Wildberries yonyapti. Ukraina nishonida o‘zbeklar

Olam

Reklama
0:00

Ukraina Rossiyani ayamayapti

Ukraina birin ketin “Rossiya Amazoni”ni kulga aylantirmoqda. Bugun, 5 avgust kuni Rossiyaning Tula viloyatidagi Wildberries logistika markazi dron hujumidan so‘ng yonib ketdi. Bir kun avval esa Ukraina dronlari Moskva viloyatining Chexov shahridagi Wildberries omborlariga hujum qilgandi. Oqibatda 5 kishi halok bo‘ldi, yana 6 kishi jarohatlandi. Dronlar hujumidan so‘ng, omborda yirik yong‘in yuzaga keldi.

Bundan avval, 3 avgustga o‘tar kechasi Ukraina Rossiyaning Belgorod shahridagi dronlar ishlab chiqariladigan universitetiga ham zarba bergan edi.
Wildberries norasmiy ravishda “Rossiya Amazoni” deb ataladi. Ukraina ushbu omborlar Rossiyaning logistika va harbiy ta’minot zanjiriga xizmat qilayotganini da’vo qilmoqda. Rossiya esa bu ayblovlarni rad etmoqda. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, kompaniyaning logistika quvvatining qariyb 17 foizi zarar ko‘rgan.

Xo‘sh, dunyodagi eng qudratli armiyalardan biriga ega deya e’tirof etiladigan Rossiya nega bu hujumlarning oldini ololmayapti?

“Rossiya Amazoni” nishonga olinmoqda

Ukraina so‘nggi haftalarda norasmiy tarzda “Rossiya Amazoni” deb ataladigan Wildberries kompaniyasiga tegishli omborlarni birin ketin nishonga olmoqda. 5 avgustga o‘tar kechasi Tula viloyatining Aleksin shahridagi Wildberries saralash markazi dron hujumiga uchradi. Viloyati gubernatori Dmitriy Milyayevning ma’lum qilishicha, hududda taxminan Kiyev vaqti bilan soat 00:34 da raketa xavfi e’lon qilingan. Hujumlar mahalliy vaqt bilan tonggi soat 04:56 gacha davom etgan. Milyayevning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchisiz uchish apparatlari Aleksin shahridagi kompaniyaning mahsulotlarni saralash markazi hududiga qulagan va yong‘in kelib chiqqan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bir kishi jarohat olgan. Shuningdek, gubernatorning aytishicha, Venyov tumanidagi 2 ta ko‘p qavatli uyda hamda Novomoskovsk va Uzlov tumanlaridagi 2 ta ishlab chiqarish ob’ektida zarar qayd etilgan. Tongga yaqin Moskva meri Sergey Sobyanin havo mudofaa kuchlari Rossiya poytaxti tomon uchib kelayotgan 10 ta dronni urib tushirganini ma’lum qildi.

Aleksindagi Wildberries logistika markazi Rossiyadagi eng yirik omborlardan biri hisoblanadi. 2023 yilda bu yerda avtomatlashtirilgan saralash liniyasi ishga tushirilgan bo‘lib, u kuniga 160 mingtagacha mahsulotni saralash quvvatiga ega. Omborning umumiy maydoni esa taxminan 150 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

Kecha, 4 avgust kuni Ukraina dronlari Leningrad viloyatidagi Wildberries omboriga zarba berishi oqibatida yirik yong‘in kelib chiqdi. Oqibatda 5 kishi halok bo‘ldi, yana 6 kishi jarohatlandi. Hujum oqibatida ombor majmuasining katta qismini alanga qamrab olgan va infratuzilmaga jiddiy zarar yetgan.

Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning ma’lum qilishicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari Moskva viloyatiga uyushtirilgan dronlar hujumini qaytargan. Shuningdek, Vorobyovning aytishicha, Sonechkova qishlog‘ida dron parchalari xususiy uy va avtomobilga zarar yetkazgan. U yerda yuzaga kelgan yong‘in o‘chirilgan, jabrlanganlar qayd etilmagan.

Hafta boshidan buyon Ukraina dronlarining asosiy nishoni Wildberries kompaniyasining logistika markazlari bo‘lmoqda. Vladimir viloyatidagi xuddi shunday logistika markazlaridan biri Ukraina dronlarining hujumiga uchradi.

Vladimir viloyati gubernatori Aleksandr Avdeyevning ma’lum qilishicha, dronlar Sobinsk tumanida joylashgan omborni nishonga olgan. Hujum oqibatida yong‘in kelib chiqqan, binoga zarar yetgan va bir kishi jarohat olgan.

Aleksandr Avdeyevning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inni bartaraf etish ishlariga 203 nafar o‘t o‘chiruvchi va 67 ta maxsus texnika jalb etilgan. Maydoni 100 ming kvadrat metrni tashkil etgan yong‘in qariyb 14 ta futbol maydoni hajmidagi hududni qamrab olgan. Wildberries kompaniyasi hujumni tasdiqlab, barcha xodimlar evakuatsiya qilingani, buyurtmalarni jo‘natish va yetkazib berish esa boshqa logistika markazlariga yo‘naltirilganini ma’lum qildi. Kompaniya asoschisi va bosh direktori Tatyana Kim 18 iyuldan buyon Wildberries’ning o‘ndan ortiq logistika ob’ektiga uyushtirilgan hujumlarni “terrorizm aktlari” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujumlar oqibatida 10 ta mamlakatdagi hamkor korxonalar faoliyatiga ham jiddiy zarar yetgan.

Bundan tashqari shu kunning o‘zida, Ukraina Rossiyaning Belgorod shahridagi dronlar ishlab chiqiladigan universitetiga ham zarba berdi. Bir necha zarbadan so‘ng o‘quv muassasasi hududida yong‘in yuzaga kelib, binolardan biri butunlay yonib ketgan. Ma’lum qilinishicha, aynan shu binoda “Milandr” mikroprotsessori asosida uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqilgan va sinovdan o‘tkazilgan. Universitet ushbu loyiha elektr uzatish tarmoqlarini nazorat qilish, issiqlik quvurlarini monitoring qilish hamda aerofotosuratga olish kabi fuqarolik maqsadlarida qo‘llanishini bildirgan. Shuningdek, joriy yilning yozida mazkur oliygoh maktab o‘quvchilari uchun dronlar yaratishga bag‘ishlangan yozgi o‘quv dasturiga qabul e’lon qilgan edi. Rossiya rasmiylari universitetga berilgan zarba yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermagan.

Umuman olganda, iyun oyida Ukraina zarbalari asosan neft bazalari va harbiy aerodromlarga qaratilgan bo‘lsa, iyul oyidan boshlab asosiy nishon logistika markazlariga aylana boshladi. Ukraina bu omborlar Rossiyaning logistika va harbiy ta’minot zanjiriga xizmat qilayotganini da’vo qilmoqda. Rossiya esa bu iddaolarni rad etmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, Ukraina Rossiyaning iste’mol bozori va logistika tizimining muhim bo‘g‘ini hisoblangan, ko‘pincha Rossiya Amazoni deb ataluvchi Wildberries faoliyatini izdan chiqarishga urinmoqda.

Forbes nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari bir necha hafta ichida Wildberries omborxona ob’ektlarining kamida 17 foizini yo‘q qilgan. Ushbu hujumlar natijasida kompaniya ulkan zarba ko‘rdi. 18 iyuldan buyon Ukrainaning Wildberries ob’ektlariga uyushtirgan ketma-ket hujumlari natijasida kompaniya logistika quvvatining qariyb 10 foizi ishdan chiqqan.

25 iyun kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani tinchlikka majbur qilishga qaratilgan Xavfsizlik xizmatining 40 kunlik operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

O‘zbekiston tadbirkorlari ham dron hujumlaridan zarar ko‘rdi

Nafaqat Rossiyadagi, balki butun MDHdagi eng yirik onlayn do‘kon hisoblangan Wildberries omborlarining yonishi tabiiyki uning ichida saqlanayotgan maxsulotlarning egasi tadbirkorlarga ham katta ziyon keltirmoqda.  Wildberries asoschisi va bosh direktori Tatyana Kim Ukraina dronlarining kompaniya logistika ob’ektlariga qilgan hujumlari oqibatida O‘zbekiston va boshqa bir qator mamlakatlar tadbirkorlari milliardlab zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Kim 31 iyul kuni o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilgan videomurojaatida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Belarus, Armaniston, Xitoy va boshqa mamlakatlardan bo‘lgan tadbirkorlar ushbu hujumlar sababli katta iqtisodiy yo‘qotishlarga uchraganini ta’kidlagan.

“Terrorchilar bizga zarba berish orqali haqiqiy sabablarni yashirmoqda hamda bizni harbiy tovarlar sotayotganlikda ayblamoqda. Lekin har qanday global marketpleysni – Amazon yoki Alibabani ochib ko‘rishingiz mumkin, bizda ular sotmayotgan biror narsa bor-yo‘qligini ko‘rasiz.Terrorchilarning harakatlarida hech qanday mantiq, aql-idrok yoki ratsionallik yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Dushman Wildberries’ga qilingan hujumlar oddiy fuqarolarga qaratilganini o‘zi ochiqcha ma’lum qildi. Ularning yagona maqsadi – bosim o‘tkazish, vaziyatni beqarorlashtirish hamda ko‘plab insonlar orasida sarosima va shok keltirib chiqarishdir”, dedi Tatyana Kim.

Tatyana Kimning aytishicha, kompaniya har kuni o‘z ob’ektlarining himoyasini kuchaytirib, dronlar hujumlarining katta qismini qaytarmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, logistika markazlari mavjud himoya vositalari bilan jihozlangan bo‘lib, xavfsizlik tizimlari muhandislik yechimlari asosida muntazam takomillashtirilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing