Putindan “oq fotiha”, sudga berilgan Tramp va Eronning yangi urush rejasi – WEEKEND

Tahlil

Reklama
0:00

Siyosiy parda ochildi. 30 yildan beri qog‘ozda qolib ketayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li bo‘yicha Pekin ochiqchasiga “Moskva rozi bo‘lmasa, bir qadam ham tashlamaymiz” degani ma’lum bo‘ldi. Qirg‘iziston Prezidenti shov-shuvli intervyu berdi. Sadir Japarov Kremlda Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan 40 daqiqalik tortishuvli suhbatda Bishkek qaysi kozirini ishlatgani va “asr loyihasi”ga qanday qilib “yashil chiroq” yoqilgani tafsilotlarini ochiqladi.

Putin propagandasi sharmandali bo‘ldi. Rossiya Prezidentining Novosibirskda AYOQSH yonida “to‘satdan” to‘xtab, bolalar bilan samimiy ko‘rishgani haqidagi kadrlar rasman e’lon qilindi. Ammo ko‘p qavatli uylar derazasidan olingan real videolar voqeaning asl holatini ochib qo‘ydi: aholi 2 soat oldin yig‘ilgani, AYOQSHda benzinning o‘zi umuman bo‘lmagani va atrofdagi narxlar yashirilgani, hatto derazadan qarash taqiqlangani aniqlandi.

Eron AQSH bilan urushni Donald Trampning prezidentlik muddati tugagunga qadar – 2029 yilgacha cho‘zishni va Vashingtonga og‘ir moliyaviy hamda siyosiy badal to‘latishni rejalashtirmoqda. Bu strategiya global energetika bozoriga qanday zarba beradi?

Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postlarini sotyapti. Unga oyiga 100 ming dollar to‘lagan fondlar Trampning bitta posti orqali soniyalar ichida millionlab dollar foyda ko‘rmoqda. AQSHda prezidentlik instituti va davlat qarorlari tijoratga aylanib borayotgani sababli OAV vakillari Oq uy rahbarini sudga berdi. Endi nima bo‘ladi? Bu hafta yakunida “Weekend”da aynan shu mavzular muhokama qilinadi.

Putindan “oq fotiha” olingan

Odatda, mustaqil davlatlar o‘z hududida logistika va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun boshqa bir uchinchi mamlakatdan ruxsat so‘rashi ajabtovur ko‘rinadi. Lekin Markaziy Osiyo geosiyosatida bunday “yozilmagan qoidalar” borligi ilk bor tan olindi. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov jurnalist Ali Toktakunovga bergan shov-shuvli intervyusida aynan shunday achchiq haqiqatning pardasini ochdi. Uning aytishicha, agar Moskva yashil chiroq yoqmaganida, mintaqadagi “asr loyihasi” hisoblangan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li qog‘ozda qolib ketaverar edi.

Japarovning ta’kidlashicha, bu temiryo‘l qurilishi haqida Sovet Ittifoqi parchalanganidan beri gapiriladi, lekin 30 yil davomida loyihaning “aravasi joyidan jilmagan”. 2020 yilda hokimiyatga kelgach, Japarov masalani ko‘ndalang qo‘yib, Xitoyning o‘sha paytdagi elchisi Du Devenni qabuliga chaqirgan.

“Men Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li loyihasini boshlashni xohlayman. Keling, boshlaylik. Mutaxassislarni olib keling, texnik-iqtisodiy asoslarini (TIA) tayyorlaymiz, loyihani ishlab chiqamiz. Kim qancha mablag‘ kiritishini, qanday shartlarda ekanini ko‘rib chiqaylik. Oliy darajada O‘zbekiston bilan ham gaplashamiz dedim”, degan Japarov.

Ammo pekinlik diplomatning javobi qirg‘iz tomonining shashtidan tushirib qo‘yadi. Elchi ochiqchasiga Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Jamoaviy xavfsizlik shartnomasi tashkiloti a’zosi ekanini, agar Moskva bunga rozilik bermasa, Pekin biror bir qadam tashlamasligini aytgan.

“Elchi Du Deven “agar Rossiya qarshi bo‘lsa yoki rozilik bermasa, biz bu yo‘l qurilishini boshlay olmaymiz” deya masalaga nuqta qo‘ygan”, dedi Qirg‘iziston Prezidenti.

Xitoyning bu ehtiyotkorligi sababsiz emasdi. Loyiha uchun birgina Xitoyning o‘zi Torugartgacha qariyb 100 kilometrlik yangi tarmoq tortishi kerak edi. Ikki gigant – Pekin va Moskva o‘rtasidagi nozik geosiyosiy muvozanatni buzish esa Xitoy rejalariga kirmasligi tabiiy. Intervyuda aytilishicha, shundan so‘ng Japarov Moskvaga yo‘l oladi va Vladimir Putin bilan “yuzma-yuz” 40 daqiqalik tortishuvli suhbat o‘tkazadi.

“Yakunda uni ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldim. Xitoyning pozitsiyasini ham tushunsa bo‘ladi. Bular – buyuk davlatlar. Dunyoning eng yirik davlatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, bular – Xitoy, Rossiya, AQSH. Ular bir-birlarining pozitsiyalarini hisobga olmasdan iloji yo‘q. Shunga ko‘ra, Vladimir Vladimirovichning huzuriga bordim”, dedi Japarov.

Japarovning Putin oldidagi asosiy koziri Bishkekning “transport tupigida” qolgani bo‘lgan. Prezidentning gapiga ko‘ra, “bu yo‘l bizga suv va havodek zarur” deya olingan rozilikdan so‘nggina loyihaning zanglagan charxpalagi aylana boshladi. Bor-yo‘g‘i 35–40 daqiqalik siyosiy savdolashish orqali taqdiri hal bo‘lgan bu loyihani Japarov “shunchaki uch davlat o‘rtasidagi yo‘l emas, balki yangilangan Buyuk ipak yo‘li” deb atadi. Prezidentning ta’kidlashicha, magistral, eng avvalo, Qirg‘izistonning o‘ziga kerak.

“Bu yo‘l, birinchi navbatda, Xitoyga, O‘zbekistonga, Yevropa yoki AQSHga kerak emas. U Qirg‘izistonga kerak. Temiryo‘l – tarixiy miqiyosdagi loyiha. U sabab biznes yuritish osonlashadi, tovar aylanmasi arzonlashadi, transport xarajatlari kamayadi”, dedi u.

Qirg‘iziston Prezidentining hisob-kitoblariga ko‘ra, foydali qazilmalar tugagach, aynan ushbu tranzit liniyasi mamlakatning “yangi Qumtori”ga, ya’ni oltin koniga aylanadi. Shunchaki konteynerlarni o‘tkazib yuborish orqali Bishkek yiliga 400-500 million dollar atrofida sof foyda ko‘rishni mo‘ljallamoqda.

“U bizni, tafakkurimizni va hayotimizni o‘zgartiradi. Bizda tranzit paydo bo‘ladi. Faqatgina Qirg‘iziston orqali yuklar tranziti hisobiga byudjetga kamida 400−500 million dollar sof foyda kelib tushishi mumkin”, dedi u.

Bishkek loyihadan katta daromadlar va narxlar arzonlashishini kutayotgan bir paytda, real manzara ancha boshqacha. Japarov aniq tan olish bilan Bishkekning yillar davomida infratuzilmada qanchalik ortda qolganini O‘zbekiston misolida ko‘rsatib o‘tdi.

“1990 yillardan beri O‘zbekiston 1200 kilometrdan ortiq yangi temiryo‘l barpo etgan bir paytda, Qirg‘izistonda bori ham talon-toroj qilingan – 45 kilometrlik tarmoq yo‘q qilinib, relslar va shpallar o‘rnida xususiy biznesning neft bazalari paydo bo‘lgan”, dedi prezident.

Endi asosiy mavzuga qaytamiz. Umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholanayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li gigant loyihasining yarmini (2,3 mlrd dollar) Xitoy 35 yil muddatga kredit sifatida ajratadi. Qolgan qismi esa qo‘shma korxona ustav kapitaliga kiritiladi (Xitoy – 51%, O‘zbekiston va Qirg‘iziston – 24,5%dan).

Geosiyosiy bosimlar va uchinchi kuchlarning “duosi” bilan amallab boshlangan ushbu loyiha Markaziy Osiyoni haqiqatan ham dunyoga ochadimi yoki Pekinning moliyaviy jilovini yanada mustahkamlaydimi – buni vaqt ko‘rsatadi.

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning yana bir gapi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Japarov agar rejalari o‘xshaganda, 2027 yilda hokimiyatni “o‘z irodasi bilan” do‘sti, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevga topshirib, o‘zi tinchgina dam olishga ketmoqchi bo‘lganini ochiqladi.

“Mening shaxsiy rejam 6 yil ishlab, 2027 yilda saylovda qatnashmaslik edi. Agar Qamchi o‘sha vaqtga kelib tayyor bo‘lsa, yaxshi ishlasa va tajriba orttirsa, uning saylovda qatnashishini istardim. O‘zim qatnashmay, Qamchini prezident qilmoqchi edim va dam olishga ketmoqchi edim”, dedi Japarov.

Prezidentning ta’kidlashicha, u bu haqdagi “ko‘ngil yozishmalari” va rejalarini Tashiyevning o‘ziga taxminan 2 yil avval aytgan. Biroq bu yerda bir kichik, ammo o‘ta muhim detal nazardan qochgandek. Qirg‘iziston – monarxiya yoki shaxsiy mulk emas, balki suveren respublika. Mamlakat Konstitutsiyasiga ko‘ra, davlat rahbari u yoki bu shaxsning xohish-istagi, “do‘stona sovg‘asi” yoki taxt vorisligi tartibida emas, balki faqat va faqat umumxalq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Prezident o‘zicha “hokimiyatni topshirishni rejalashtirishi” demokratik jamiyatda, yumshoq qilib aytganda, konstitutsion tamoyillar va saylovchilar irodasiga bo‘lgan nopisandlikdek tuyuladi.

Sadir Japarov navbatdagi prezidentlik saylovida ishtirok etib, ikkinchi muddatga saylanish uchun nomzodini qo‘yish niyati borligini bildirdi.

“Men yana bir muddatga nomzodimni qo‘yish va ishimni davom ettirish niyatidaman. Saylovda ishtirok etishni istaganlar nomzodini qo‘ysin. Hech kimni cheklamaymiz”, degan Sadir Japarov.

Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovi 2027 yil 27 yanvar kuni o‘tkazilishi kerak.

“Tasodifiy” samimiyat.  Ijro etadi – Putin

Kreml targ‘ibot mashinasi yillar davomida bir xil ssenariy asosida ishlab kelayotgan mahsulotini yana ko‘rsatdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novosibirskka tashrifi chog‘ida aeroportga ketaverishda kortejini “to‘satdan” to‘xtatib, yo‘l chetida kutib turgan bolalar bilan diydorlashishi “Rossiya-1” telekanali tomonidan “prezidentning xalqqa bo‘lgan samimiy va kutilmagan e’tibori” sifatida taqdim etildi.

Ammo mustaqil nashrlar, xususan, “Meduza”, “Sibirskiy ekspress” va mahalliy fuqarolar tomonidan olingan hamda Telegram-kanallarda tarqatilgan videolar voqeaning aslini – Kreml uyushtirgan “sahna ko‘rinishi”ni fosh qilib qo‘ydi.

Kreml jurnalisti Pavel Zarubin tarqatgan rolikda Putin atrofida quvonchdan qichqirayotgan bolalar qurshovida ko‘rinadi. Lekin voqea joyi yaqinidagi ko‘p qavatli uylar derazasidan olingan real kadrlar bu jarayon uchun anchayin tayyorgarlik ko‘rilganini ochib qo‘ydi.

“Insident Novosibirsk” ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar va aholi kortej o‘tishidan kamida 2 soat oldin, qat’iy nazorat ostida o‘sha nuqtaga yig‘ilgan.

Qolaversa, “samimiy” va “tasodifiy” uchrashuv “Teboil” avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi yonida bo‘lib o‘tgan. Biroq o‘sha vaqtda mazkur AYOQSHda benzinning o‘zi umuman bo‘lmagan, yonilg‘i narxlari aks etadigan elektron tablo esa o‘chirib qo‘yilgan.

“Sibirskiy ekspress” surishtiruvlariga ko‘ra, Prezident o‘tadigan yo‘nalish bo‘ylab AI-95 benzinini litriga 125 va 148 rubldan, haddan tashqari qimmat sotayotgan “Tatneft” va “Grand” tarmoqlari aynan tashrif kuni faoliyatini vaqtincha to‘xtatib, tablolarini o‘chirishga majbur bo‘lgan. “Vot Tak” nashrining manbalari esa ayrim shoxobchalarda narxlar sun’iy ravishda pasaytirib ko‘rsatilganini ta’kidlamoqda.

Tashrif oldidan Novosibirsk markazida shoshilinch ravishda asfalt yotqizilib, hatto samokatda yurish taqiqlangan. Kortej o‘tadigan ko‘chalardagi uylar aholisiga va Akademgorodok talabalariga derazaga yaqinlashmaslik, pardalarni yopish to‘g‘risida og‘zaki “ko‘rsatmalar” berilgan.

Xalqaro siyosiy tahlilchilarning ta’kidlashicha, Kreml uchun bunday “kutilmagan” uchrashuvlar – ichki auditoriyaga yo‘naltirilgan piarning ajralmas qismi hisoblanadi. Balandparvoz urush ritorikasi va iqtisodiy sanksiyalar fonida diktatorga “xalq sevgisi” va “kelajak avlod bilan muloqot” suv va havodek zarur.

Novosibirskdagi holat Rossiya hududlarida kuzatilayotgan yonilg‘i inqirozi va narxlarning keskin qimmatlashishi fonida yanada kulgili ko‘rinadi.

Novosibirsk aholisi soatlab tirbandliklarda qolgani, “xavfsizlik” bahonasi bilan o‘z uyining derazasiga yaqinlasha olmagani bir chetda qolib, yonilg‘isi tugagan AYOQSH yonida tomosha ko‘rsatish – zamonaviy Rossiya siyosiy rejimining asl realiti-shousiga aylandi deyish mumkin. Rossiyadagi taqchillik va shu sababli Markaziy Osiyoning bu mamlakatdan uzoqlashishi haqida alohida material tayyorlaganmiz. Uni ekranlaringizda paydo bo‘lgan sarlavha orqali qidirib, tomosha qilishingiz mumkin.

Tehronning qasos strategiyasi

Yaqin Sharqdagi keskinlik mantiqiy va diplomatik yechimlardan tobora uzoqlashib, uzoq davom etadigan “charchatish urushi” bosqichiga o‘tmoqda. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni maslahatchisi, brigada generali Muhammad Rizo Naqdiyning PBS telekanaliga bergan shov-shuvli intervyusi Tehronning asl geosiyosiy maqsadlarini ko‘rsatyapti. Eron AQSH bilan 2026 yil fevral oyida boshlangan harbiy to‘qnashuvni Donald Trampning prezidentlik muddati tugagunga qadar, ya’ni 2029 yil boshigacha cho‘zish ssenariysini ko‘rib chiqmoqda.

Tehron Oq uydagi hozirgi ma’muriyat bilan barqaror tinchlikka erishishga ko‘zi yetmay qolgach, vaqtni paysalga solish va Tramp siyosiy sahnadan ketgunicha “badal to‘latish” taktikasini tanladi.

General Naqdiyning ta’kidlashicha, Eronning asosiy maqsadi – kelgusida har qanday tajovuzning oldini oladigan va boshqalarga dars bo‘ladigan strategik tiyib turish mexanizmini yaratishdir.

“Biz dushman hech qachon bizga hujum qilishga jur’at eta olmaydigan darajadagi tiyib turish omiliga erishishimiz kerak. Buning yo‘llaridan biri – bu urushni keyingi prezidentlik muddatigacha cho‘zish va shunday zarar yetkazishki, agar yana kimdir Eronga hujum qilishni istasa, buning uchun katta badal to‘lashiga to‘g‘ri kelishini bilsin”, – dedi Naqdiy.

Shuningdek, Fors ko‘rfazi va Hormuz bo‘g‘ozidagi savdo kemalari hamda tankerlarga qilingan hujumlar yuzasidan berilgan savolga general xalqaro huquqni o‘ziga xos tarzda talqin qilib javob qaytardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urush sharoitida “xavf tug‘diruvchi transport artilleriyalarini nazorat qilish” to‘liq qonuniydir:

“Urush sharoitida biz tahdid soluvchi har qanday transport artilleriyasini nazorat qilishimiz mumkin. Xalqaro huquq aynan shuni nazarda tutadi. Dunyoning qaysi nuqtasida urush bo‘lsa, shu qoida amal qiladi”, – deya qo‘shimcha qildi IIQK vakili.

AQSH va Eron o‘rtasidagi keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuvlar 2026 yil fevral oyi oxirida boshlangan edi. Oradan atigi 20 kun o‘tib, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining ma’lum qilishicha, Vashingtonning o‘zi “ilojsiz ishni boshlagani”ni anglab yetgach, vositachilar orqali sulh taklif qilgan.

Joriy yilning 18 iyun kuni tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan bo‘lsa-da, qog‘ozdagi kelishuv siyosiy irodaning yo‘qligi tufayli tezda barbod bo‘ldi. Tehron Vashingtonni memorandum shartlarini bajarmaslikda va “kuch ishlatish manyovrlarini to‘xtatmaslikda” ayblab, harbiy harakatlarni qayta boshladi. Aroqchiga ko‘ra, AQSH memorandum majburiyatlariga jiddiy qaramasa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Hozirda tomonlar faqat Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Pokiston va Shveysariya kabi vositachilar orqali “sovuq” xabar almashish bilan cheklanmoqda.

Tehronning ushbu strategik yondashuvidan nima kutish mumkin, keling ko‘rib chiqamiz. Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati 2025 yil yanvarga to‘g‘ri keladi va AQSH Konstitutsiyasining 22-tuzatishiga muvofiq, 2029 yil 20 yanvarda o‘z nihoyasiga yetadi. U uchinchi muddatga saylana olmaydi. Eron strategiyasi aynan shu xronologik nuqtaga qaratilgan.

Eronning mazkur bayonoti global energetika bozori uchun ogohlantirish signalidir. Hormuz bo‘g‘ozi orqali dunyo neftining 20 foizi o‘tadi. Trampning muddati tugaguncha urushni cho‘zish rejasi benzin va logistika narxlarining dunyo bo‘ylab keskin qimmatlashishini anglatadi.

Tehron AQSH ichidagi siyosiy bo‘linishdan unumli foydalanmoqchi. Uzoq davom etadigan, resurslarni sovuradigan va amerikalik harbiylar hayotiga tahdid soladigan urush Trampning “Amerikani yanada buyuk qilamiz” degan va’dalariga va Respublikachilar partiyasining reytingiga salbiy zarba berishi katta ehtimol bilan hisob-kitob qilingan. AQSHning saylov sikli asosiga qurilgan bu “shaxmat o‘yinining yangi partiyasi” Yaqin Sharqni yana kamida 2,5 yil davomida doimiy urush tutuni va geosiyosiy beqarorlik ichida ushlab turishi mumkin.

Trampning 100 ming dollarlik postlari

Donald Tramp va uning atrofidagilar Oq uyga qaytgach, nafaqat tashqi siyosatda shov-shuv ko‘tarmoqda, balki mamlakat ichida ham OAV, erkin matbuot va mustaqil tashkilotlarning jiddiy qarshiligiga duch kelmoqda. Bu safar gap shunchaki siyosiy bahslar haqida emas, balki Prezidentning ommaviy bayonotlari va davlat qarorlarini oshkora tijoratlashtirish – sotish haqida bormoqda.

AQSHning nufuzli “The Intercept” nashri va Matbuot erkinligi jamg‘armasi AQSH Prezidenti Donald Tramp va unga tegishli kompaniyaga qarshi Okrug sudiga da’vo arizasi kiritdi. CNBC xabariga ko‘ra, 12 avgust kuni ma’lum qilingan ushbu da’voda Tramp ma’muriyati “korrupsion va konstitutsiyaga zid sxema” yaratishda ayblanmoqda.

Mojaro markazida Trampga tegishli “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘i va uning bosh kompaniyasi – “Trump Media & Technology Group” tomonidan iyul oyi oxirida ishga tushirilgan “Truth API” xizmati turibdi.

Bu xizmatning mohiyati sodda va shu bilan birga kimlar uchundir dahshatli. Sodda qilib tushuntirganda, Tramp o‘z postlarini boshqalarga qaraganda oldinroq o‘qish imkonini sotadi. Narx ham otning kallasiday. Kimdir oyiga 100 ming dollar pul to‘lasa, Tramp va uning ma’muriyati, aniqroq aytganda, Vitse-prezident Jey Di Vens, FQB direktori Kesh Patelning yangi postlarini oddiy xalq va ommaviy axborot vositalaridan bir necha daqiqa oldinroq o‘qiy oladi.

Donald Tramp 2025 yil yanvarda Oq uyga qaytganidan beri Truth Social’da 10 mingdan ortiq xabar qoldirgan. Uning ko‘plab muhim iqtisodiy va geosiyosiy qarorlari – tariflar, sanksiyalar, tayinlovlar va urush fonidagi bayonotlari Oq uyning rasmiy saytlarida emas, aynan ushbu tarmoqda birinchi bo‘lib e’lon qilinmoqda.

Sizda ham savol paydo bo‘lgandir: nega bir necha daqiqa uchun 100 ming dollar to‘lashadi? Gap shundaki, Uoll-stritdagi yuqori tezlikda savdo qiluvchi fondlar uchun Trampning bitta posti aksiyalar, neft yoki valyuta kursini soniyalar ichida ag‘dar-to‘ntar qilib yuborishi mumkin. Trampning bayonotini boshqalardan 5 soniya oldin olgan odam ertaroq chiqargan qarori uchun bir necha million dollarlik sof foyda oladi.

“Trump Media & Technology Group” bosh direktori vazifasini bajaruvchi Kevin MakGernning tan olishicha, hozirda bu xizmatga 10 dan ortiq yirik moliyaviy korporatsiya va sun’iy intellekt kompaniyalari obuna bo‘lgan.

Ishning eng o‘tkir tomoni shundaki, Donald Trampning o‘zi “Trump Media & Technology Group”ning eng yirik aksiyadori hisoblanadi. Ya’ni, AQSH Prezidenti davlat vakili sifatida qabul qilayotgan qarorlaridan olinadigan axborotni pullash orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z shaxsiy hamyonini kattalashtiryapti.

Da’vogarlar bu holatni AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan so‘z va matbuot erkinligi hamda tenglik va tegishli huquqiy tartib tuzatishlarining ochiqdan-ochiq buzilishi deb atamoqda.

Jamoatchilik uchun mo‘ljallangan va butun dunyo iqtisodiyotiga ta’sir qiladigan Prezident bayonotlariga boylar hamda Uoll-strit gigantlarining pul evaziga ertaroq kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi – ochiqdan-ochiq axborot tengsizligidir.

Demokratiyaning markazi sifatida baholanadigan AQSHdagi vaziyatni ko‘rib turibsiz. Endi sizga savol: agar Prezidentning so‘zi va davlat qarori pullik obunaga aylansa, bu mamlakatdagi demokratiya va tenglik haqida gapirish qanchalik mantiqiy?


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing