AQSH Qrimning noqonuniy bosib olinishini hech qachon tan olmaydi – Blinken
Olam
−
24 avgust 2023 4599 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya tomonidan Qrimning noqonuniy anneksiya qilinganini hech qachon tan olmaydi va Qrim platformasi kabi vositalar orqali Ukrainaning bosib olingan hududlar ustidan nazoratni qaytarib olishini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda kecha, 23 avgust kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevda ish boshlagan Uchinchi xalqaro Qrim platformasi sammiti ishtirokchilariga murojaatida ma’lum qildi.
Blinkenning aytishicha, o‘tgan 18 oy davomida ukrainaliklar Rossiya bosqinchilari tomonidan sodir etilgan vahshiyliklarga qarshi favqulodda chidamlilik va qat’iyat ko‘rsatgan.
“Dunyodagi hukumatlar va xalqlar, shu jumladan AQSH ham Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi asosidagi suverenitet, mustaqillik, hududiy yaxlitlik kabi tamoyillarni himoya qilish uchun Ukraina tomonida turadi”, deya ta’kidladi Davlat kotibi.
Blinkenning qo‘shicha qilishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi 2014 yilda Qrimning anneksiya qilinishi bilan boshlangan.
“Qrim – bu Ukraina. Biz Rossiyaning uni anneksiya qilishga noqonuniy urinishini hech qachon tan olmaymiz. Xalqaro hamjamiyat Qrim platformasi orqali Ukrainaning butun hududi, jumladan Qrim ustidan nazoratini tiklashni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Biz esa butun dunyo mamlakatlari bilan birgalikda BMT Nizomi asosidagi tamoyillarni qo‘llab-quvvatlaydigan adolatli va mustahkam tinchlikka erishish yo‘lida ishlashda davom etamiz”, degan Blinken.
Ma’lumot uchun, kecha, 23 avgust kuni Kiyevda Qrim platformasining xalqaro sammiti o‘z ishini boshlagan. Bu sammit ishtirokchilar sonini ko‘paytirish maqsadida gibrid formatda o‘tkazilayotgan uchinchi uchrashuvdir. Ukraina Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Emine Japarovaning so‘zlariga ko‘ra, bu yil forumda 64 davlat hukumat rahbarlari ishtirok etmoqda. Bugun, 24 avgust kuni sammit ishtirokchilari Qrim yarim orolining kelajagi va Qora dengizdagi xavfsizlik muammosini muhokama qiladi. Bu yil forumda Qrimning urushdan keyingi Ukrainaga reintegratsiyasi masalasi birinchi marta ko‘rib chiqiladi.
Live
Barchasi