2020 yilda Turkiy Kengash doirasida O‘zbekistonda Yosh tadbirkorlar forumi o‘tkaziladi
Jamiyat
−
16 Oktabr 2019
2775Turkiy Kengash doirasida Yosh tadbirkorlar forumi ta’sis etiladi va uningg birinchi yig‘ilishi 2020 yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Bu haqdagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 15 oktyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining yettinchi sammitida o‘rtaga tashlagan.
Shavkat Mirziyoyev Kengashga a’zo mamlakatlar aholisining 40 foizidan ortig‘i yoshlar ekanidan kelib chiqib, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Turkiy Kengash doirasida Yosh tadbirkorlar forumini ta’sis qilish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yil O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilgan.
"Turkiy Kengashga a’zolik xalqimizning tub manfaatlariga to‘la javob beradi. Bugungi kunda o‘rtamizda nafaqat madaniy-ma’naviy aloqalar, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Oxirgi uch yilda davlatlarimizning o‘zaro savdo hajmi salkam ikki barobarga oshdi, mingdan ortiq yangi qo‘shma shirkatlar ochildi. Transport qatnovlari kengaymoqda, vizasiz tartib asosida turistlar oqimi tobora ko‘paymoqda, xalqlarimizning qardoshlik rishtalari mustahkamlanmoqda", dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Prezidenti tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ishonchli aloqalarni o‘rnatish uchun eng qulay sharoitlar yaratishni ustuvor vazifa deb qayd etdi. Shu borada qo‘shma texnoparklar, startap innovatsiya kompaniyalari va venchur jamg‘armalari tashkil etish, qo‘shma investitsiya fondi va turkiy davlatlar savdo uylarini birgalikda barpo etish tashabbusini ilgari surdi.
LiveBarchasi