AQSH va Eron muzokaralarining birinchi raundi yakunlandi
Olam
−
22 iyun 2912 2 daqiqa
Qatar va Pokiston AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi yakunlanganini e’lon qildi.
Shveysariyaning Burgenshtok shahrida bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi muzokaralarning birinchi raundi yakunlandi. Unda Eron Islom Respublikasi, AQSH va vositachi tomonlar – Qatar hamda Pokiston vakillari ishtirok etdi.
Tomonlar AQSH va Eron o‘rtasida 60 kun ichida kelishuvlarga erishish bo‘yicha yo‘l xaritasini kelishib olgan. Shuningdek, muzokara jarayonini nazorat qilish uchun maxsus qo‘mita tuzishga kelishilgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi muzokaralarda Qatar va Pokiston vositachiligi tufayli Eron neft eksportiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilingani, bir qator aktivlar muzlatishdan chiqarilgani va Eronni tiklash bo‘yicha reja ishga tushirilganini aytgan.
Shuningdek, tomonlar kelishmovchiliklarning oldini olish va xavfsiz aloqa uchun maxsus aloqa liniyasini yaratishga kelishib olgan. Bu, jumladan, Hormuz bo‘g‘ozi orqali tijorat kemalarining xavfsiz harakatini ta’minlash uchun ham xizmat qiladi.
Avvalroq, Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili muzokaralarda “yaxshi taraqqiyot” borligini aytgan edi. Tomonlar muzokaralarda ilgari kelishilgan majburiyatlarni bajarish masalasini muhokama qilmoqda. Ular orasida o‘t ochishni to‘xtatish, harbiy keskinlikni kamaytirish, Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini tiklash va dengiz blokadasini bekor qilish kabi bandlar bor.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eron delegatsiyasi AQSH Prezidenti Donald Trampning tahdidli bayonotlaridan so‘ng Shveysariyada o‘tayotgan muzokaralar joyini tark etgandi. Biroq “Axios” jurnalisti Barak Ravid ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar hanuz davom etmoqda. TASS manbasi esa Eron delegatsiyasi muzokaralar zalini tark etganini, ammo uchrashuv rasman yakunlanmaganini bildirgan.
Live
Barchasi