Ularga kuyov, kuyovga pul, menga uy kerak bo‘lgan – Sanjar Karimov
Intervyu
−
24 aprel 12249 4 daqiqa
Bugun, 24 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida tadbirkor, bloger “Real Sanjik” – Sanjar Karimovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Avval xabar berganimizdek, Sanjar Karimov Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi hamda 273-modda (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Sud avvalida, Karimovning advokatlari tomonidan “Gonzo” nomi bilan faoliyat yurituvchi bloger Geydar Aliyev Sanjar Karimovga oid sud jarayonlarini noxolis yoritgani, uni “mashka-moshennik” deb atagani hamda advokatlar katta pul evaziga uni himoya qilayotganini keng ommaga aytib, sudning xolis va ochiqligiga putur yetkazganini bong urgani keltirildi va e’tiroz bildirildi.
Shuningdek, sud tomonidan mazkur sud jarayonlari ommaviy axborot vositalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritilishiga qisman cheklov (videotasvirga olish taqiqlangan, biroq audio va suratga olish ruxsat berilgan) qo‘yilganiga qaramay, u sud jarayonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kadrlar olib, ushbu tasvirlarni o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirgan. Karimovning himoyachilari mazkur dalillarni yig‘ma jild qilgan holda, sudga taqdim etib, blogerni sud majlisidan chiqarib yuborish to‘g‘risida iltimosnoma kiritdi.
Sudda davlat ayblovchisi Navro‘zbek Saparov kechikkani sababli ishtirok etmagani tufayli, raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyev ajrim qilish uchun qisqa tanaffus e’lon qildi.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, Navro‘zbek Saparov majlisga yetib keldi va sud majlisi davom ettirildi. Sud ajrimiga ko‘ra, bloger “Gonzo” sud majlisidan chiqarib yuborildi. Shu bilan birga, boshqa ommaviy axborot vositalariga voqealarni haqqoniy yoritish tavsiya etildi.
Shundan so‘ng, sud majlisida 2025 yil 27 noyabr kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan kechiktirib bo‘lmas tintuvda ishtirok etgan guvohlarning ko‘rsatmalari tinglandi.
Tezkor tadbir davomida ish hujjatlarida qayd etilmagan, Sanjar Karimovga tegishli bo‘lgan boshqa uy-joylar ham ruxsatsiz tintuv qilingani ma’lum bo‘ldi.
Tintuv davomida Karimovning ofis stoli tortmasidan “Parliament” tamaki mahsuloti qutisi ichida polietilen paketga o‘ralgan qo‘ng‘ir rangli, o‘tkir hidli mumsimon modda, turli kupyuralarga o‘ralgan yashil rangli o‘tsimon moddalar, chekish uchun mo‘ljallangan 0,5 litrli "baklajka" idishi hamda xonadon yerto‘lasidagi kiyim javonidan palto ichki cho‘ntagidagi gugurt qutisi ichida saqlangan yashil rangli o‘tsimon moddalar topilgani aytildi.
Ayblanuvchi Sanjar Karimov ushbu moddalar marhum otasiga tegishli bo‘lganini bildirdi. Uning aytishicha, otasi AQSH fuqarosi bo‘lgan va umrining so‘nggi ikki yilini O‘zbekistonda oilasi hamda o‘g‘li bilan birga o‘tkazgan. Shuningdek, u otasi bilan birgalikda mazkur ofisni boshqargani, tutash xonadonda otasi yashaganini ham qayd etdi. Karimovning so‘zlariga ko‘ra, otasi salomatligi yomonlashgani sababli ushbu moddalarni iste’mol qilgan.
Sanjar Karimov otasining vafotidan keyin ruhiy tushkunlik holatida "baklajka" orqali ikki marta giyohvandlik moddasini yakka o‘zi iste’mol qilganini, biroq ushbu moddalarni sotish yoki tarqatish maqsadida saqlamaganini, bu shunchaki otasidan qolgan meros ekanini aytdi.
“Janob sudya bu moddalar marhum otamga tegishli edi. Otam keksaligi tufayli, og‘riqlarini qoldirish maqsadida chekib turardi. Otam vafotidan keyin siqilganda ikki marta chekib ko‘rganman, tan olaman, lekin sotish yoki tarqatish niyatim bo‘lmagan, bu otamdan qolgan meros. Men katta tadbirkorman, bunday ishlar bilan shug‘ullanishga or qilaman”, deya izoh berdi Karimov.
Sud majlisida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan uy-mojarosi haqida ham so‘z bordi. Bu galgi sudda yana takroran ayblanuvchi tomoni Alimboyevlarga tegishli uy-joyni marhum otasining nomidan o‘zlariga qaytarishga tayyorligini ma’lum qildi. Mabodo Alimboyevlar mazkur hadyani qabul qilmasa, ushbu xonadonni 1 so‘m evaziga notarial idora orqali oldi-sotdi qilishga tayyorligini bildirdi. Shu sababli Sanjar Karimovning advokatlari raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyevga mazkur uyga nisbatan taqiqni olib tashlash haqida iltimosnoma kiritdi.
Avvalroq, Alimboyevlarga tegishli uy-joy nizoli bo‘lganligi tufayli mazkur turar-joyga nisbatan sud tomonidan Fuqarolik protsessual kodeksining 248-moddasi Da’voni ta’minlash choralari 3-qismi (boshqa shaxslarning javobgarga mol-mulk berishini yoki unga nisbatan boshqa majburiyatlarni bajarishini taqiqlash) bo‘yicha taqiq qo‘yilgan.
Raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyev tomonlarning so‘zini tinglab, kelgusida boshqa ehtimoli mavjud bo‘lgan xavflarni oldini olish maqsadida, keyingi sud majlisida notariusni sud majlisiga chaqirgan holda, ushbu uyni sobiq egalariga oldi-sotdi jarayoni amalga oshirilishi mumkin bo‘lishini bildirdi.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ‘ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi