Rus mediasi Ozarbayjonga hujum qilishni so‘ramoqda
Tahlil
−
21 iyul 15061 10 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Putin uchun chinakam muammoga aylandi. Diasporaning ta’qib ostiga olinishi, bir-birining mamlakatda bo‘lib turgan fuqarolarini qamash, AZAL samolyotining halokatini yana kun tartibiga olib chiqish endi bu ikki o‘rtadagi arzimagan ziddiyatlar sirasiga kiradi. Chunki Ilhom Aliyev endilikda to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainani ritorik jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda. 19 iyul kuni Ozarbayjon Prezidenti Xonkendida bo‘lib o‘tgan uchinchi Shusha xalqaro media-forumida jiddiy gaplarni aytib o‘tdi. U Ukrainani taslim bo‘lmaslikka, anneksiyaga umuman rozi bo‘lmaslikka chaqirdi. Bundan tashqari, Aliyev yana AZAL samolyoti aviahalokati masalasini ko‘tardi va Baku hali ham Rossiyadan o‘z talablarini bajarishni kutayotganini qo‘shimcha qildi. Forumda mazkur signallardan tashqari, boshqa mavzular, xususan, Ozarbayjon Qorabog‘ ustida tarixiy adolatni tiklagandan so‘ng, unga birinchi sovg‘ani O‘zbekiston taqdim qilgani ham alohida ta’kidlab o‘tildi. Bugun ayni paytda eng ko‘p muhokama markazida bo‘lib kelayotgan ushbu forumda Aliyev tomonidan Rossiya manziliga yo‘llangan signallar va boshqa muhim tezislarga batafsil to‘xtalamiz.
Rossiyaga ogohlantiruvchi signal
Ilhom Aliyev Xonkendini joriy yildagi Ozarbayjonning siyosiy markaziga aylantirdi. Dastlab 4 iyul kuni bu yerda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkazilib, Rossiya bilan tengma-teng olishayotgan bir paytda rasmiy Baku uchun bu siyosiy tadbir shaharda Aliyev oldida jam bo‘lgan ko‘plab liderlarning tashrifi bilan muhim ahamiyat kasb etdi. 19 iyul kuni esa Xonkendida Shusha xalqaro media forumi tashkillashtirilib, unda Aliyev xalqaro maydonda allaqachon hisoblashadigan figuraga aylanganini ko‘rsatdi. Mazkur forum Rossiyaga otilgan tosh va O‘zbekistonga aytilgan rahmat bilan esda qoldi. Aliyev tomonidan ko‘tarilgan masalalardan biri bu 2024 yilning dekabrida Qozog‘istonda halokatga uchragan Ozarbayjon havo yo‘llarining Embraer 190 samolyoti halokati atrofidagi jarayon bo‘ldi. U bu borada Moskva tegishli qadamlarni tashlamayotgani va Ozarbayjon ayni paytda Rossiyaga qarshi xalqaro sudlarga davo qilish uchun hujjatlarni tayyorlayotganini ma’lum qildi. Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, yetti oy davomida Ozarbayjon Rossiya tomonidan birorta ham aniq javob olmagan. Uning aytishicha, Ozarbayjon Bosh prokurori muntazam ravishda Rossiya Tergov qo‘mitasiga so‘rovlar yuboradi, biroq bunga javoban faqat “tergov davom etmoqda” degan gap keladi. Aliyev esa bu pozitsiyani “samarasiz” deb atadi.
“Biz nima bo‘lganini bilamiz va buni isbotlay olamiz. Biz bilamizki, Rossiya rasmiylari ham sodir bo‘lgan voqeadan xabardor. Nima uchun ular bunday vaziyatda biron-bir qo‘shni qiladigan ishni qilmayapti?” deydi Aliyev.
Aliyevning ta’kidlashicha, Ozarbayjon Rossiyadan o‘z aybiga iqror bo‘lishni, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga tovon to‘lashni va AZAL aviakompaniyasining samolyotiga yetkazilgan zararini qoplashni talab qiladi. Bu talablar Ozarbayjon Prezidenti tomonidan birinchi bor yangrayotgani yo‘q. Aslida bu talablar ro‘yxatining qisqargan holatdagisi. Chunki o‘tgan yili Aliyev yuqorida sanab o‘tilgan majburiyatlarga qo‘shimcha ravishda Rossiyaning uzr so‘rashini ham talab qilgandi. Biroq Putin bilan telefon suhbati amalga oshirilganidan so‘ng Ozarbayjon rahbari Rossiya kechirim so‘rash shartini bajarganini ma’lum qilib, Putin undan uzr so‘raganiga ishora qilgandi va bu bilan ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Bu gal esa Aliyev samolyot halokati yuzasidan Ozarbayjon qancha kerak bo‘lsa, shuncha kutishini aytdi va bunga misol tarzida Malaysia Airlines aviakompaniyasining Boeing 777 halokati bo‘yicha tergov ishlari o‘n yildan ortiq davom etganini keltirdi. Ma’lumot uchun, 2014 yilda Donetsk osmonida urib tushirilgan ushbu reys bo‘yicha sud jarayonlari oradan 11 yil o‘tib, joriy yil iyul oyida yakunlandi. Yevropa inson huquqlari sudi bu uchun javobgarlikni Rossiya tomonidan Ukraina sharqida qo‘llab-quvvatlangan FXX kuratorligi ostida harakatlangan separatistlarga yukladi.
Ukrainani taslim bo‘lmaslikka chaqirish
Ukrainalik mashhur jurnalist Dmitriy Gordon forumda yana katta sahnaga chiqdi. U Aliyevning Ukrainaga bo‘lgan qo‘llovini yuzaga chiqarishga erishdi. Aliyevga savol bilan yuzlanar ekan, Gordon o‘zining kirish so‘zlarini uni ulug‘lash bilan boshladi. Ukrainalik jurnalist Ozarbayjon rahbaridan o‘ttiz yildan so‘ng o‘z hududiy yaxlitligini tiklashga muvaffaq bo‘lgan xalq rahbari sifatida ukrainaliklarga qanday maslahat berishi haqida so‘radi va hammasi shundan boshlandi.
“Hurmatli janob Prezident, biz Ukrainada Ozarbayjonning Sizning rahbarligingizda o‘z zaminini, o‘z hududini qaytarib olganini hayrat bilan kuzatdik. Bu biz uchun juda ilhomlantiruvchi misol va, albatta, ukrainaliklar Ukrainaning davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagashingizni qayta-qayta ochiq bildirganingiz uchun sizdan minnatdor. Bu unutilmaydi. Mana ko‘p yillar davomida biz Ukraina davlatining mavjudligi xavf ostida turgan eng og‘ir jang, eng og‘ir urush sharoitida yashayapmiz. Siz g‘olib xalq rahbari sifatida Ukraina va ukrainaliklarga qanday maslahat bera olasiz?” dedi jurnalist.
Ushbu savolga javoban Aliyev bir necha yil avval ham shunga o‘xshash savolga javob berganini va uning javobi avval aytganidan farq qilmasligini ma’lum qildi. U vaziyatni Tog‘li Qorabog‘ yuzasidan Armaniston bilan bo‘lgan mojaroga qiyosladi va ukrainaliklarni hech qachon taslim bo‘lmaslikka, Rossiyaning bosib olish harakatlariga rozi bo‘lmaslikka chaqirdi.
“Menimcha, bu Ukraina xalqining orzu-umidlariga to‘g‘ri keladi. Hech qachon bosib olishga rozi bo‘lmang. Bu asosiy maslahat. Biz shunday qildik”, degan Ilhom Aliyev.
Aliyev Ozarbayjonning yaqin o‘tmishi qanday kechgani va u ham og‘ir davrlarni boshdan kechirganiga alohida to‘xtaldi. Bir qarashda bu gaplar bilan Ozarbayjon yetakchisi Ukrainaga dalda bergandek ko‘rindi. Chunki Yevropaning eng katta davlati ham hozir o‘z tarixidagi eng og‘ir damlarni o‘tkazmoqda. Aliyev esa Ukrainaga bergan maslahati bilan birga Ozarbayjonning bosqinga qarshi tajribasi haqida ham o‘rtoqlashdi. U birinchi Qorabog‘ urushi davri Ozarbayjon uchun juda og‘ir va fojiali bo‘lib, ko‘plab qurbonlar bo‘lganini aytdi. Aliyevga ko‘ra, to‘qnashuvdan keyingi davr ham unchalik oson bo‘lmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘sha paytda mamlakat aholisi 8 million kishini tashkil qilgan. Davlat aholi jon boshiga qochqinlar soni bo‘yicha eng yuqori davlatlardan biriga ega edi. Ozarbayjon byudjeti bo‘sh bo‘lgan va mamlakatga tashqaridan deyarli hech qanday yordam kelmagan. Xususan, xalqaro qo‘llab-quvvatlash mavjud bo‘lmagan.
“Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda, bizda tirikchilik vositasidan mahrum bo‘lgan bir million odam bor эди: 700 mingdan ortig‘i Ozarbayjon tumanlaridan, Qorabog‘dan, shuningdek, Armanistonda yashab, deportatsiya qilingan 250 ming ozarbayjon. ”, dedi Prezident.
Aliyev ana shunday qiyin sharoitda mamlakatni uning otasi, marhum sobiq prezident Haydar Aliyev boshqargani va u vaziyatni barqarorlashtirishga hamda davlatni bosqichma-bosqich tiklashga muvaffaq bo‘lganini ham qo‘shimcha qildi. Unga ko‘ra, o‘sha kezlarda mamlakatda mablag‘ yo‘q, g‘azna esa butkul bo‘sh bo‘lgan. Amalda esa hech kim Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlamagan, hech qayerdan jiddiy xalqaro yordam kelmagan, iqtisodiyot vayron bo‘lgan, inflyatsiya 1000 foiz, ishsizlik va qashshoqlik allaqachon 100 foizga yaqinlashgan. Ilhom Aliyev otasi Haydar Aliyev hokimiyat tepasiga kelganida Ozarbayjon shunday ahvolda bo‘lgani, uning o‘zi ham 70 yoshda bo‘lib, sog‘lig‘i ham yomon bo‘lib, og‘ir kasallikka chalingani, lekin shunday vaziyatda ham mamlakatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi.
Ko‘p o‘tmay, xalqaro vaziyat Ozarbayjonga qarshi bo‘lsa ham, mamlakat asta-sekin o‘z hududini qaytarib ola boshladi. YeXHTning Minsk guruhi hamda ko‘plab tashqi kuchlar Armaniston tomonda bo‘lib, ularning barchasi status-kvo o‘zgarmasligi va vaziyat abadiy davom etishini ta’minlashga harakat qildi. Biroq, Ozarbayjon bunday voqeliklarga rozi bo‘lmadi va 2020 yilda mustaqil qaror qabul qilgan holda o‘zining tarixiy hududlarini birin-ketin qaytarib ola boshladi.
Adolatga ishonchim kam edi degan Aliyev uni kuch bilan tiklash mumkinligini aytdi. Ha, Aliyev bu tarixiy voqealarni Gordonga aytib berar ekan, o‘z javobining so‘nggida yana boshlang‘ich nuqtaga qaytdi. Qorabog‘ orqali Ukrainadagi bosqinga qarshi qanday turish lozimligini tushuntirib, eng so‘nggida Aliyev Kiyevni yana taslim bo‘lmaslikka chaqirdi. Ammo Aliyevning bu gaplari biroz munozarali. Ya’ni bir necha oy oldin, Rossiya va Baku munosabatlari juda keskin buzilmagan paytda Ozarbayjon yetakchisi Rossiyaning Ukrainaga bosqini atrofidagi savolga “dunyoda urushlar tomonlardan biri taslim bo‘lish to‘g‘risidagi hujjatni imzolaganidan keyingina tugaydi”, deb javob qaytargandi.
O‘sha paytlarda Aliyev Kiyev va Moskva o‘rtasidagi inqirozli holatni yakunlash uchun hozir hech qanday imkoniyat yo‘qligini aytib, agar bu urushni tugatishning qandaydir yo‘li bor bo‘lsa, u holda “men xalqaro munosabatlarda hech nimani bilmas ekanman”, degandi. Ammo oradan vaqt o‘tib, Yekaterinburgdagi voqealar sodir bo‘lgach, Ozarbayjon yetakchisi adolat va unga kuch bilan erishish mumkinligi haqida gapirib qoldi. Shu bois uning Ukrainaga bergan maslahati xolis yoki shunchaki Rossiyaga Kiyev orqali rekoshet zarba yo‘llash uchun aytilgani aniq emas. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham Aliyev shu kuni Kiyevni bir necha bor davom etish, taslim bo‘lmaslik va bosqinga qarshi turishga chorladi. Xususan, ukrainalik jurnalist Yelena Qurbonova tomonidan Ozarbayjon Prezidentiga Ukraina harbiylarining nishon-belgilari topshirildi. Ilhom Aliyev ularni chuqur minnatdorlik bilan qabul qildi va o‘sha lahzada ham qisqa qilib, Ukraina va ukrainaliklarga “shu tahlit davom etish zarurligini” ta’kidladi.
Mirziyoyevga rahmat!
Aliyev Rossiyani “savalagan” forumda O‘zbekiston va mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorlik bildirdi. Ozarbayjon Prezidenti Qorabog‘ni qayta tiklash borasida O‘zbekistonning ko‘rsatgan yordami va Shavkat Mirziyoyevning birodarlik qo‘llovi uchun rahmat aytdi. Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tiklash ishlarini amaliy harakatlar bilan boshlagan birinchi davlat hisoblanadi. Ozarbayjon rahbari O‘zbekiston hukumati Qorabog‘dagi Fuzuliy shahrida 960 o‘rinli Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab binosini qurib berganini alohida ta’kidladi. Eng qizig‘i, ushbu maktabni bitirganlar O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinishi oldin ma’lum qilingandi. Ilhom Aliyev esa ayni paytda butun Qorabog‘ hududida keng ko‘lamli tiklash ishlari olib borilayotganini, bu jarayonda xalqaro hamkorlar orasida O‘zbekistonning ishtiroki alohida e’tirofga loyiq ekanini ham qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot o‘rnida shuni ham ta’kidlash joizki, O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham keyinchalik Ozarbayjonda ta’lim dargohlari, xususan maktab qurish loyihalarini boshlagandi.
