4 yil bir xonada saqlangan 16 nafar bola qutqarildi

Olam

image

AQSHning Ogayo shtatidagi Hamden qishlog‘ida joylashgan xaroba uydan to‘rt yildan buyon bitta xonada yashagan 16 nafar bola qutqarib olindi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bolalarning yoshi 1,5 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lib, ularning barchasi bir oilaga mansub. Uy ichida inson chiqindilari to‘plangan, ayrim bolalar gapira olmagan, rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan 18 yoshli qiz esa hatto o‘z ismini yoza olmagan. Vinton okrugi sherifi Rayan Keynning aytishicha, bolalar saqlangan sharoit nihoyatda ayanchli.

“Bizning chorva mollarimiz ham bu bolalardan yaxshiroq sharoitda saqlangan”, deydi u.

Hodisa yuzasidan bolalarning ota-onasi hamda ikki nafar buvi va bobosiga nisbatan bolalarni xavf ostida qoldirish bo‘yicha 16 ta ayblov qo‘yilgan. Prokuratura mazkur ish odam savdosi bilan emas, balki bir oila ichida sodir etilgan jinoyat bilan bog‘liqligini bildirgan.

Huquq-tartibot idoralari bolalarni boshqa jinoyat yuzasidan o‘tkazilgan tintuv vaqtida aniqlagan. Ogayo shtati bosh prokurori Endi Uilson voqea joyida ko‘rgan manzarasini “haqiqiy yovuzlik” deb atagan.

Sherifning ma’lum qilishicha, bolalar taxminan 3,5 ga 3,5 metr o‘lchamdagi bitta xonada saqlangan. Uyda qafaslar topilmagan, biroq ularning qanday qilib tashqariga chiqishiga yo‘l qo‘yilmagani hozircha ochiqlanmagan.

Qutqarilgan bolalardan yetti nafari Kolumbus shahridagi shifoxonaga olib ketilgan, yana ikki nafari vertolyotda og‘ir jarohatlar markaziga yetkazilgan. Ulardan biri og‘ir ahvolda bo‘lgani sabab sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.

Tergovchilarga ko‘ra, oila so‘nggi 20 yil davomida Ogayo janubidagi turli hududlarda yashab kelgan va bolalarni davlat organlari nazoratidan yashirishga uringan. Ular maktabga ham bormagan.

Hamden aholisi esa uyda bolalar yashaganidan bexabar bo‘lganini aytgan. Hozirda davlat organlari barcha 16 nafar bolani vaqtincha o‘z qaramog‘iga olish choralarini ko‘rmoqda.

“Bu bolalar uchun adolat albatta qaror topadi”, deydi Ogayo shtati bosh prokurori Endi Uilson.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing