AQSH shaharlari FIFA’dan va’da qilingan millionlab dollarlarni talab qilmoqda

Sport

image

2026 yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik qilgan AQSH shaharlari FIFA tomonidan va’da qilingan, ammo haligacha to‘lanmagan millionlab dollar mablag‘larni talab qilmoqda. Bu haqda “The Athletic” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 2025 yil AQSHda bo‘lib o‘tgan klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati oldidan FIFA prezidenti Janni Infantino mamlakatning 11 ta mezbon shahrining har biriga 1 million dollardan ajratilishini ma’lum qilgan.

Uning ta’kidlashicha, ushbu mablag‘ mini-futbol maydonlari qurish va mahalliy ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan “meros dasturi”ning bir qismi bo‘lishi kerak edi.

Shundan so‘ng 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan shaharlar ham xuddi shunday moliyaviy yordam olishlariga ishongan. Ayniqsa, ular 39 kun davomida bir nechta o‘yinga mezbonlik qilish kabi ancha katta xarajatlarni zimmasiga olganini ta’kidlamoqda.

Ismini oshkor etmaslik sharti bilan gapirgan to‘rt nafar tashkiliy qo‘mita rahbarining so‘zlariga ko‘ra, FIFA rasmiylari ularga bir necha bor har bir shahar 1 million dollardan olishini og‘zaki ravishda tasdiqlagan. Biroq, bu va’da hech qachon omma oldida rasman e’lon qilinmagan va mablag‘lar hamon o‘tkazilmagan.

2026 yilgi mundialga AQSHning Sietl, San-Fransisko ko‘rfazi hududi, Los-Anjeles, Dallas, Xyuston, Kanzas-Siti, Atlanta, Filadelfiya, Nyu-York, Mayami va Boston shaharlari mezbonlik qiladi.

“The Athletic”ning yozishicha, ayrim shaharlar FIFA xodimlari bilan bog‘lanib, va’da qilingan to‘lovlar bo‘yicha izoh so‘ragan. Shu bilan birga tashkilot nashrning rasmiy so‘roviga munosabat bildirishdan ham bosh tortgan.

Vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan jihat shundaki, ba’zi tashkiliy qo‘mitalar turnirdan keyin o‘z faoliyatini tugatgan. Shu bois endi mablag‘ kimga o‘tkazilishi kerakligi ham noaniqligicha qolmoqda. Ayrim shaharlar esa mahalliy hokimiyat uchun moliyaviy hisobot tayyorlar ekan, ushbu mablag‘ni kutilgan daromad sifatida kiritish yoki kiritmaslik masalasida ikkilanmoqda.

Nashrga ko‘ra, FIFA 2023-2026 yillar sikli uchun 15 milliard dollardan ortiq daromad kutayotgan bir paytda, mezbon shaharlarga nisbatan berilgan nisbatan kichik moliyaviy va’dalarning bajarilmayotgani savollar uyg‘otmoqda.

Tashkilotning 2026 yilgi Jahon chempionati uchun operatsion byudjeti taxminan 2,7 milliard dollarga baholangan.

Ayni paytda Janni Infantino FIFA’ning tijorat huquqlaridagi ulushni sotish rejasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin UEFA va boshqa futbol tashkilotlari tanqidiga ham duch kelmoqda. Endi esa AQSH shaharlariga berilgan moliyaviy va’dalar bajarilmagani haqidagi da’volar unga nisbatan bosimni yanada kuchaytirishi mumkin.

Manba ta’kidlashicha, 2026 yilgi Jahon chempionati xarajatlarining katta qismi amerikalik soliq to‘lovchilar zimmasiga tushgan. Xavfsizlik, transport, logistika va boshqa tashkiliy ishlar uchun milliardlab dollar sarflangan. FIFA esa chiptalar, telehuquqlar, homiylik shartnomalari, savdo va avtoturargohlardan tushgan asosiy daromadni olgan.

Masalan, Kanzas-Siti tashkiliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, shahar va shtat hokimiyatlari turnirga tayyorgarlik uchun jami 86,8 million dollar davlat mablag‘ini ajratgan. Bu mablag‘ xususiy sarmoyalarni o‘z ichiga olmaydi.

Bundan tashqari, shaharlar VIP yo‘laklar tashkil etish, qo‘shimcha politsiya xizmati, FIFA talab qilgan “toza stadionlar”ni yaratish hamda Nyu-Yorkdagi “MetLayf” stadioni maydonini final bahsi uchun yangilashga qo‘shimcha 13 million dollar sarflagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA 2025 yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etmagan jamoalarga va’da qilingan 250 million dollarlik birdamlik to‘lovlarini haligacha o‘tkazmaganni haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing