2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi (video)
Jamiyat
−
11:35 613 4 daqiqa
O‘zbekistonda 2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatning yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Bu haqda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bugun, 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida ma’lum qildi.
“Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qo‘shni – qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak.
Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi.
Ammo millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionli el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir.
Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi”, dedi Prezident.
Yangi yilning nomida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida davlat dasturi qabul qilinadi.
Ushbu dasturda yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topadi.
“Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘ldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi.
Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirish.
Farg‘ona vodiysidan Orolbo‘yigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib, Jizzax va Sirdaryogacha – yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir fuqaromiz bugundan boshlab islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada ko‘proq his qilishi kerak.
Shuning uchun, kirib kelayotgan 2026-yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi”, dedi Prezident.
Prezident 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Birinchi ustuvor yo‘nalish mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat.
“Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yo‘l, suv, elektr va transport ta’minoti, bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi”, dedi Prezident.
Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada go‘zal va obod qilish ishlari davom ettiriladi.
Kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etiladi. Har bir viloyatda 2-3 tadan tumanni tanlab, hamma mahallasidagi barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qiladigan tizim yaratiladi. Ularda bir vaqtning o‘zida tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi.
Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m berilmoqda. Bu borada “yashil hudud”, “yashil bog‘” yaratish bo‘yicha har bir deputatning tashabbusiga qo‘shimcha 330 million so‘mdan yo‘naltirilishi belgilandi.
Bunday yondashuv orqali 2030 yilgacha sharoiti og‘ir barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kirilishi ta’kidlandi. Bu ishlarni samarali tashkil qilish uchun tuman byudjeti daromadini kamida 2 karra ko‘paytirishga sharoit yaratib berish zarurligi qayd etildi.
Shu maqsadda 2026 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘idan tushumning Toshkent shahrida 5 foizi, qolgan hududlarda 20 foizi qoldirilib, bu mablag‘ning yarmi tumanlar byudjetiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, daromadlarning prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismining 50 foizi, ekin yerlarini ijaraga berish va bozorlardan tushumlar ham to‘liq tuman byudjetiga beriladi.
Viloyat, tuman hokimlariga samarasiz va bir-birini takrorlaydigan shtat birliklarni qisqartirib, tejalgan mablag‘ni aholi o‘rtaga qo‘ygan masalalarni hal qilish uchun ajratishga ruxsat etiladi. Bu orqali tumanlar byudjetida 5 trillion so‘mlik qo‘shimcha manba shakllanadi va u mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga sarflanadi.
Kelgusi yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m viloyatlarning o‘ziga beriladi. Ushbu mablag‘larning har bir so‘mi aholi uchun qo‘shilgan qiymat yaratishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, bu pullar umuman qaysidir tuman uchun emas, balki mahallada ish o‘rinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yo‘naltiriladi. Bu byudjet mablag‘larini samarali ishlatishda loyihaviy yondashuv bo‘ladi.
Urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha yangi islohotlar boshlanadi. Jumladan, shaharlar tartibsiz kengayishining oldini olishda aniq mezonlar belgilanadi va shu orqali ekin maydonlarining asossiz qisqarib ketishiga chek qo‘yiladi. Shuningdek, respublikada ilk bor 45 ta aglomeratsiya hududlari belgilanadi. Kelgusi yilda “Barqaror shahar” platformasi ishga tushirilib, “yashash uchun qulaylik indeksi”ni yuritish yo‘lga qo‘yiladi. Bu indeks orqali shaharlardagi har bir mahallaga xos muammolar aniqlanib, ularga mos yechimlar beriladi.
Live
Barchasi