Adiz Boboyev Samarqand hokimi lavozimiga tasdiqlandi
Jamiyat
−
25 noyabr 7216 2 daqiqa
Bir yildan beri Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Adiz Boboyev viloyat hokimi etib tasdiqlandi. Bugun, 25 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Urgut tumanida bo‘lib o‘tayotgan Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida uning nomzodi deputatlar tomonidan tasdiqlandi.
“Biz yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, iqtisodiyotni barqaror o‘stirish orqali aholi farovonligini oshirish bo‘yicha katta-katta marra va rejalarni olayapmiz. Bu ishlarni tashkil qilish uchun viloyatga zamonaviy fikrlaydigan, muammolarni tizimli tahlil qilib, innovatsion yechim bera olishga salohiyatli rahbar kerak”, dedi davlat rahbari.
Prezident Samarqand viloyati hokimi lavozimiga Adiz Boboyev nomzodini tavsiya etdi.
Viloyat faollarining nomzod haqidagi fikrlari tinglangach, viloyat hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Adiz Boboyev viloyat hokimi etib tasdiqlandi.
Prezident yangi hokimga u ish o‘rni yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksportni ko‘paytirish, tannarxni kamaytirish va energiya tejamkorlikni oshirish bo‘yicha Samarqandni namunali hududga aylantirishi shartligini ko‘rsatib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Adiz Boboyev 1972 yilda tug‘ilgan. U Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Buxoro viloyati moliya boshqarmasida 1-toifali iqtisodchi, monopoliyaga qarshi va narx siyosati bo‘limi yetakchi iqtisodchisi bo‘lib, shuningdek, boshqa lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi Ijroiya boshqarmasi daromadlarni prognozlash boshqarmasi boshlig‘i, Davlat byudjeti bosh boshqarmasining jamlanma byudjet daromadlarini rejalashtirish va tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va Moliya vazirligi tuzilmasidagi boshqa lavozimlarda ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 28 noyabrda Adiz Muzaffarovich Boboyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga muvofiq, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.