AQSH razvedkasi Eronning qulashiga ishonmayapti – OAV
Olam
−
10:41 3602 2 daqiqa
Amerika razvedkasi Eron ustidan amalga oshirilgan zarbalar hukumatni qulashiga olib kelmaganini aniqladi. Isroillik manba bu uchun yer usti operatsiyasi zarurligini ta’kidladi. Bu haqda AQSH razvedkasining uch manbasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Eron hukumati pozitsiyalari AQSH va Isroil bilan ikki haftalik urush davomida barqaror bo‘lib qolgan va yaqin kelajakda qulash xavfi yo‘q.
Ko‘plab razvedka hisobotlarida “rejim qulash xavfida emas” va u “Eron aholisini nazorat qilmoqda” degan izchil tahlillar keltirilgan, deydi manbalardan biri. Oxirgi shunday xulosa qiluvchi hisobot yaqinda taqdim etilgan.
Shuningdek, Isroilning yuqori martabali rasmiylari ham Eron rejimi tez orada qulashiga ishonch yo‘qligini tan olgan. Agentlik manbalari shuni qo‘shimcha qiladiki, vaziyat hududlarda o‘zgaruvchan va Eron ichidagi dinamika kelajakda o‘zgarishi mumkin.
Isroillik manbaning ta’kidlashicha, Tel-Aviv Eron hukumati mavjud rejimni saqlab qolishiga yo‘l qo‘ymoqchi emas. Uning aytishicha, hukumatni almashtirish uchun yer usti operatsiyasi talab qilinadi.
28 fevral kuni Eron hududiga zarbalar berilgach va “Epik g‘azab” harbiy operatsiyasi boshlanganidan so‘ng, AQSH Prezidenti Donald Tramp uning maqsadi – Eron rejimidan keladigan xavflardan Amerika xalqi va uning ittifoqchilarini himoya qilish, deb ma’lum qilgan. Zarbalar davomida AQSH va Isroil mamlakatning harbiy-siyosiy boshqaruv ob’ektlariga ko‘plab hujumlar amalga oshirgan.
Urush boshidan beri Vashington Eron hududida yer usti harbiy operatsiyasini o‘tkazish imkoniyatini istisno qilmaydi. Tramp aytganidek, Tehronga qarshi operatsiya to‘rt hafta davom etishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSH Eronga qarshi urushda birinchi soatning o‘zida g‘alaba qozonganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy operatsiya davomida AQSH qo‘shinlari Eronning 58 ta harbiy kemasini yo‘q qilgan va Islom Respublikasining harbiy imkoniyatlariga jiddiy zarba bergan.