AQSH 19 davlatdan immigratsiya arizalarini ko‘rib chiqishni to‘xtatdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Vashington milliy xavfsizlikka tahdid, deb hisoblagan 19 davlat fuqarolarining barcha immigratsiya arizalarini ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqdagi memorandum kecha, 2 dekabr kuni AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati tomonidan e’lon qilindi. 

Cheklovlar asosan Yaqin Sharq va Afrikada joylashgan mamlakatlarga taalluqli: Eron, Sudan, Liviya, Eritreya, Gaiti, Somali, Yaman, Afg‘oniston, Turkmaniston, Chad Respublikasi, Togo, Serra-Leone, Ekvatorial Gvineya, Burundi, Kongo Respublikasi, Myanma, Laos, Kuba va Venesuela.

“Endi ushbu mamlakatlardan biri fuqarosi yoki u yerda tug‘ilgan shaxs AQSHda doimiy yashash huquqi (grin-karta) yoki fuqarolik olishni istasa, milliy xavfsizlikka oid barcha ehtimoliy tahdidlarni to‘liq baholash uchun bir yoki ikki marta suhbatni o‘z ichiga olgan qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tishi shart”, deyiladi hujjatda.

AQSH rasmiylari, shuningdek, ilgari maqbul deb topilgan doimiy rezidentlik arizalarini, grin-kartani yangilash bo‘yicha murojaatlarni va migratsion maqomga oid boshqa hujjatlarni ham qayta tekshirishini ma’lum qildi.

Oq uy yaqinidagi otishma ortidan choralar kuchaytirildi.

Bundan oldin AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati barcha boshpana so‘rash arizalari va deportatsiyani to‘xtatish to‘g‘risidagi iltimoslarni fuqarolikdan qat’i nazar “kompleks tekshiruv tugallanguncha” vaqtincha to‘xtatgan edi.

Bu choralar 2025 yil 26 noyabrda Vashingtondagi Oq uy yaqinida sodir bo‘lgan otishmaga javob sifatida joriy etildi. Milliy gvardiyaning ikki harbiysiga Afg‘onistondan kelgan Rahmanullo L. o‘q o‘zgan. Ulardan biri shifoxonada vafot etgan, ikkinchisi og‘ir ahvolda qolmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rahmanullo L. 2021 yilda Afg‘onistondan AQSHga kirib kelgan. U o‘z vatanida AQSH maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgani uchun “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritganidan keyin Amerikaga ko‘chib o‘tish huquqini olgan. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, u 2024 yilda boshpana so‘rab murojaat qilgan va 2025 yil boshida unga maqbul javob berilgan.

Donald Tramp bu hodisani “dahshatli” deb atadi va Bayden prezidentligi davrida Afg‘onistondan AQSHga kirgan barcha xorijliklar qayta tekshirilishini ma’lum qildi. Shuningdek, u AQSH “bu yerda bo‘lishi tegishli bo‘lmagan har qanday chet el fuqarosini deportatsiya qilish uchun zarur choralarni ko‘radi”, deb ta’kidladi. Biroq AQSH OAV yozishicha, Rahmanullo L.ning boshpana so‘rovi aynan Trampning ikkinchi inauguratsiyasidan keyin qondirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh immigratsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing