AQSH harbiylari Iroqni qachon tark etishi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
02 iyul 6374 2 daqiqa
AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya o‘z vazifalarini bajarib, 2026 yil kuzi boshida Iroqdagi missiyasini yakunlaydi. Bu haqda Iroq Bosh vaziri Muhammad as-Sudaniy ma’lum qildi.
“Xalqaro koalitsiya missiyasi 2026 yil sentyabr oyida yakunlanadi”, dedi as-Sudaniy.
Uning ta’kidlashicha, hozirda Iroq hukumati koalitsiya tarkibidagi davlatlar bilan xavfsizlik sohasida ikki tomonlama munosabatlarga o‘tish masalasida muzokaralar olib bormoqda. As-Sudaniy, shuningdek, AQSH bilan Bag‘dod va Vashingtonda bu doirada ikki marotaba muzokaralar o‘tkazilganini va yaqin kelajakda Iroq konstitutsiyasiga muvofiq yangi xavfsizlik munosabatlarini belgilash maqsadida uchinchi raund ham bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, 2014 yil yozida ISHID terrorchilik guruhi Iroq hududining uchdan bir qismini egallab olgandi. 2015 yilda xalqaro koalitsiya ko‘magida Iroq hukumati kuchlari ekstremistlar egallab olgan hududlarni ozod qilish uchun keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlagan. 2017 yil dekabrida Iroqning o‘sha paytdagi bosh vaziri Haydar al-Abadiy ISHIDning to‘liq tor-mor etilganini e’lon qilgandi.
2020 yil 5 yanvarda Iroq parlamenti barcha xorijiy qo‘shinlarni mamlakatdan to‘liq chiqarish talabini o‘z ichiga olgan rezolyutsiyani qabul qilgan. 2021 yilda esa Iroq hukumati mamlakatdagi AQSH qo‘shinlari soni 2,5 ming nafardan oshmasligini bildirgan. 2021 yil 22 dekabrda Iroq Qurolli kuchlari Bosh shtabi xalqaro koalitsiyaning harbiy qo‘shinlarini Iroqdan olib chiqish jarayoni yakunlanganini ma’lum qilgan, ammo harbiy maslahatchilar sifatidagi birlik saqlanib qolgan.
2024 yil 17 sentyabrda as-Sudaniy AQSH qo‘shinlarining Iroqda qolishiga endilikda ehtiyoj yo‘qligini ta’kidlab, ularni chiqarish bo‘yicha grafik tez orada e’lon qilinishi kerakligini aytgan. 2025 yil oxirigacha koalitsiya o‘z vazifalarini bajarishi ehtimoldan holi emasligi haqidagi bayonotni esa 2024 yil 4 fevralda Iroq Prezidenti Abdul Latif Rashid bergan. Uning ta’kidlashicha, xorijiy qo‘shinlarni chiqarish muddatlari ikki tomonlama kelishuv asosida belgilab olinadi.
Live
Barchasi