Video: Cho‘kayotgan odam – Imomo‘g‘lu Erdo‘g‘anning g‘alabasiga shubha bildirdi
Olam
−
08 may 2019 11532 3 daqiqa
Avvalroq, Turkiya Markaziy saylov komissiyasi mamlakatda o‘tkazilgan mahalliy saylovlarning Istanbul shahri bo‘yicha natijalarini bekor qilgani haqida xabar bergan edik.
MSKning Istanbulda muxolifat “Jumhuriyat Xalq” partiyasidan nomzod Ekrem Imomo‘g‘li g‘alaba qilgan saylov natijasini bekor qilish haqidagi qaroridan keyin shaharliklar “kastryulli norozilik namoyishini” o‘tkazdi.
Istanbulning Beshiktosh, Kadiko‘y, Shishli tumanlarida yashovchi aholi vakillari MSK qarorini kastryul va tovalarni taqillatish tarzidagi norozilik bilan qarshi oldi. Noroziliklar kechki payt soat 22:00 atrofida Beshiktosh va Feriko‘y tumanida boshlangan, keyinroq boshqa tumanda yashovchilar ham ularga qo‘shilgan. Namoyishchilarni haydovchilar avtomobil signallari bilan qo‘llab-quvvatlab turgan.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining xabariga ko‘ra, Beshiktoshda bir necha yuz nafar odam to‘plangan. Ular “Huquq va adolat” deb baralla aytib harakatlanishgan. “Huquq va adolat” “Jumhuriyat Xalq” partiyasining shiori hisoblanadi.
MSK qaroriga Istanbuldagi saylovda g‘alaba qozongan Ekrem Imomo‘g‘li quyidagicha munosabat bildirdi:
– Nimamish? Saylov organlarlariga kelgan favqulodda shikoyatlar sabab saylov natijalari bekor qilinganmish. Ey do‘stim, ayni idoralar bilan o‘tgan yili iyundagi saylovlarda Prezident sayladik, ayni idoralar bilan aprelda referendum o‘tkazdik, boshqaruv o‘zgardi. Demak, boshqaruv ham shubhali, prezidentlik saylovi ham. Bizning Istanbul saylovlarimiz, onamning oq suti kabi halol ekaninini bilaman.
Ekrem Imomo‘g‘lu aprel va iyundagi voqealar xususida gapirganda, 2017 yil 16 aprelda Turkiyada boshqaruv tuzumida o‘zgarish qilish uchun o‘tkazilgan referendum hamda 2018 yil 24 iyunda mamlakat prezidentligi uchun muddatidan avval o‘tkazilgan saylovni nazarda tutgandi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyada 31 mart kuni mahalliy saylovlar o‘tkazildi. Istanbuldagi saylovda asosiy muxolif “Jumhuriyat Xalq” partiyasi vakili Ekrem Imomo‘g‘lu 48,8 saylovchining qo‘llab-quvvatlashi evaziga asosiy raqobatchisi “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan nomzod Binali Yildirimni 13 729 ta ovoz farqi bilan ortda qoldirgandi.
“Adolat va taraqqiyot” partiyasi shikoyatidan keyin MSK ovozlarni qayta sanab chiqdi. Natijada “Adolat va taraqqiyot” partiyasi hisobiga 10 mingdan ortiq ovoz qo‘shildi. Biroq yakuniy natija o‘zgarmay qoldi.
Imomo‘g‘lu 17 aprel kuni Istanbul meri vazifasini bajarishga kirishdi. O‘sha vaqtda MSK “Adolat va taraqqiyot” partiyasining saylov vaqtida ko‘plab qoidabuzarliklar bo‘lgani uchun natijalarni bekor qilish to‘g‘risidagi apellyatsiyasini ko‘rib chiqayotgandi.
Muxolif “Jumhuriyat Xalq” partiyasi 1994 yildan beri ilk bor Turkiyaning yirik shaharlari Istanbul va poytaxt Anqaradagi saylovlarda yetakchilik qila boladi. Shuningdek, uning nomzodlari Izmir, Antaliya, Adana va Mersinda ham g‘alaba qildi. Biroq umumiy hisobda 31 martda o‘tkazilgan mahalliy saylovlarda ATP g‘alaba qozondi.
Live
Barchasi