Aliyev qayerdan kuch olyapti?
Sobiq sovet mamlakatlari ichida Boltiqbo‘yi davlatlarini inobatga olmaganda hali hech bir rahbar Kiyevni Rossiyaga qarshi kurashga chorlamagandi. Bunday ishni qila olishi mumkin bo‘lgan yagona shaxs – Aliyev nihoyat shunday qadamni tashladi. Ammo u nega Putin bilan yuzma-yuz kelishdan, uning manziliga kuchli signallar yuborishdan zarracha cho‘chimaydi, degan savol o‘rtaga chiqadi. Aslida bu ancha yillar oldin yig‘ilishni boshlagan va bugunga kelib mustahkamlangan kuchli siyosiy iroda mahsulidir. Katta ehtimol bilan barchasi 2020 yilgi tarixiy adolatni tiklagan urushga borib taqaladi. Qorabog‘ni qaytarish uchun boshlangan urushda Armaniston tomonidan urushga qo‘shilishi kerak bo‘lgan yoki eng kamida harbiy ko‘makni ayamasligi lozim bo‘lgan Rossiya amalda joyidan siljimadi. KXSHT tarkibida bo‘lgani bois Yerevan Rossiyadan yordam kutishga haqli edi, ammo Vladimir Putin Turkiyaning Bayraktar dronlari qatnashgan bu urushda unga qarshi tomonda turib jang qilishga jazm qilolmadi. Yakunda esa Rossiya bir vaqtning o‘zida butun boshli Armanistondan ham, Baku ustidagi bosimidan ham ayrildi. Turkiya bilan urushda bir asrlik noxush tarixga ega Rossiya bugun Putin davrida ham Anqara va uning soyasi ostidagi mamlakatga rahna solishdan tiyildi. Bugun Aliyevda shakllangan kuchli pozitsiyaning ildizi ham katta ehtimol bilan aynan shu 2020 yilga borib taqaladi. Shu yili postsovet hududida siyosiy haqiqatlar keskin o‘zgardi. Rossiya o‘z ta’siri ostidagi kattakon Kavkazorti hududidagi tojni Turkiyaga defakto topshirdi. Oradan ikki yil o‘tib, Kreml yana katta tavakalchilikka qo‘l urdi va bu orqali Markaziy Osiyoda ham uning bosqinchilik siyosatiga qarshi salbiy kayfiyat shakllanishiga o‘zi yo‘l ochib berdi. Bu safar Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekiston aholisining katta qismi 2014 yil Qrim anneksiyasida bo‘lgani kabi voqeaga bee’tibor bo‘lmadi. Bu gal Rossiyaning harakatlari bosqinchilikdan boshqa hech narsa emasligini ko‘pchilik tushunmoqda.
Ozarbayjonga hujum qilish so‘raldi
Aliyevning bu qadamidan so‘ng, Rossiyadagi urush mavzusiga ixtisoslashgan turli Telegram-kanallar va blogerlar Moskvani Ozarbayjonga qarshi urush ochishga chaqirmoqda. Ammo ularning fikri Kreml uchun sariq chaqalik ahamiyat kasb etmaydi. Shunday bo‘lsa-da, bunday urush blogerlari Kreml korridorlaridagi kayfiyatni qaysidir manoda ifodalashi mumkin. Ular orasida kimlardir “Kaspiy yaqin fursatlarda keyingi harbiy harakatlar teatriga aylanishi” bilan dag‘dag‘a qilgan bo‘lsa, boshqasi Ozarbayjon bilan urushga tayyorlanishni ertaroq boshlash kerakligini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, “Baku markaziga “Oreshnik” kabi chaqiriqlar va Ozarbayjon NATO filiali, degan tanqidlar ham yangradi. Rossiyalik eng mashhur urush blogerlaridan biri Yuriy Podolyak esa Ozarbayjon Rossiyaning dushmani ekani, uni kuch bilan bostirish kerakligini ta’kidladi. Podolyak hatto bu borada Tashqi ishlar vazirligiga o‘yindan chiqish va bu ishni Mudofaa vazirligiga topshirishni taklif qildi.
Live
Barchasi