Hindistonda 32 ta aeroport faoliyatini to‘xtatdi

Olam

image

Kecha, 9 may kuni Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik kuchaygani fonida Hindiston 32 ta aeroportni fuqarolik reyslari uchun yopdi. Bu haqda Hindiston Fuqarolik aviatsiyasi vazirligining bayonotiga tayanib, “The Times of India” gazetasi xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu aeroportlar 15 may kuni soat 05:29 gacha (Toshkent vaqti bilan 04:59) yopiq bo‘ladi.

Yopilgan aeroportlar: Adxampur, Ambala, Amritsar, Avantipur, Batinda, Bxuj, Bikaner, Chandigarx, Xalvara, Xindon, Jaysalmer, Jammu, Jamnagar, Jodxpur, Kandla, Kangra (Gaggal), Keshod, Kishangarx, Kullu Manali (Bxuntar), Lex, Ludxiana, Mundra, Naliya, Patxankot, Patiala, Porbandar, Radjkot (Xirasar), Sarsava, Shimla, Srinagar, Tuaz, Uttarlay.

Hindiston Fuqarolik aviatsiyasi xavfsizlik byurosi (BCAS) barcha aviakompaniyalar va aeroportlarga xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Mumbay xalqaro aeroporti yo‘lovchilarga tekshiruvlar vaqtining uzaygani sababli iloji boricha aeroportga ertaroq yetib kelishni tavsiya qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston Hindistonga qarshi “Banyan-ul-Marsus”, ya’ni “Mustahkam devor” deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qilgandi. Pokiston armiyasi Hindistonning bir nechta harbiy ob’ektlariga zarba bergan. Ular orasida Udxampur va Patxankot aviabazalari ham bor.

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi

22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzdi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.

Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.

Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.

30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.

7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi. O‘zbekiston ham Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi.

8 may kuni ikki mamlakat harbiy-havo kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangida jami 125 ta harbiy samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida jang qildi va bu aviatsiya tarixidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan havo janglaridan biri bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Pokiston aeroport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing