‘l oladigan vatandoshlar soni sezilarli darajada oshishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolarga mezbon davlatlarning viza, migratsiya va kirish-qoidalari bilan oldindan tanishish, barcha zarur hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish tavsiya etilgan.

TIV safar davomida pasport va boshqa muhim hujjatlarning asl nusxalari hamda ularning elektron va qog‘oz ko‘chirmalarini saqlash, mahalliy qonunchilik va jamoat tartibi qoidalariga qat’iy rioya qilish muhimligini eslatgan.

Shuningdek, muxlislarga harakatlanish yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirish, faqat rasmiy transport va axborot xizmatlaridan foydalanish, gavjum joylarda ehtiyotkor bo‘lish hamda ruxsat etilmagan ommaviy tadbirlarda qatnashmaslik tavsiya qilingan.

Favqulodda vaziyatlar, hujjatlarni yo‘qotish yoki boshqa muammolar yuzaga kelgan taqdirda mahalliy tezkor xizmatlarga va O‘zbekistonning AQSHdagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilish lozimligi qayd etilgan.

Vazirlik xorijda bo‘ladigan barcha o‘zbekistonliklarni milliy terma jamoani munosib qo‘llab-quvvatlashga, mezbon mamlakatlarning qonunlari, madaniyati va an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirgan.

TIVga ko‘ra, Jahon chempionati kabi yirik xalqaro musobaqalar davrida O‘zbekiston va uning fuqarolariga bo‘lgan e’tibor ortadi. Vazirlik fuqarolarning xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari doimiy nazoratda ekanini hamda zarur hollarda konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonlik futbol muxlislarining yarmidan ko‘pi Jahon chempionatiga tashrif buyurish uchun AQSH vizasini olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing