“75 lar xati”. Parlament apparati yangi tafsilotlarni ochiqladi
Olam
−
15 iyun 7003 5 daqiqa
Qirg‘izistonning Bishkek shahri Birinchi may tuman sudida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev, sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev, Jogorku Keneshning sobiq spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li va boshqa figurantlar ayblanayotgan “75 lar xati” deb nomlangan ish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 15 iyun kuni ertalab sud OAV vakillarining iltimosnomasini qanoatlantirgan hamda jarayonni foto va videoga olishga ruxsat bergan. Shuningdek, Emilbek Uzoqboyevning himoyachilari tomonidan uning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli ehtiyot chorasini o‘zgartirish bo‘yicha kiritilgan iltimosnomasi ham ko‘rib chiqilgan. Advokatlar tibbiy ekspertiza o‘tkazishni talab qilmoqda va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasini tanlashni so‘ramoqda. Ushbu masalani ko‘rib chiqish davom etmoqda.
Tushlikdan so‘ng sud ishni mazmunan ko‘rib chiqishga va guvohlarni so‘roq qilishga kirishgan. Majlis davomida Jogorku Kenesh apparati xodimlari tinglangan, ular “75 lar xati” deb ataluvchi hujjatning kelib tushishi va ro‘yxatdan o‘tkazilishi holatlari haqida gapirib bergan.
Parlament xodimasi Mariya Isanovaning ma’lum qilishicha, hujjat Jogorku Keneshga 11 fevral kuni tushgan va ro‘yxatga olingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda spiker Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li xizmat safarida bo‘lgan va xat bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma bermagan.
Ro‘yxatga olish sektori konsultanti Mayramgul Tashtanovaning aytishicha, xat dastlab qabul qiluvchi ko‘rsatilmagan holda yuborilgan, shu sababli uni ro‘yxatdan o‘tkazishning imkoni bo‘lmagan. Uning bildirishicha, sektor mudiri Gulmira Qirbasheva telefon orqali noma’lum erkak kishi bilan bog‘langan va shundan so‘ng hujjatga qabul qiluvchining ismi-sharifi kiritilgan.
Yana bir guvoh – parlament apparati xodimasi Aida Mambetovaning so‘zlab berishicha, xat sohaviy qo‘mitaga 13 fevral kuni tushgan, 18 fevralda esa kun tartibidan olib tashlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish va prezidentlik vakolatlarini muddatidan avval tugatish to‘g‘risidagi taklif mavjud bo‘lgan.
Majlis davomida ma’lum bo‘lishicha, xatni Jogorku Keneshga Emilbek Uzakbayevning haydovchisi yetkazib bergan.
Sud surishtiruvi davom etmoqda. O‘tgan haftada sud ish materiallaridan maxfiylik grifini olib tashlagan edi va 15 iyun kuni “75 lar xati” ishi bo‘yicha majlis ilk bor ochiq tartibda bo‘lib o‘tmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu jinoyat ishi “75 lar xati” – bir guruh siyosatchilar va jamoat arboblarining murojaati bilan bog‘liq bo‘lib, tergov talqiniga ko‘ra, unda hokimiyatni almashtirishga bo‘lgan chaqiriqlar alomatlari mavjud bo‘lgan. Ish figurantlari orasida MXDQ sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev, sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev, Jogorku Kenesh sobiq spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li, shuningdek, mamlakatning bir qator sobiq siyosatchilari bor. Ularga nisbatan hokimiyatni zo‘rlik bilan tortib olishga tayyorgarlik ko‘rish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish ayblovlari ilgari surilgan.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Japarov va Tashiyev tandemi
Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.
Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.
2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.
Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi