21 Prezident qatnashadigan Erdo‘g‘anning qasamyod qabul qilish marosimi dasturi e’lon qilindi (ro‘yxat)

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning bugun, 3 iyun kuni Anqaradagi prezidentlik majmuasida bo‘lib o‘tadigan inauguratsiya marosimida 21 davlat rahbari va 13 Bosh vazir, shuningdek, ko‘plab vazirlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, Turk davlatlari tashkiloti, NATO va Islom hamkorlik tashkiloti vakillari ishtirok etadi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Prezidentlik saylovlarida 27 million 834 ming 589 ovoz bilan g‘alaba qozongan Prezident Erdo‘g‘an soat 14:00 (Toshkent vaqti bilan 16:00)da Turkiya Buyuk Millat Majlisida qasamyod qiladi. Erdo‘g‘an mandatini Turkiya Buyuk Millat Majlisi muvaqqat spikeri Devlet Baxchelidan oladi.

Marosimda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro, Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Gabon Prezidenti Ali Bongo Ondimba, Gvineya-Bisau Prezidenti Umaro Sisoku Embalo, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Kiril Ramafosa, Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovich, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Kongo Prezident Deni Sassu Ngesso, Kosovo Prezidenti Vosa Osmoni, Shimoliy Kipr Prezidenti Ersin Tatar, Shimoliy Makedoniya Prezidenti Stevo Pendarovski, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev , Ruanda Prezidenti Pol Kagame, Senegal Prezidenti Maki Sall, Somali Prezidenti Hasan Shayx Mahmud, Togo Prezidenti For Essozimna Gnassingbe, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Bangladesh Prezidenti Mohammad Shahabuddin Chuppu, Gvineya Prezidenti Mamadi Dumbuya ishtirok etadi

Shuningdek, faxriy mehmonlar ro‘yxatida 13 nafar Bosh vazir, jumladan, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Liviya Bosh vaziri Abdulhamid Dibeybe ham bor.

Marosimda, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Qubanichbek Omuraliyev, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Taha kabi 8 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etadi.

Parlamentlar spikerlari darajasida esa 12 davlat, jumladan, Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin va Xitoy Xalq vakillari Butunxitoy majlisi Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ding Chjungli qatnashadi.

Bundan tashqari, marosimda Germaniyaning sobiq prezidenti Kristian Vulf, Germaniyaning sobiq kansleri Gerhard Shryoder, Bosniya va Gersegovina Prezidentlik kengashining sobiq a’zosi Bakir Izetbegovich va Shvetsiya sobiq bosh vaziri Karl Bildt ishtirok etadi.

Marosimdan keyin soat 15:00 da Erdo‘g‘an Anitkabirni ziyorat qiladi va soat 17:00 da Prezidentlik majmuasida bo‘lib o‘tadigan tadbirda qatnashadi.

Erdo‘g‘an otliq bo‘linmasi bilan majmuaga kirgach, 101 quroldan o‘q uziladi. Bundan tashqari, havo, quruqlik va dengiz kuchlari qo‘mondonliklarining armiya shtab-kvartiralaridan 101 ta artilleriyadan o‘q otiladi.

Soat 19:00 da esa Prezident Erdo‘g‘an Chankaya saroyida chet ellik mehmonlar sharafiga ziyofat beradi. Kechki ovqatdan so‘ng Erdo‘g‘an Vazirlar Mahkamasi a’zolarini e’lon qilishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Erdo'g'an inauguratsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing