AQSH Rossiyaning qo‘shnilariga harbiy yordamni to‘xtatmoqchi – FT
Olam
−
05 Sentabr 2025 8539 2 daqiqa
AQSH Rossiya bilan chegaradosh davlatlarning armiyalariga xavfsizlik sohasida yordam ko‘rsatishni to‘xtatadi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, o‘tgan hafta Pentagon Yevropa diplomatlariga Vashingtonning Sharqiy Yevropa davlatlarining qurolli kuchlarini o‘qitish va jihozlash dasturlarini moliyalashtirishni to‘xtatish qarori haqida ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, dastur bo‘yicha mablag‘ ajratilishi Kongress tasdig‘ini talab qiladi, AQSH ma’muriyati esa bu maqsadlar uchun qo‘shimcha so‘rov yubormagan. Avval tasdiqlangan mablag‘lar kelgusi yilning sentyabr oyigacha mavjud bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH 2018 yildan 2022 yilgacha Yevropa davlatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,6 milliard dollar yo‘naltirgan. Yordamni asosan Estoniya, Latviya va Litva olgan.
Oq uyning izoh berishicha, mazkur qaror Yevropadagi hamkorlar bilan kelishilgan bo‘lib, Yevropaning “o‘z mudofaasi uchun ko‘proq mas’uliyatni zimmasiga olishi”ga qaratilgan. Shu bilan birga, “Financial Times” manbalarining bildirishicha, Yevropa hukumatlari bu qadamdan hayratda qolgan.
Nashr suhbatdoshlaridan birining taxmin qilishicha, AQSH shu tariqa YeIning boyroq davlatlarini xavf ostida bo‘lgan mamlakatlar xavfsizligini mustaqil ravishda moliyalashtirishga undamoqchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa rahbarlari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan mamlakatining xavfsizlik kafolatlari yuzasidan o‘tkazilgan uchrashuvlarda Rossiyaning Ukrainaga nisbatan yangi hujum boshlashi ehtimoli borligidan tashvish bildirgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi