Hegset NATOdan Ukraina uchun ko‘proq AQSH qurollarini sotib olishni so‘radi (video)
Olam
−
15 Oktabr 1922 2 daqiqa
AQSH o‘zining NATOdagi ittifoqchilaridan Ukrainani qurollantirish uchun Amerika qurol-aslahalarini ko‘proq xarid qilishini kutmoqda. Bu haqda bugun, 15 oktyabr kuni mamlakat Urush vaziri Pit Hegset Bryusselda o‘tayotgan NATO Mudofaa vazirlari yig‘ilishi oldidan ma’lum qildi.
U AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati davrida boshlangan “Ukrainaning ustuvor ehtiyojlari ro‘yxati” (Prioritized Ukraine Requirements List, qisqacha PURL) tashabbusi haqida so‘z yuritgan. Ushbu dasturga muvofiq, AQSH Ukrainaga qurolni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazmaydi, balki uni o‘z ittifoqchilariga sotadi, ular esa qurollarni Kiyevga topshiradi.
Pentagon rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga qurol yetkazib berishni ko‘paytirish tinchlikka erishish uchun zarur.
“Agar biz Tramp davridan biror narsa o‘rgangan bo‘lsak, bu “kuch orqali tinchlik” tamoyilining amalda qo‘llanilishidir. Tinchlik faqat kuchli bo‘lgan paytingda erishiladi. Bu shunchaki balandparvoz so‘zlar yoki ayblovlar bilan emas, balki hurmat uyg‘otadigan haqiqiy va qudratli imkoniyatlarga ega bo‘lish bilan ta’minlanadi”, deydi Hegset.
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte esa Bryusseldagi “Ramshteyn” formatidagi uchrashuvda PURL tashabbusiga yangi davlatlar qo‘shilishini e’lon qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan. Mazkur dastur doirasida Ukrainaga qurol yetkazib berish uchun hozirgacha qariyb 2 milliard dollar ajratilgan.
Kutilishicha, joriy yilning 17 oktyabr kuni Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Uchrashuv mavzusi Ukrainaning havo mudofaasini kuchaytirish hamda uzoq masofali qurollarni yetkazib berish bo‘ladi. AQSH Prezidenti Ukraina uchun uzoq masofali Tomahawk qanotli raketalarini topshirish ehtimolini istisno qilmagan. Shu bilan birga, Trampning aytishicha, u Ukrainaning bu raketalarni qanday ishlatishini bilmoqchi va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan suhbatlashib, agar Rossiya urushni tinch yo‘l bilan hal etishga rozi bo‘lmasa, AQSH Kiyevga Tomahawk raketalarini berishi mumkinligini aytmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Financial Times” Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 20 dan 50 tagacha qanotli Tomahawk raketalarini taqdim etishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Amerika xavfsizligi markazi mudofaa bo‘yicha direktori Steysi Pettijonning fikricha, “bu urush dinamikasini tubdan o‘zgartira olmaydi”.
Live
Barchasi