160 mlrd investitsiya. To‘qayev Turkiya safarida nimalarga erishdi?

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 28 iyul kuni rasmiy tashrif bilan Turkiyaga bordi. Poytaxt Anqaradagi Esenbog‘a xalqaro aeroportida Qozog‘iston yetakchisini Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kutib oldi. Bu haqda ikki davlart rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.

Aeroportda Qozog‘iston va Turkiya Prezidentlari qisqa suhbat o‘tkazdi

“Mehmondo‘stligingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Aeroportga uchrashuv uchun maxsus kelganingiz men uchun katta sharaf. Mamlakatlarimiz o‘rtasida hech qanday qarama-qarshilik yo‘q. Bizni nafaqat do‘stlik, balki samarali hamkorlik ham bog‘lab turibdi. Ertaga bizni muhim muzokaralar kutib turibdi”, dedi Qosim-Jomart Toqayev.

Tashrifning asosiy tadbirlari 29 iyul kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Kecha, 29 iyul kuni To‘qayevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi zamonaviy turk davlati asoschisi, mamlakatning Birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk maqbarasini ziyorat qilishdan boshlandi. Anitkabir maqbarasida buyuk davlat arbobi xotirasiga hurmat bajo keltirgan Qozog‘iston Prezidenti Faxriy mehmonlar kitobiga yozuv qoldirdi. Gul qo‘yish marosimida Qozog‘iston Respublikasi rasmiy delegatsiyasi a’zolari ishtirok etdi.

Shundan so‘ng To‘qayev turkiyalik yirik tadbirkorlarni qabul qildi. “YDA Holding” kompaniyasi boshqaruvi raisi Husayn Arslon, “S Sistem Lojistik” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Husayn Barlin, “Tiryaki Holding” bosh direktori Sulaymon Tiryakio‘g‘li, “Orzax Group” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Selman Alimo‘g‘li shular jumlasidandir. 

Husayn Arslan Prezidentga kompaniyaning Oqtau shahrida multimodal tranzit xab yaratish rejalari haqida gapirib berdi. Davlat rahbari xoldingning Qozog‘istonga strategik qiziqishi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sarmoyaviy tashabbuslarini yuqori baholadi.

Husayn Barlin esa kelajakda uning kompaniyasi Ostona, Olmaota, Chimkent va Aqtau shaharlarida o‘z biznesini kengaytirishni rejalashtirganini ma’lum qildi.

Shuningdek, davlat rahbari “Tiryaki Holding” kompaniyasining Ostona shahrida bug‘doy va no‘xatni chuqur qayta ishlash zavodi qurish haqidagi qarorini olqishladi. Sulaymon Tiryakio‘g‘li ushbu loyiha Qozog‘istonning qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirishga xizmat qilishini aytdi.

Shu bilan birga, To‘qayev “Orzax Group” kompaniyasining Turkiston viloyatida xun takviyeleri ishlab chiqaruvchi zavod qurish haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi va bu tashabbus Qozog‘iston farmatsevtika sanoatini diversifikatsiya qilish va mamlakat eksport salohiyatini oshirishga katta hissa qo‘shishini ta’kidladi. Selman Alimo‘g‘li  kompaniya nafaqat Qozog‘istondagi ishlab chiqarish bazasini kengaytirish, balki tadqiqot va innovatsiya yo‘nalishlarini rivojlantirish niyatida ekanini aytdi. Kompaniya Qozog‘istondagi ishlab chiqarish loyihasiga 40 million dollar sarmoya kiritib, 500 kishini doimiy ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda.

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov Prezident To‘qayevning Anqaraga rasmiy tashrifi dasturi doirasida turk biznesi vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunlarini izohlar ekan, Qozog‘istonga 160 milliard tenge sarmoya kiritilishini ma’lum qildi.

“Samruk-Kazina” kompaniyasi boshqaruvi raisi Nurlan Jakupov esa Prezidentning Turkiyaning logistika xizmatlari sohasidagi yetakchi kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvi yakunlarini sarhisob qilib, mamlakatning tranzit salohiyatini yaxshilash maqsadida Aqto‘be shahrida yangi transport-logistika xabi ochilishini bildirdi. 

Shundan so‘ng Anqaradagi Prezident saroyida Qosim-Jomart To‘qayevni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Uning saroyga kelishida Qozog‘iston Prezidenti kortejiga ot mingan qo‘riqchisi hamrohlik qildi. 

To‘qayevni Erdo‘g‘an kutib oldi. Davlat madhiyalari yangradi, uning davomida 21 ta artilleriya o‘qlari otildi. Ikki davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-birlari bilan tanishtirdi. Keyin davlat rahbarlarining muzokaralari boshlandi.

Davlat rahbarlari dastlab yakkama-yakka muzokara o‘tkazdi. Prezidentlar Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi. Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga katta e’tibor qaratildi. To‘qayev Turkiya Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. O‘z navbatida, Rajab Toyib Erdo‘g‘an ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga tayyorligini tasdiqladi.

Shundan so‘ng Qosim-Jomart To‘qayev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an Qozog‘iston-Turkiya Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 5-yig‘ilishini o‘tkazdi. Uchrashuvda davlat rahbari mushtarak tarixiy va ma’naviy qadriyatlarga asoslangan Qozog‘iston-Turkiya hamkorligi kengaytirilgan strategik sheriklik ruhida izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

“Biz bu yo‘lni davom ettirishdan, munosabatlarimizni yanada yuqori bosqichga olib chiqishdan manfaatdormiz. Hurmatli Prezident, men hozirgina tor doirada o‘tkazilgan muzokaralar natijalarini yuksak qadrlayman. Biz hamkorlikni kengaytirish tarafdorligimizni yana bir bor tasdiqladik. Buning uchun bizda yetarli imkoniyat va ishtiyoq bor. Ikki davlat o‘rtasida keng ko‘lamli huquqiy baza shakllangan. Xususan, oltmishdan ortiq shartnoma va bitimlar amalda. Bugun bir qator ikki tomonlama shartnomalar imzolanadi”,  dedi Qosim-Jomart To‘qayev.

Uchrashuvda o‘zaro savdoni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarni tashkil etdi. Prezident To‘qayev Qozog‘iston Turkiya bozoriga jami 1 milliard dollarlik kamida 34 turdagi mahsulot yetkazib berishga tayyorligini bildirdi, Turkiyadan kelayotgan tovarlar turini ko‘paytirish ham muhim ekanini qayd etdi.

Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini oshirishda transport-logistika sohasining alohida ahamiyatini qayd etdi. To‘qayev Qozog‘iston Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishga katta e’tibor qaratishini ta’kidlab, zamonaviy temir yo‘llar, quruqlikdagi portlar va yuk terminallarini qurish, shuningdek, kemasozlik sohalariga Turkiya sarmoyasini jalb etishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

“Mamlakatimizning sarmoyaviy jozibadorligini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar xorijlik tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda”, dedi To‘qayev.

Kengash majlisida delegatsiyalar energetika sohasidagi hamkorlik masalalari, jumladan, Boku-Tbilisi-Jayhon neft quvuri orqali eksport hajmini oshirish istiqbollarini muhokama qildi. To‘qayev turk kompaniyalarini elektr energiyasi taqchilligini kamaytirishga qaratilgan loyihalarda ishtirok etishga taklif qildi. Shuningdek, u “KazMunayGaza” va “Turkiye Petroleum” o‘rtasidagi hamkorlik samarali bo‘lishiga ishonch bildirdi.

To‘qayev yangi Soliq kodeksida royalti rejimi, ya’ni xomashyoni chuqur qayta ishlashni rag‘batlantiruvchi alohida imkoniyatlar nazarda tutilganiga e’tibor qaratdi. U turk sarmoyadorlarini qo‘shma jamg‘arma tuzib, tog‘-kon sanoati va tabiiy resurslarni o‘zlashtirish loyihalarida ishtirok etishga chaqirdi.

Bildirilishicha, Qozog‘istonda yetishtirilgan g‘allaning chorak qismi, paxtaning uchdan bir qismi va glyutenning 26 foizi Turkiyaga eksport qilinadi. Umuman olganda, Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi sohasida turk ishbilarmonlari ishtirokida umumiy qiymati 1 milliard 300 million dollarlik 23 investisiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ulardan 18 tasi ishga tushirilib, mahsulotlar xalqaro bozorga yetkazib berilmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilari mudofaa sanoati, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, moliya, fuqaro aviatsiyasi, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qildi. Ikki davlat o‘rtasidagi yaqin ta’lim aloqalari alohida ta’kidlandi. Yaqin kelajakda Ostona va Olmaota shaharlarida “Maarif” jamg‘armasining ikkita maktabi, shuningdek, Turkiyadagi yetakchi ta’lim muassasalarining filiallari ochiladi. Qosim-Jomart To‘qayev tashabbusi bilan o‘tgan yilning dekabr oyida zilziladan jabr ko‘rgan Gaziantep viloyatida yangi maktab qurilishi boshlangan edi. Ta’lim muassasasi 2026 yilda foydalanishga topshiriladi.

Bundan tashqari, turizm sohasidagi ijobiy dinamikani qo‘llab-quvvatlash hamda ko‘p qirrali ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish maqsadida Qozog‘istonda Turkiya fuqarolari uchun 90 kunlik vizasiz rejim o‘rnatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Turkiya Prezidenti Qozog‘iston delegatsiyasini va shaxsan Qosim-Jomart To‘qayevni “Ikkinchi vataningizga xush kelibsiz!” deya tabrikladi. Shuningdek, u qozoq xalqini buyuk shoir va mutafakkir Abay Kunanbayulining 180 yilligi bilan tabrikladi.

“Mamlakatingiz bilan hamkorlikka alohida ahamiyat beramiz. Bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Savdo, mudofaa sanoati, qishloq xo‘jaligi, turizm va madaniyat sohalarida ushbu ijobiy sur’atni yanada mustahkamlashga intilamiz. Qozog‘iston bizning eng yirik savdo hamkorlarimizdan biridir. Tovar ayirboshlash hajmini 15 milliard dollarga yetkazish ustida ishlashda davom etamiz”, dedi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.

Kengash yig‘ilishida Qozog‘iston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari – Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin va Transport vaziri Nurlan Sauranbayev, Turkiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan ham ma’ruza qildi.

Muzokaralar yakunida Qosim-Jomart To‘qayev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining beshinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida Qo‘shma deklaratsiyani, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining beshinchi yig‘ilishi qarorini imzoladi. Shuningdek, To‘qayevning Anqaraga rasmiy tashrifi doirasida hukumatlararo va idoralararo 18 ta hujjat imzolandi.

Muzokaralar yakunida Prezidentlar OAV uchun bayonot ham berdi. Qozog‘iston va Turkiya Prezidentlari barcha mojaro va qarama-qarshiliklarni tinch yo‘l bilan, diplomatik muzokaralar yo‘li bilan hal etish zarur, deb hisoblashini bildirdi. Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya-Ukraina mojarosini hal etishda Erdo‘g‘anning alohida rolini qayd etdi.

“Bu sizning vakolatingiz va ta’siringizning ishonchli dalilidir. Mamlakatlarimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish zarurati borasida umumiy nuqtai nazarga ega. Qozog‘iston barcha mamlakatlarning hududiy yaxlitligini saqlash zarurligini himoya qiladi. Qozog‘iston va Turkiya xalqaro maydonda samarali hamkorlikni davom ettiradi. Qozog‘iston diplomatiyasi Turkiy davlatlar tashkilotini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Turkiya tomoni bilan bu yo‘nalishda hamkorlikni davom ettiramiz va global barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun sa’y-harakatlarimizni birlashtiramiz. Qozog‘istonning xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagani, jumladan, Turkiyaning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash ishiga qo‘shgan hissasi uchun alohida minnatdorlik bildiraman”, dedi Qozog‘iston rahbari.

Erdo‘g‘an esa yakunlangan muzokaralar samarali bo‘lganini qayd etdi.

“Qozog‘iston mintaqadagi eng yirik iqtisodiyot va bizning asosiy savdo hamkorimiz. Bugun biz mudofaa va energetikadan tortib transport, fan va texnologiyagacha bo‘lgan keng ko‘lamli sohalar bo‘yicha fikr almashdik. Biz tog‘-kon va nodir metallar sohasidagi hamkorlik istiqbollarini, Qozog‘iston neftini mamlakatimiz orqali jahon bozoriga olib chiqish imkoniyatlarini muhokama qildik. Tarixiy Ipak yo‘lining zamonaviy analogi bo‘lmish Transkaspiy transport yo‘nalishidan foydalanish va rivojlantirish yo‘llarini ham muhokama qildik”, dedi Turkiya Prezidenti.

Rajab Toyib Erdo‘g‘an turizm sohasidagi hamkorlik masalalariga to‘xtalib, Qozog‘iston tomonidan Turkiya fuqarolarining 90 kun davomida vizasiz bo‘lishiga ruxsat bergani uchun Qosim-Jomart To‘qayevga minnatdorlik bildirdi. To‘qayev esa nutqi yakunida Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘anga samarali muzokaralar uchun minnatdorlik bildirib, uni o‘ziga qulay vaqtda Qozog‘istonga tashrif buyurishga taklif qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing