Toshkentda qiduruvdagi 2 mingdan ortiq shaxs ushlandi
Jamiyat
−
19 yanvar 2638 2 daqiqa
2025 yil davomida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va uning hududiy tizimlari, prokuratura va sud organlari tomonidan qidiruv e’lon qilingan jami 3923 nafar shaxsning 2146 nafari ushlangan. 94 nafarining qidiruv ishlari hududiylik bo‘yicha yuborilgan. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qidiruvdagi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning Jinoyat kodeksida belgilangan moddalar kesimidagi tahlili quyidagicha:
- 97-modda (qotillik) – 6 nafar;
- 104-modda (og‘ir tan jarohati yetkazish) – 18 nafar;
- 118-modda (nomusga tegish) – 5 nafar;
- 164-modda (bosqinchilik) – 16 nafar;
- 165-modda (tovlamachilik) – 14 nafar;
- 166-modda (talonchilik) – 38 nafar;
- 135-modda (odam savdosi) – 7 nafar;
- 169-modda (o‘g‘rilik) – 293 nafar;
- 168-modda (firibgarlik) – 1084 nafar;
- 167-modda (o‘zganing mulkini talon-toroj qilish) – 83 nafar;
- 277-modda (bezorilik) – 48 nafar;
- 273-276-moddalar (giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq) – 143 nafar;
- terrorizm va diniy ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlar – 20 nafar;
- boshqa turdagi jinoyatlar bo‘yicha 443 nafar.
Bundan tashqari, respublika hududidan qochib ketgan 86 nafar qidiruvdagi shaxslar MDH va boshqa chet el huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida ushlangan. Ulardan 73 nafari MDH davlatlarida, 17 nafari boshqa davlatlar hududlarida qo‘lga olingan. 67 nafari 2025 yil davomida O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilinib, jazo muqarrarligi ta’minlangan.
Tergov va sud organlariga kelishdan bo‘yin tovlab yurgan, biroq rasmiy qidiruv e’lon qilinmagan jami 741 nafar shaxslar ham o‘z vaqtida aniqlanib, tergov va sud organlariga keltirilgan.
Shuningdek, uzoq yillar avval jinoyat sodir etib, tergov va sud organlaridan qochib yurgan 73 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan. Misol uchun, Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismida (odam savdosi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan 1977 yilda tug‘ilgan N.R. 2012 yildan beri qidiruvda bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu shaxs 2025 yilning 19 mart kuni ushlangan. 2019 yildan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan ayblanib qidiruv e’lon qilingan 1984 yilda tug‘ilgan T.O. 2025 yilning 23 yanvar kuni IIO xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq firibgarlik ishi bo‘yicha xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Xorvatiyada qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi