AQSH Ukrainaga kafolatlarni faqat bitimdan so‘ng bermoqchi – “Politico”

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Yevropa Ittifoqidagi hamkorlariga Vashington Ukrainaga qandaydir xavfsizlik kafolatlarini faqat tinchlik bitimi imzolangandan keyingina berishga rozi bo‘lishini aytdi. Bu haqda yevropalik diplomat va muzokaralar mazmunidan xabardor shaxsga tayanib, kecha, 26 noyabr kuni “Politico” onlayn-nashri xabar berdi.

Manbalarning aytishicha, bunday shart AQSH tomonidan o‘tgan hafta Kiyevga yuborilgan takliflarda ham mavjud bo‘lgan.

Nashrda ta’kidlanishicha, Ukraina G‘arb tomonidan berilgan xavfsizlik kafolatlarini Rossiya bilan tinchlik bitimi tuzish uchun asosiy shart deb hisoblaydi. Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Donald Tramp go‘yoki “bitim imzolanmaguncha Ukraina rahbarini Oq uyga taklif qilmasligini” bildirgani ham yoziladi.

Materialda qayd etilishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatidan kelayotgan signallar “ko‘p qirrali”dir. “Politico” ma’lumotlariga ko‘ra, 25 noyabrda Yevropa vakillari bilan telefon orqali suhbat chog‘ida Marko Rubio Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari Tramp ma’muriyati uchun ustuvor ahamiyatga ega ekani va ular tinchlik bitimining boshqa bandlaridan alohida, allaqachon kelishilgan nuqtalardan tashqarida muhokama qilinayotganini aytgan.

“AQSH barcha shartlarni tezda yagona paket sifatida qabul qilishni istamoqda”, deydi yevropalik diplomat.

Bundan tashqari, Davlat kotibi Yevropa vakillari bilan suhbatda tinchlik kelishuvi bilan bog‘liq boshqa masalalarga ham umumiy tarzda to‘xtalgan. Manbaga ko‘ra, bu masalalar Ukraina hududiy yaxlitligi va Rossiyaning muzlatilgan aktivlariga taalluqli bo‘lgan.

Jurnalistlar so‘zlariga ko‘ra, ayrim Yevropa davlatlari Tramp ma’muriyatining pozitsiyasi Rossiya foydasiga og‘ishi mumkinligidan xavotirda.

“Inson huquqlari, gumanitar huquq, xalqaro huquq yoki tamoyillar haqida bir og‘iz ham so‘z yo‘q. Bu Yevropa xavfsizligining yangi, ammo teshiklarga to‘la arxitekturasini yaratyapti”, deydi nashr qahramoni bo‘lgan diplomat.

Eslatib o‘tamiz, 25 noyabr kuni Ko‘ngillilar koalitsiyasining onlayn yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, yetakchilar Prezident Donald Trampning urushni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlagan va har qanday yechimda to‘liq Ukrainani jalb qilish, uning suverenitetini saqlash, sulh BMT Nizomi tamoyillariga muvofiq bo‘lishi va uzoq muddatli xavfsizlikni kafolatlashi kerakligi aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Ukraina kafolat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing