Ahmad ash-Shara Rossiyaga yetib bordi

Olam

image

Bugun, 15 oktyabr kuni Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara Rossiya poytaxti Moskvaga yetib bordi. Bu haqda Suriya diplomatik manbasiga tayanib, TASS xabar berdi.

“Ahmad ash-Shara Moskvaga uchib keldi”, deydi TASS manbasi.

Bungacha Kreml matbuot xizmati bugun, 15 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiyada birinchi ishchi tashrif keladigan Suriya muvaqqat prezidenti bilan muzokaralar o‘tkazishi haqida xabar bergan. Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda Rossiya – Suriya munosabatlarining hozirgi holati hamda rivojlanish istiqbollarini, shuningdek, Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealarni muhokama qilishni rejalashtirgan.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, ikki mamlakat rahbarlari Suriyadagi Rossiya harbiy bazalari masalasini ham muhokama qiladi. Shuningdek, joriy yilning 13 oktyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov arab mamlakatlari jurnalistlari bilan uchrashuvda Damashq Rossiya harbiy bazalarining Suriyada qolishidan manfaatdor ekanini, biroq yangi sharoitda ular yangi vazifalarga moslashtirilishi mumkinligini bildirgan.

Moskva va Damashq aloqalari

2024 yil oxirida Suriyada hokimiyat almashganidan so‘ng Moskva va Damashq o‘rtasidagi ilk oliy darajadagi aloqa fevral oyida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Putin va ash-Shara telefon orqali muloqot qilib, Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgan edi. Rossiya rahbari o‘sha paytda Moskva “Suriya davlatining suvereniteti va hududiy yaxlitligi” tamoyiliga sodiq qolishini ta’kidlagan hamda Damashqqa ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilashda yordam berishda davom etishga tayyorligini bildirgan.

Joriy yilning iyul oyi oxirida Rossiyaga o‘tish davri hukumati tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shiboniy boshchiligidagi yangi hukumat delegatsiyasi tashrif buyurgan. Tashrif davomida ash-Shiboniy Lavrov bilan muzokaralar o‘tkazgan va Mudofaa vaziri Andrey Belousov bilan uchrashgan. Shundan so‘ng Putin Suriya delegatsiyasini Kremlda qabul qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Moskva Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing