Olov ichida qolgan Fransiya, Mehribon Tramp va O‘zbekistonning pozitsiyasi

Tahlil

−

Reklama
0:00

Rossiyada o‘lat xavfi haqida mish-mishlar urchimoqda. Yevropa qo‘rquvda, dunyo davlatlari Moskvadan izoh talab etmoqda. Kreml esa hech qanday xavf yo‘qligini aytyapti. Xo‘sh, Putin hukumati muammoni yashirmoqdami yoki bu AQSH boshchiligidagi G‘arbning rus jamiyatida norozilik urug‘ini sepish vositasimi? 

Fransiyada o‘quvchilar namoyishi butun mamlakatni egallab oldi. Hukumat allaqachon keskin choralarni qo‘llashni boshlab yubordi. Maktablar yoqib yuborilmoqda, ko‘chalarda voyaga yetmagan bolalar politsiyaga qarshi jang olib boryapti. Navbatdagi Zet avlod inqiloblari ortida qanday muammolar yashiringan? 

Rossiya Ukrainaga hujumlarni kuchaytirgan. Ballistik raketalar Kiyevgacha yetib kelmoqda, har kuni portlashlar va yuzlab qurbonlar. Mana shunday vaziyatda Germaniya kansleri Zelenskiy bilan uchrashish uchun Kiyevga keldi. Xo‘sh, Germaniya endi nimalarni va’da qilmoqda? Urush trayektoriyasi o‘zgaradimi? 
Saudiya ham urush girdobiga tortildi. Yamandagi husiylar hatto Ar-Riyoddagi aeroportlarga ham hujum uyushtirmoqda. “Musulmon NATOsi” bilan OAVda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan Makka pakti nihoyat amaliy harakatga o‘tdi. Turkiya va Pokiston harbiy yordam bermoqchi. Xo‘sh, bu yordam qanday ko‘rinishda bo‘ladi? 

Hafta davomida sodir bo‘lgan eng muhim voqealar sharhi bilan Qalampir.uz’ning Weekend dasturida tanishamiz. 

O‘lat vasvasasi 

Bir ayolning o‘limi, yuzlab odamlarning tibbiy nazoratga olinishi, shifoxonalardagi karantin va OAVni larzaga keltirayotgan o‘lat xavfi. Yevropa qo‘rquvda, AQSH ko‘maklashmoqchi, lekin Kreml shuncha muammo ustiga qora mato tashlab, uni ko‘rsatmaslikka urinmoqda. Xo‘sh, nega? Agar gap chindan oddiy pnevmoniya haqida ketayotgan bo‘lsa, nega shuncha odam xavotirga tushmoqda? 

Hammasi Rossiyaning Irkutsk viloyatida boshlandi. 2026 yil sentyabr oyi oxirida o‘latga qarshi kurashish bilan shug‘ullanuvchi ilmiy-tadqiqot institutida ishlagan yosh ayol og‘ir pnevmoniya alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan edi. So‘ngra u 1 oktyabrdan 2 oktyabrga o‘tar kechasi vafot etgan. Ayrim axborot vositalari marhumaning o‘limini o‘lat, xususan, uning o‘pkaga ta’sir qiluvchi turi bilan bog‘lamoqda. Ayolning kasallikni yuqtirib olishi borasida turli ssenariylar mavjud. Taxminlardan biriga ko‘ra, ayol Mo‘g‘uliston bilan chegaradosh hududlarda o‘lat xavfi qayd etilgan Buryatiyaga xizmat safarida bo‘lgan va aynan shu vaqtda bemorlardan kasallikni yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin. Boshqa bir taxminda esa laboratoriyada xavfli bakteriya saqlangan probirka bilan bog‘liq hodisa yuz bergani aytilgan. 

Ammo bu versiyalarning hech biri o‘lat bilan kasallanishni tasdiqlovchi rasmiy dalil sifatida taqdim etilmayapti. 4 oktyabr kuni e’lon qilingan Rossiyaning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasini nazorat qiluvchi federal xizmati – Rospotrebnadzorning rasmiy bayonotiga ko‘ra, o‘limga kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya, ya’ni o‘pka hujayralarining yallig‘lanishi sabab bo‘lgan. Shuningdek, bayonotda Irkutsk o‘latga qarshi instituti xodimasi bilan muloqotda bo‘lganlarning hech birida infeksiya bilan bog‘liq salomatlik o‘zgarishlari aniqlanmagani, markazda hech qanday avariya holatlari ham yuz bermagani ma’lum qilingan. 

Qiziq jihati, ayolning o‘limi bilan bog‘liq holatlar tekshirilayotgan bir paytda u davolangan Shelexov tuman shifoxonasida cheklovlar joriy qilingan edi. Marhuma bilan aloqada bo‘lgan odamlar aniqlanib, tibbiy nazoratga olingan. Keyinchalik mahalliy axborot vositalari karantin choralari Irkutskdagi boshqa tibbiyot muassasalariga ham joriy etilganini yozgan. 

Bunday keskin choralarning kuchayishi jamoatchilikni xavotirga sola boshladi. Aynan o‘latga qarshi kurashish markazida ishlovchi ayolning o‘limi jamoatchilikda xavfli infeksiya tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi gumonlarni kuchaytirdi. Rasmiy bayonotlar ham odamlarni tinchlantira olmadi. Google Trends ma’lumotlariga ko‘ra, 29 sentyabrdan 5 oktyabrgacha Rossiyada Google orqali “o‘lat” so‘zini qidirish ko‘rsatkichlari 2 800 foizga oshib ketdi. 
Vaziyat shu darajaga yetdiki, 5 oktyabr kuni Kreml ham vaziyatga munosabat bildirib chiqdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov fuqarolarni o‘lat haqidagi mish-mishlarga ishonmaslikka chaqirdi. 

“Bu sohada tajribaga ega yetakchi agentlik – Rospotrebnadzordir. Biz mish-mishlar, taxminlar va boshqa narsalarga quloq solmasdan, Rospotrebnadzorning rasmiy bayonotlariga tayanishimiz kerak. Rospotrebnadzorda bu sohada yuqori malakali mutaxassislar mavjud”, deydi Peskov. 

Kremlning maqsadi aniq: aholi orasida vahimaning oshib ketishi, noroziliklarning kuchayishi Rossiyadagi “Pandora qutisi”ni ochib yuborishi mumkin. O‘zi shundoq ham asosiy xarajatlar urushga yo‘naltirilgandan beri sog‘liqni saqlash kabi boshqa ijtimoiy sohalar e’tibordan chetda qolib ketayotgan edi. Birgina kichik turtki bugun butun rus jamiyatini oyoqqa turg‘azib yuborishi mumkin. 

Aynan shunday ssenariy esa G‘arbga kerak edi. Vaziyatdan, eng avvalo, AQSH prezidenti Donald Tramp foydalanib qoldi. 5 oktyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatlashgan Tramp Rossiyaga zarur yordamni taklif qilishga tayyorligini aytgan. U o‘latni jiddiy kasallik deb atab, bunday vaziyatlarda yordam berishi mumkinligini bildirgan. 

AQSH Davlat departamentidagi manba esa vaziyat tegishli idoralar, jumladan, Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari bilan birgalikda kuzatilayotganini ma’lum qilgan. 

“Biz Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari hamda boshqa idoralararo hamkorlarimiz bilan birgalikda vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib boryapmiz. Ko‘plab tafsilotlar hozircha tasdiqlanmagan. Biz Rossiya rasmiylarini ishonchli ma’lumotlarni tezkor va ochiq ravishda baham ko‘rishga chaqiramiz”, deyiladi izohda. 

Trampning taklifi uning mehri jo‘shib ketganidanmi yoki Rossiyada haqiqatan ham o‘lat tarqalayotganiga aholini yanada ishontirish maqsadida bo‘ldimi, aytish qiyin. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham trigger ishladi. Rossiyada o‘lat xavfi masalasi butun dunyoda kun tartibiga chiqdi. 
Yevropa davlatlari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Moskvadan vaziyat yuzasidan ko‘proq ma’lumot talab qila boshladi. Xorijiy OAVlarda “Rossiya o‘lat xavfini yashirmoqda, bu orqali butun dunyoni xavf ostiga qo‘ymoqda” mazmunidagi maqolalar chiqarila boshlandi. Natijada nafaqat rus jamiyatida, balki yevropaliklar orasida ham yangi karantin haqidagi mish-mishlar urcha boshladi. 

Bunday bosimlar ostida Kreml ham jim turolmadi. 6 oktyabr kuni Rossiya rasman JSSTga Irkutskda o‘lat holatlari qayd etilmaganini bildirdi. Jenevada o‘tkazilgan brifingda JSST vakili Kristian Lindmayer Rossiya hukumatining rasmiy javobini o‘qib eshittirdi. Unga ko‘ra, marhuma bilan aloqada bo‘lgan barcha shaxslar aniqlangan va tibbiy nazoratga olingan, biroq ularda kasallik alomatlari kuzatilmagan. 
Biroq shu bilan masala yopilmadi. Yevropa uchun yanada batafsil ma’lumotlar zarur edi. Faqatgina kasallik kuzatilmagani barcha savollarga javob emas edi. Ular o‘lim sababi va ehtimoliy infeksiyani o‘rganish masalasini o‘rtaga tashladi. 

7 oktyabr kuni Bryusselda Yevropa komissiyasi vakili Rossiyani Sibirda yuz bergan hodisa yuzasidan shaffof hisobot taqdim etishga chaqirdi. Yevropa tomoni ishonchli epidemiologik va mikrobiologik ma’lumotlar berilishini so‘radi. Yevropa komissiyasining bunday talab bilan chiqishi Rossiyada o‘lat epidemiyasi tasdiqlanganini anglatmasa-da, bir vaqtning o‘zida muammolarni yopdi-yopdi qilishga ham yo‘l qo‘ymayapti. 

Vaziyatning yana bir muhim jihati shundaki, Rossiyadagi voqea Markaziy Osiyo davlatlarida ham ehtiyot choralarini kuchaytirishga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston 3 oktyabr kuni o‘ta xavfli infeksiyalarning mamlakatga kirib kelishining oldini olish maqsadida mas’ul xizmatlar shayligini oshirdi. Keyinchalik Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham sanitariya-karantin nazoratini kuchaytirdi. 

O‘zbekiston uchun bu masala bevosita jamoat salomatligi bilan bog‘liq. O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov ham mamlakatda o‘lat bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror ekani va xavotirlanish uchun asos yo‘qligini bildirgan. 

“Avvalo, shuni aytish kerakki, mamlakatimizda o‘lat kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga hech qanday asos yo‘q”, deydi u. 

Muammo qanchalik jiddiy, o‘lat xavfi chindan mavjudmi yoki yo‘qmi – hali noma’lum. Rossiyaning o‘zida esa mavjud ehtiyot choralari bekor qilindi. 8 oktyabr kuni Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev mahalliy darajada joriy etilgan karantin choralari bekor qilinganini e’lon qildi. Uning aytishicha, Rospotrebnadzor mutaxassislari profilaktik tadbirlarni yakunlagan, marhuma bilan aloqada bo‘lgan shaxslarda infeksion kasallik belgilari aniqlanmagan. 

Gubernator qariyb 5 mingta laboratoriya tekshiruvi natijasida xavfli patogen mikroorganizmlar topilmaganini bildirgan. Shuningdek, marhuma xavfli infeksiyalarga qarshi immunitetga ega bo‘lgani va institutda patogenlar bilan ishlash jarayonida favqulodda hodisa aniqlanmagani aytilgan. Shu asosda hududdagi karantin rejimi tugatildi va muassasalar odatiy ish tartibiga qaytdi. 

Biroq bu bilan hammasi tugab qolmaydi. G‘arb bu voqeadan maksimal darajada foydalanish niyatida ko‘rinadi. Yevropa hanuz to‘liq va shaffof axborot olish imkoniyati yo‘qligi haqida gapirmoqda. Xullas, “qora mato” ostida chindan xavf bormi yoki yo‘qmi – buni hali bilmaymiz. 

Fransiya maktablari olov ichida 

Noroziliklar (inqilob yoki namoyish) xalqning yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan davrlarda emas, aksincha, yaxshilana boshlaganda ko‘proq sodir bo‘ladi. Ushbu nazariya buyuk fransuz siyosiy mutafakkiri Aleksis de Tokvil tomonidan ilgari surilgan va uning sharafiga Tokvil paradoksi deb atalgan. Qiziq jihati, buning isbotini bugungi kunda yaqqol ko‘rish mumkin. Bir tomonda anchadan beri urush bilan hamnafas yashayotgan, hukumat tomonidan doimiy bosim, erkinlikning cheklanishi va huquqlarining poymol qilinishiga indamay kelayotgan rus jamiyati, boshqa tomonda esa Yevropadagi inson huquqlari va liberal qadriyatlarga to‘yingan fransuzlar. Rossiyada namoyish bo‘lganini deyarli eshitmaymiz, Fransiyada esa kichik uchqun ham aholining ulkan agressiyasiga o‘t qo‘yib yuborishi mumkin. 

Ha, bugun ham Fransiya ko‘chalari namoyishchilar bilan to‘la. Ammo bu gal qo‘llarida pensiya yoshini oshirishga qarshi plakatlar ko‘targan ishchilar yoki hukumat siyosatidan norozi fermerlar emas, maktab o‘quvchilari turibdi. Ularning ayrimlari hali voyaga ham yetmagan. 
Bugun maktab darvozalari barrikadalar bilan to‘silgan, darslar to‘xtatilgan, yuzlab ta’lim muassasalari faoliyatini vaqtincha cheklashga majbur bo‘lgan. Minglab odamlar politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Bir vaqtlar ta’lim sifati va teng imkoniyatlar bilan faxrlangan Fransiyada endi o‘quvchilar davlatdan eng oddiy narsani – o‘qish uchun sharoitni talab qilmoqda. 

Sentyabr o‘rtalarida boshlangan noroziliklar oktyabrga kelib butun mamlakatni qamrab olgan keng ko‘lamli harakatga aylandi. 6 oktyabr kuni Fransiya Ichki ishlar vazirligi mamlakat bo‘ylab namoyishlarda 266 mingdan ortiq kishi qatnashganini ma’lum qildi. Parijning o‘zida 56 mingga yaqin odam ko‘chalarga chiqqan. Dastlab maktablar oldidagi kichik norozilik sifatida boshlangan harakatga universitet talabalari, o‘qituvchilar, ota-onalar va kasaba uyushmalari ham qo‘shildi. Shu tariqa, oddiy o‘quvchilar noroziligi Fransiya hukumati uchun jiddiy siyosiy sinovga aylandi. Eng achinarlisi, namoyishchilarni ko‘chaga olib chiqqan sabablar orasida murakkab siyosiy talablar emas, balki dars o‘tadigan o‘qituvchining yo‘qligi, ta’mirtalab maktablar va haddan tashqari gavjum sinfxonalar bor. 

Hammasi 17 sentyabr kuni Parij yaqinidagi Kretey hududida joylashgan Sen-Ekzyuperi litseyida boshlandi. O‘qituvchilar ish sharoitlari va xodimlar yetishmovchiligiga qarshi ish tashlash e’lon qilgan. Ko‘p o‘tmay, o‘quvchilar ham ularni qo‘llab-quvvatlab, maktabdagi muammolarga e’tibor qaratishni talab qila boshlagan. Avvaliga noroziliklar poytaxt atrofidagi hududlarda kuzatilgan. Keyin esa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar boshqa shaharlardagi yoshlarni ham harakatga unday boshladi. 

Aslida Fransiya maktablaridagi vaziyatni tushunish uchun mamlakatning eng katta muammolaridan biri – hududlar o‘rtasidagi ijtimoiy tengsizlikka e’tibor qaratish kerak. Poytaxtning badavlat tumanlaridagi ta’lim muassasalari bilan kambag‘al shahar atroflaridagi maktablarning imkoniyatlari bir xil emas. Ayniqsa, Parijning shimoliy va shimoli-sharqiy chekkalaridagi Sen-Sen-Deni kabi hududlarda bu tafovut yaqqol ko‘zga tashlanadi. 
“Reuters” nashriga ko‘ra, 17 yoshli Maysa ismli o‘quvchi o‘qituvchilar yetishmagani sababli bir necha oy davomida ayrim fanlardan muntazam ta’lim ololmaganini aytgan. Shunga qaramay, o‘quvchilar imtihonlarga tayyorlanishi kerak. Boshqacha aytganda, tizim ulardan natija talab qilmoqda, ammo shu natijaga erishish uchun zarur sharoitlarni har doim ham ta’minlamaydi. 

Bolalarni norozi qilayotgan omil ham shunda: o‘quvchi imtihondan past baho olsa, uning natijasi hujjatlarda aks etadi. Lekin bu natijaga olib kelgan o‘qituvchi yetishmovchiligi, bekor qilingan darslar yoki maktabdagi sharoitlar har doim ham hisobga olinmaydi. 

Muammo faqat o‘qituvchilarning yo‘qligi bilan ham cheklanmaydi, albatta. Ayrim maktablarning binolari eskirgan, sinfxonalar ta’mirtalab, zarur jihozlar yetishmaydi. Fransiyada sinflarning gavjumligi ham alohida muammo hisoblanadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti – OECD ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Fransiyaning davlat tomonidan moliyalashtiriladigan quyi o‘rta ta’lim muassasalarida har bir o‘qituvchiga o‘rtacha 25 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich Germaniya va Ispaniyada 24 nafar, Italiya va Daniyada 20 nafar, Finlyandiyada esa 19 nafar bo‘lgan. 

Norozilikning yana bir muhim sababi – Fransiya universitetlariga qabul qilishda qo‘llanadigan “Parcoursup” nomli tizim. 2018 yilda joriy etilgan ushbu platforma maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishi va o‘rinlar bo‘yicha saralanishini ta’minlaydi. Biroq tizim yillar davomida shaffoflik, tenglik va qarorlar qanday qabul qilinishi yuzasidan tanqidlarga uchrab kelmoqda. 

O‘quvchilarning e’tirozi shundaki, universitetga kirish imkoniyati nafaqat ularning shaxsiy qobiliyati va mehnatiga, balki qaysi maktabda o‘qigani, qanday sharoitda tayyorlangani va qanday resurslardan foydalana olganiga ham bog‘liq. Yaxshi ta’lim olgan, repetitorlarga qatnashish imkoniyati bor o‘quvchi bilan ayrim fanlardan o‘qituvchisiz qolgan o‘quvchining bir xil mezonlar asosida baholanishi qanchalik adolatli? 

Vaziyatni yana Fransiyaning iqtisodiy strategiyasi ham murakkablashtirmoqda. Hukumat 2027 yilgi davlat byudjetini tayyorlar ekan, davlat qarzi va byudjet taqchilligini kamaytirishga harakat qilmoqda. Bu esa “Gen Z” talab qilayotgan sharoitlarni ta’minlash imkoniyatini kamaytiradi. Lekin yoshlar uchun byudjetdagi raqamlar emas, ertaga darsga kirganda ularni kim o‘qitishi muhim. 

5 oktyabr kuni Fransiya ta’lim vaziri Eduar Jefre xavfsizlik sharoitlari yetarli bo‘lmagani sababli 400–500 ta maktabda darslar to‘liq yoki qisman to‘xtatilishini ma’lum qilgan. Vazirning aytishicha, namoyishlar boshlanganidan beri 24 ta maktab yoqib yuborilgan yoki talon-toroj qilingan, 78 nafar ta’lim xodimi jarohatlangan. 

Fransiya Ichki ishlar vazirligining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 266 mingdan ortiq kishi namoyishlarda qatnashmoqda. Politsiya Parij va Marsel kabi shaharlarda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatishga majbur bo‘lgan, ayrim joylarda suv purkagichlardan foydalanilmoqda. Ko‘rilayotgan choralar oqibatida yoshlar jiddiy jarohat ham olmoqda. 5 oktyabr kuni shimoldagi Lans shahrida 15 yoshli o‘quvchi politsiya granatasi bilan bog‘liq hodisada qo‘lidan ayrilgani haqida ma’lumotlar tarqaldi. 

Fransiya hukumatining javobi esa noroziliklar ko‘lami oshgani sari o‘zgarib boryapti. Bosh vazir Sebastyan Lekornyu 4 oktyabr kuni ta’lim tizimidagi muammolarni hal qilish bo‘yicha bir nechta yo‘nalishda ish olib borish zarurligini bildirgan. U maktablarda darslar uzluksiz o‘tilishini ta’minlash, binolarni yaxshilash, dars jadvalini qayta ko‘rib chiqish, “Parcoursup” tizimini shaffoflashtirish va o‘quvchilarning maktab hayotidagi ishtirokini oshirish masalalarini ko‘targan. 2027 yilgi byudjet loyihasida ta’lim xarajatlarini oshirish ham nazarda tutilgan. 

Xulosa qilib aytganda, tashqaridan nuqsonsiz ko‘ringan Fransiya kabi rivojlangan davlatlarda ham ulkan muammolar mavjud. O‘quvchilar namoyishi shunday kamchiliklardan birini ko‘rsatib berdi. Endi Parij hukumati zimmasida “Gen Z”ning davlat institutlariga ishonchini tiklash va byudjetga bosimni oshirmagan holda talab qilinayotgan sharoitlarning bir qismini ta’minlash masalasi turibdi. 

Bombalar ostida Kiyevga tashrif 

Rossiya raketalari Ukraina shaharlariga yog‘ilayotgan bir paytda Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukraina poytaxtiga kutilmagan tashrif uyushtirdi. “Do‘st og‘ir kunda bilinadi”, deganlaridek, tashrif Berlinning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ko‘rsatib qo‘ydi. 

Uning Kiyevga tashrifi Germaniya ichki siyosatidagi murakkab vaziyat fonida yuz bergani ham alohida ahamiyat kasb etdi. Kanslerning o‘zi uchun bu parlament saylovlaridagi mag‘lubiyatlar ortidan xalq ishonchini tiklash va xavfsizlik masalasini asosiy kun tartibiga olib chiqish harakati ham bo‘ldi. 

Joriy yilning 4 oktyabr kuni ertalab Germaniya kansleri maxsus poyezdda Kiyevga yetib kelgan. Bu uning vakolat muddati doirasida Kiyevga qilgan uchinchi tashrifi edi. U bilan birga Kiyevga Germaniya iqtisodiyot va energetika vaziri Katarina Rayxe hamda o‘n nafar tadbirkor, jumladan, Siemens Energy, Hensoldt, Diehl Defence va Quantum Systems mudofaa kompaniyalari rahbarlari borgan. Delegatsiyani Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga kutib olgan. Kanslerning o‘zi bu tashrif Yevropa xavfsizligi yo‘lida amalga oshirilganini aytgan. 

“Men bugun Kiyevga keldim, chunki yaqin haftalarda Ukrainaga bizning qo‘llab-quvvatlashimiz kerak bo‘ladi. Agar Rossiya to‘xtatilmasa, ertami-kechmi uning harbiy mashinasi bizga qarshi qaratiladi”, deydi Mers. 

Tashrifning asosiy natijalaridan biri Germaniyaning Ukrainaga yana 1 milliard yevrolik harbiy yordam ajratish rejasi bo‘ldi. Yordam Ukraina mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari va zamonaviy qurol-yarog‘ imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan. Rossiya uzoq masofali raketalar va dronlardan foydalanayotgan bir paytda bunday yordam Kiyev uchun strategik ahamiyatga ega. Chunki Ukraina nafaqat front chizig‘ida, balki shaharlari va muhim infratuzilmasini himoya qilishda ham katta bosim ostida qolmoqda. 

Germaniya so‘nggi yillarda Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy Yevropa davlatlaridan biriga aylandi. Berlin uchun bu yordam faqat Kiyevning urushda omon qolishiga ko‘maklashish emas, balki Yevropa xavfsizligi va Rossiyaning keyingi harakatlarini tiyib turish masalasi hamdir. Agar Ukraina mudofaasi zaiflashsa, bu Yevropadagi xavfsizlik muvozanatiga ham ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli Mers hukumati harbiy yordamni davom ettirish orqali Kiyevga ham, Moskvaga ham siyosiy signal bermoqda. 

Shu bilan birga, kansler ochiq murojaatlardan ham qochgani yo‘q. U Rossiya prezidenti Vladimir Putinga urushni to‘xtatish va muzokaralar yo‘lini tanlash kerakligini bildirgan. Bu chaqiriq Kiyevning tinchlikka erishish istagini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, Moskva harbiy bosim orqali o‘z shartlarini o‘tkazishiga qarshi qaratilgan edi. 

“Putin janoblari, bu bema’ni urushni to‘xtating! Biz muzokaralarga tayyormiz, ushbu urushni yakunlash bo‘yicha bir-birimiz bilan gaplashishga tayyormiz. Ammo Ukrainaning tinch aholisiga nisbatan ushbu vahshiyona hujumlar to‘xtatilishi kerak”, deydi Germaniya kansleri. 

Shuningdek, Germaniya Ukraina energetika tizimini tiklash uchun 350 million yevro ajratgani ma’lum qilindi. Germaniya kompaniyalari, Ukraina hukumati va biznes vakillari o‘rtasida umumiy qiymati qariyb 6,6 milliard yevrolik 14 ta kelishuv ham imzolangan. Ular orasida Germaniyaning Diehl Defence kompaniyasidan IRIS-T havo mudofaa raketalarini yetkazib berish, Hensoldt kompaniyasidan radar uskunalarini xarid qilish hamda Quantum Systems kompaniyasidan reaktiv dronlarni tutib qoluvchi qurilmalarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar bor. 

Harbiy yordam bo‘yicha kelishuvlar Ukrainaga mudofaasini davom ettirish imkonini berishi mumkin, biroq ular urushning tez orada tugashini kafolatlamaydi. Frontdagi vaziyat, Rossiyaning keyingi qarorlari va G‘arb davlatlarining yordamni qay darajada davom ettirishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Mersning tashrifi urushni tugatgani yo‘q. Ammo u nafaqat Germaniyaning, balki butun Yevropaning tanlovini yana bir bor namoyon etdi. 

Saudiya yolg‘iz emas 

Saudiya Arabistoniga qilingan hujumlar endi shunchaki Ar-Riyod va husiylar o‘rtasidagi navbatdagi to‘qnashuv emas. 6–7 oktyabr kunlari mamlakatdagi ikki aeroportga berilgan zarbalar oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, 36 kishi jarohatlandi. Ikki oylik sukutdan so‘ng ko‘p gapirilgan Makka mudofaa pakti ham nihoyat amaliy harakat bosqichiga o‘tdi: Turkiya va Pokiston Saudiya Arabistoniga harbiy kuchlar va texnikalar yuborishga kelishdi. 

Joriy yilning 6 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining janubi-g‘arbidagi Abha xalqaro aeroporti, 7 oktyabr kuni esa poytaxt Ar-Riyoddagi Podshoh Xolid xalqaro aeroporti hujumlarga uchradi. Saudiya fuqaro aviatsiyasi idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, Abhadagi hujum oqibatida Marokash va Jazoir fuqarosi bo‘lgan ikki ayol halok bo‘lib, 28 kishi jarohatlangan. Ar-Riyod aeroportidagi hujumda esa Sudan fuqarosi vafot etgan, yana sakkiz kishi jarohat olgan. 

Husiylar – Yamanda faoliyat yurituvchi “Ansorulloh” harakati uzoq vaqtdan beri Saudiya Arabistoniga boshog‘riq bo‘lib kelardi. So‘nggi oylarda ularning Saudiya tomon hujumlari kuchaygani “Musulmon NATOsi” deb e’tirof etilgan Makka paktiga nisbatan ishonchsizlikning oshishiga sabab bo‘layotgan edi.

Aynan shunday vaziyatda kelishuvning asosiy tamoyili uning 4-moddasida qayd etilgan: uch davlatdan biriga qilingan qurolli hujum qolgan tomonlar xavfsizligiga ham tahdid sifatida ko‘rilishi kerak. Shu jihatdan u NATOning jamoaviy mudofaa tamoyilini eslatadi. 

5 oktyabr kuni Ar-Riyodda o‘tkazilgan shoshilinch yig‘ilish esa kelishuvni qog‘ozdagi bayonotdan amaliy hamkorlikka olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Tomonlarning qo‘shma bayonotida jamoaviy mudofaa majburiyatlarini bajarishga zudlik bilan kirishish, zarur qurolli kuchlar va harbiy salohiyatni Saudiya Arabistoniga tezkor joylashtirishga kelishilgani bildirildi. Bu – Makka paktining ilk amaliy harakati bo‘ldi. Lekin bayonotda nechta harbiy yuborilishi, qaysi qismlar jalb etilishi va ular qanday vazifalarni bajarishi ochiqlanmadi. 

7 oktyabr kuni Anqara Saudiya Arabistonida o‘z harbiy bazasini joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berdi. Xabarda Turkiya qisqa va o‘rta masofali zenit-raketa tizimlari yordamida Saudiya Arabistonining gaz va elektr energetikasi infratuzilmasidagi to‘rtta muhim ob’ektni himoya qilishda qatnashishi mumkinligi aytilgan. Shuningdek, 200 dan ortiq turk harbiy mutaxassisi Saudiya Arabistoniga yuborilgani, elektron kurash vositalari va raketa tizimlari yetkazilgani haqida ma’lumotlar e’lon qilindi. Biroq harbiy baza qurilishi hozircha amalga oshirilgan fakt emas, balki ko‘rib chiqilayotgan imkoniyat sifatida talqin qilinishi kerak. Xabar qilingan rejalar bo‘yicha Turkiya parlamentining roziligi ham talab etiladi. 

Anqaraning ehtimoliy yondashuvi tushunarli: Saudiya hududini raketa va dronlardan himoya qilish, razvedka ma’lumotlari bilan bo‘lishish, texnik va logistik yordam ko‘rsatish – Yaman ichkarisida bevosita jang qilishdan ancha farq qiladi. Turkiya Saudiya xavfsizligini mustahkamlashni istashi mumkin, biroq bu uning husiylarga qarshi quruqlikdagi urushga kirishini anglatmaydi. Bunday qadam Eron bilan munosabatlarga ham ta’sir ko‘rsatadi va Anqaraning mintaqadagi diplomatik manyovr imkoniyatlarini cheklashi mumkin. 

“Ammo bu mudofaa shartnomasi. Pakt ishtirokchisi bo‘lgan mamlakat hujumga uchraganda, siz uni himoya qilishda uni qo‘llab-quvvatlaysiz. Bu hujumkor shartnoma emas. Turkiya o‘z hududiga hujum qilish uchun boshqa davlatga qo‘shin yubormaydi”, dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan. 

Islomobodning esa Saudiya Arabistoni bilan uzoq yillik harbiy hamkorligi va podshohlik hududida avvaldan harbiy ishtiroki mavjud. Ammo bu safargi kelishuv doirasida aynan qancha qo‘shimcha kuch yuborilishi ochiqlanmagan. Pokiston uchun Saudiya xavfsizligini ta’minlash muhim bo‘lsa-da, husiylarga qarshi bevosita jangga kirish Eron bilan munosabatlari va mintaqadagi diplomatik roliga ta’sir qilishi mumkin. Shu bois, Makka pakti doirasidagi yordamning mudofaa, razvedka va texnik ko‘mak bilan cheklanishi ehtimolini ham hisobga olish kerak. 

Shuningdek, o‘rtada diniy omil ham mavjud ekanligi tomonlarni jim kuzatishga to‘sqinlik qilmoqda. Uch sunniy davlatning musulmon olami markaziga qilingan hujumni qaytarish burchi masalani nafaqat siyosiy, balki mafkuraviy darajaga ham olib chiqdi. 

“Agar kelishuv bo‘lmaganida va Saudiya Arabistoniga hujum qilinganida, ayniqsa, Makka va Madinaning muqaddas shaharlariga xavf solinsa, biz abadiy kelishuvga bog‘langanmiz, ya’ni biz Allohning uyi va Madinani himoya qilamiz. Ularni himoya qilish bizning diniy burchimizdir. Ha, dunyoviy kelishuvlar mavjud va ularning muqaddasligi bor, biz ham ularni hurmat qilamiz, lekin agar Allohning uyiga yoki Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom tug‘ilgan joyga hujum qilinsa, unda biron-bir joyda o‘tirgan musulmon oxir-oqibat birorta kelishuvni kutishga majbur bo‘lmaydi. Uni himoya qilish – bu bizning diniy burchimiz”, degan Pokiston Mudofaa vaziri Xavoja Osif. 

Muammoning yana bir tomoni – Saudiya Arabistonining o‘z hududini himoya qilishi bilangina emas, balki Yamandagi urushning qanday yakunlanishi bilan ham bog‘liq. Husiylar nazoratidagi hududlar va Qizil dengizni Adan qo‘ltig‘i bilan bog‘laydigan Bob al-Mandob bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat xalqaro savdo uchun ham muhim. Agar mojaro kengaysa, oqibatlari Saudiya va Yaman chegaralaridan ancha uzoqqa borishi mumkin. Shu sababli, ittifoqchilar uchun raketalarni tutib qolish va muhim infratuzilmani himoya qilish birinchi vazifa bo‘lishi mumkin, lekin bu husiylarning Yamandagi siyosiy-harbiy mavqeini o‘z-o‘zidan yo‘qqa chiqarmaydi. 

Qisqacha aytganda, Makka pakti endi birinchi muhim sinov oldida turibdi. NATOga qiyoslangan pakt o‘z ta’riflarini qanchalik oqlashini hali vaqt ko‘rsatadi. 
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing