11-kecha: AQSH Eronni bombardimon qilishda davom etmoqda (video)
Olam
−
22 iyul 5702 2 daqiqa
AQSH harbiylari o‘tgan tunda Eronga qarshi navbatdagi hujumlarini yakunladi va shu tariqa, Amerika tomonidan amalga oshirilgan ketma-ket havo zarbalari 11-kechaga yetdi. Bu haqda bugun, 22 iyul kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qildi.
Bayonotga ko‘ra, hujumlar davomida Eronning harbiy operatsiyalar markazlari, dengiz imkoniyatlari, aviatsiya angarlari, dronlar saqlanadigan omborlar hamda harbiy logistika infratuzilmasi nishonga olingan. Shuningdek, bu zarbalar Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanuvchi tijorat kemalariga tahdid solish imkoniyatini yanada cheklashga qaratilgan.
AQSH harbiylarining ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar kecha, 21 iyul kuni kechqurun taxminan 75 daqiqa davom etgan. Vashington so‘nggi uch oy ichida Eron Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan 30 dan ortiq tijorat kemasiga hujum qilganini bildirgan.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili ma’lum qilishicha, AQSHning so‘nggi zarbalari oqibatida 50 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 500 kishi yaralangan. So‘nggi kunlarda urushda halok bo‘lgan AQSH harbiylari soni esa 18 nafarga yetgan.
O‘tgan hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp dam olish kunlarida amerikalik harbiylar halok bo‘lganidan keyin Erondan qasos olishga va’da bergan. So‘nggi bir hafta ichida Tramp Eronda nishonga olinayotgan ob’ektlar ro‘yxatini energetika inshootlari va ko‘priklar hisobiga kengaytirish bilan tahdid qilib keldi.
Ma’lumot o‘rnida, 1949 yilgi Jeneva konvensiyalari urush paytida aholining hayoti uchun muhim hisoblangan fuqarolik ob’ektlariga hujum qilishni taqiqlaydi. Xalqaro huquq bo‘yicha amerikalik ekspertlar Trampning bunday ob’ektlarga zarba berish haqidagi avvalgi tahdidlari xalqaro huquq nuqtai nazaridan harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkinligini bildirgan.
Qayd etish joizki, urush davomida AQSH va Isroilning Eronga, shuningdek, Isroilning Livanga bergan hujumlari oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan va millionlab kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Mojaro neft narxlarining oshishiga va jahon moliya bozorlarida beqarorlikka sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Eron bilan katta urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani aytilgandi.
Live
Barchasi