49 yoshli erkak SI yasagan ayol uchun bor budini sotib, 2000 km bosib o‘tdi
Olam
−
11:54 3126 2 daqiqa
Braziliyalik 49 yoshli erkak ijtimoiy tarmoqda tanishgan ayolga uylanish umidida mol-mulkini sotib, qariyb 2 ming kilometr yo‘l bosib o‘tdi. Lekin u uchrashmoqchi bo‘lgan ayol sun’iy intellekt yordamida ishlangan virtual obraz bo‘lib chiqdi. Bu haqda “New York Post” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Edimar Rosha Martins 2020 yilda ijtimoiy tarmoqda o‘zini fermada yashovchi yolg‘iz ayol sifatida tanishtirgan blogerning sahifasiga duch kelgan. U videolarida umr yo‘ldosh izlayotganini aytib kelgan. Erkakning so‘zlariga ko‘ra, u ayol sun’iy intellekt yordamida yaratilgan obraz ekanini hech qachon sezmagan.
Martins joriy yilning 9 oktyabr kuni sevgilisi bilan uchrashish uchun safarga otlanishga qaror qilgan. U yo‘l xarajatlarini qoplash maqsadida o‘ziga tegishli buyumlarni sotgan va Braziliyaning Maranyan shtatidagi Imperatris shahridan Minas-Jerays shtatidagi Belu-Orizonti shahriga yo‘l olgan. Ushbu ikki shahar orasidagi masofa qariyb 2 ming kilometrni tashkil etadi.
11 oktyabr kuni manzilga yetib borgan erkak ayolni izlay boshlagan. U hatto mahalliy radiostansiyaga ham murojaat qilgan. Biroq u yerda ayolning mavjud emasligi, bu haqdagi ma’lumotlar soxta ekani aytilgan.
Shundan so‘ng, Martinsning puli tugab qolgan. U mahalliy hokimiyatga murojaat qilib, yolg‘izlikdan charchagani va sevgi izlab uzoq yo‘l bosib kelganini xodimga aytgan. Natijada unga yordam ko‘rsatilib, uyiga qaytishi uchun avtobus chiptasi olib berilgan.
Keyinchalik akkauntni ochgan shaxs videoni e’lon qilib, ayol obrazi ijtimoiy tarmoqlarda mahsulotlarni reklama qilish uchun sun’iy intellekt yordamida yaratilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, u Martins bilan hech qachon yozishmaganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning sun’iy intellekt tizimlari qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun fitna uyushtirish, xatolarni yashirish va yolg‘on gapirishni boshlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi