5 yillik stajga ega xotin-qizlar OTMga imtihonsiz qabul qilinishi mumkin
Jamiyat
−
12 aprel 2022 30008 2 daqiqa
Endi O‘zbekistonda kamida 5 yillik ish stajiga ega xotin-qizlar oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinishi mumkin. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasida keltirilgan. Qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.
Unga ko‘ra, o‘qishga qabul qilish Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasi asosida mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar hisobidan, keyinchalik ushbu tizimda besh yil ishlab berish sharti bilan ish faoliyatiga mos bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga test sinovlari natijalariga asosan amalga oshiriladi.
Mazkur tartib oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qayd etilishicha, tavsiyanoma mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun beriladi. Tavsiyanoma olish uchun talabgor xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron shaklda har yili 1 maydan 1 iyunga qadar murojaat qiladi. Tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etish uchun ariza shakli Qo‘mita tomonidan ishlab chiqiladi.
Xotin-qizlarga tavsiyanoma Qo‘mita tomonidan bir marta beriladi hamda tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil muddatga amal qiladi.
Tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari ishchi guruhlar bilan birgalikda tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarning hujjatlarini har yili 1 iyundan 10 iyunga qadar ko‘rib chiqadi.
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizi va undan kam bo‘lmagan ball to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarning davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi.
Live
Barchasi