AQSH harbiy kemasi Yamandan uchirilgan 14 ta dronni yo‘q qildi

Olam

image

Kecha, 16 dekabr kuni erta tongda AQSH harbiy-dengiz kuchlarining USS Carney (DDG64) esminetsi Qizil dengizda Yamanning husiylar nazorati ostidagi hududlaridan uchirilgan 14 ta dronni yo‘q qildi. Bu haqda xuddi shu kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

"Ushbu uchuvchisiz apparatlar bir tomonlama hujumchi uchuvchisiz samolyotlar sifatida baholandi va hududdagi kemalarga zarar yetkazilmagan holda va qurbonlarsiz urib tushirildi. Qizil dengizdagi mintaqaviy hamkorlar xavf haqida ogohlantirildi", deyiladi CENTCOM xabarida.

Qayd etish joziki, Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashishi fonida husiylar Qizil dengizdagi savdo kemalariga bir necha bor hujum qilgan. Ushbu hujumlar ortidan ikkita yuk tashish kompaniyasi – Mediterranean Shipping Company (Shveysariya) va CMA CGM (Fransiya) – 16 dekabr kuni Qizil dengiz va Arab dengizidagi Adan ko‘rfazini bog‘laydigan Bob al-Mendeb bo‘g‘ozi orqali o‘z kemalarini yuborishni vaqtincha to‘xtatishlarini e’lon qildi. Avvalroq xuddi shunday qaror Germaniyaning Hapag-Lloyd yuk tashish kompaniyasi va dunyodagi eng yirik konteyner tashuvchi bo‘lgan Daniyaning Maersk kompaniyasi tomonidan ham qabul qilingan.

Biroq, Hapag-Lloyd’ning tushuntirishicha, cheklov 18 dekabrgacha amalda qoladi, shundan so‘ng transport harakati qayta tiklanishi kerakligi haqida qaror qilinadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, husiylarning hujumlari fonida kecha, 16 dekabr oqshomida AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Yaqin Sharqqa safarga otlangan. Bu safar davomida u Isroil, Bahrayn va Qatarga tashrif buyurish niyatida. Ostinning ijtimoiy tarmoqdagi bayonotiga ko‘ra, ushbu turning maqsadi "AQSHning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga sodiqligini ta’kidlash".

15 dekabr kuni Pentagon matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, Mudofaa vazirining Bahraynga tashrifi chog‘ida “AQSHning dengiz va jahon iqtisodiyotiga tahdid solayotgan dengiz tajovuziga javob berish uchun ko‘p tomonlama koalitsiyalarni yaratish harakatlari” muhokama qilinadi. 

“Biz ular bilan (Bahrayn rasmiylari) ko‘p millatli formatda, ayniqsa, Qizil dengizda husiylarning tajovuzi kuchayib borayotgani munosabati bilan olib borayotgan ishimiz haqida gaplashamiz”, deyiladi AQSH mudofaa vazirligi bayonotida.

Ostinning Isroil harbiy rahbarlari bilan muzokaralari mavzusi esa intensiv quruqlikdagi amaliyotlar va havo hujumlari to‘xtatilishi mumkin bo‘lganidan keyin HAMASga qarshi urushda keyingi qadamlar bo‘lishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Yaman husiylar Qizil dengiz USS Carney

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing