AQSH Ukrainadagi USAID xodimlarini ishdan bo‘shatmoqchi
Jamiyat
−
25 may 3586 2 daqiqa
AQSH hukumati joriy yilning 1 iyul kunidan boshlab Ukrainadagi AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning bir qator xodimlarini rasman ishdan bo‘shatadi. Bu haqda AQSH davlat xaridlari portalidagi hujjatlarga tayanib, TASS xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, ishdan bo‘shatilayotganlar, asosan, gumanitar dasturlar bo‘yicha faoliyat yuritayotgan xodimlar hisoblanadi. Ulardan ba’zilari AQSH Prezidenti Donald Tramp so‘nggi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongach ishga olingan. Hujjatlarda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha katta maslahatchi, global sog‘liqni saqlash xavfsizligi bo‘yicha texnik maslahatchi, donorlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maslahatchi, gumanitar dasturlar bo‘yicha katta tahlilchi, Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi kurashish byurosiga ishga qabul qilishda onlayn test sinovlari bo‘yicha mutaxassislar borligi qayd etilgan. Biroq bo‘shatilayotgan xodimlarning ismlari oshkor etilmagan.
Shuningdek, turli muddatlarga tuzilgan mehnat shartnomalarining qiymati ham keltirilgan. Eng qimmat shartnoma kommunikatsiyalar bo‘yicha katta maslahatchi – PR mutaxassisi bilan tuzilgan bo‘lib, uning qiymati 455 ming dollarni tashkil etgan.
“Ishning so‘nggi kuni va yangi tahrirdagi shartnomaning amaldagi muddati – 2025 yil 1 iyul ”, deyiladi hujjatlarda.
Ushbu asosda ishdan bo‘shatilgan xodimlar kompensatsiya olishlari mumkin, ammo to‘lov shartlari har bir holatda alohida tartibda belgilanishi nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) barcha xodimlari joriy yilning sentyabr oyigacha ishdan bo‘shatilishi, xorijdagi ofislar esa yopilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi