2026 yilda tartibsizliklar xavfi yuqori bo‘lgan davlatlar e’lon qilindi
Olam
−
26 dekabr 2025 7908 2 daqiqa
“Bloomberg” nashri kelasi yilda fuqarolik tartibsizliklari xavfi yuqori bo‘lib qolayotgan davlatlar ro‘yxatini e’lon qildi. Undan asosan Afrika davlatlari o‘rin olgan.
Eng yuqori xavf Efiopiya, Markaziy Afrika Respublikasi (MAR), Angola, Gvatemala, Kongo Respublikasi va Malayziyada saqlanib qolmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil yanvar oyidan buyon aynan shu olti davlat “Bloomberg Economics” modeli kuzatib borayotgan 157 davlat orasida tartibsizliklar xavfining eng tez o‘sishini namoyon qilgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha ular faqat Nepal va Madagaskardan keyin turadi.
Qayd etilishicha, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim hukmron koalitsiyadagi bo‘linishlar va iqtisodiy noroziliklar fonida tobora ortib borayotgan tahdidlarga duch kelmoqda. So‘nggi saylovlardagi mag‘lubiyatlar qo‘llab-quvvatlash pasayganini ko‘rsatmoqda, Ibrohimning o‘zi esa yoshlar bilan bog‘liq xatarlarni tan olgan. U “yoshlarga xos iroda endi ahamiyatsiz emas”ligini aytgan.
Nashrga ko‘ra, umuman olganda rivojlangan va yirik rivojlanayotgan iqtisodiyotlar norozilik namoyishlari xavfi borasida nisbatan barqarorroq. Biroq ayrim mamlakatlarda, jumladan AQSH, Indoneziya va Isroilda yil boshidan buyon ommaviy noroziliklar xavfi oshgan va ular xavf darajasi yuqori guruhda qolmoqda.
2024 yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, Massachusets texnologiya institutining iqtisodchisi Daron Ajemo‘g‘lu demokratiya global inqirozni boshdan kechirayotganini, bu jarayonning asosiy harakatlantiruvchi kuchi esa yoshlar ekanini aytmoqda. Nashrga ko‘ra, bu tendensiya butun dunyo bo‘ylab norozilik namoyishlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Qayd etilishicha, tadqiqot 12 oy oldindan fuqarolik tartibsizliklari xavfini bashorat qiluvchi mashinaviy o‘rganish modeliga asoslangan. Model institutlar mustahkamligi, demografiya, makroiqtisodiy holat va noroziliklar tarixi kabi 50 dan ortiq omillarni tahlil qiladi.
Live
Barchasi