Havodagi dahshat: parvozdagi samolyotning oynasi uzilib, yo‘lovchi tashqariga chiqib qoldi

Olam

image

Gretsiyadan Germaniyaga yo‘l olgan Ryanair aviakompaniyasi samolyotida havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay favqulodda hodisa yuz berdi – samolyot oynasining sinib ketishi oqibatida bir yo‘lovchi qisman tashqariga tortilib ketdi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.

Gretsiyaning Saloniki shahridan Germaniyaning Memmingen aeroportiga parvoz qilayotgan Ryanair aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti kecha, 10 iyul kuni havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi. Ryanair bayonotiga ko‘ra, parvoz vaqtida yo‘lovchi oynasining uzilib ketishi sababli samolyot Salonikiga qaytgan. Kompaniya oyna qanday qilib shikastlanganiga aniqlik kiritmagan.

Qayd etilishicha, Serbiya fuqarosi bo‘lgan yo‘lovchi oyna uzilib ketgach, qisman samolyot tashqarisiga tortilib ketgan. U Salonikidagi AHEPA universitet shifoxonasiga olib borilgan. Serbiya konsulligining ma’lum qilishicha, uning hayoti xavf ostida emas, shifokorlar jarohatlar darajasini baholamoqda.

Serbiya ommaviy axborot vositalarining “Radio Thessaloniki” radiosiga tayanib xabar berishicha, yo‘lovchining boshi va yelkalari samolyot tashqarisiga chiqib ketgan, boshqa yo‘lovchilar uni tortib ichkariga qaytarishga muvaffaq bo‘lgan.

AQSH Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) hodisa Boeing 737 NG samolyotida sodir bo‘lganini tasdiqladi. Bu Boeing 737 MAX avlodidan oldingi model hisoblanadi. Boeing kompaniyasi ham tergovga ko‘maklashayotganini ma’lum qilgan. 

“Biz mijozimiz Ryanair bilan aloqada bo‘lib turibmiz va uni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqdamiz”, deyilgan kompaniya bayonotida.

Ryanair samolyot modeli va dvigateli haqidagi qo‘shimcha savollarga izoh bermagan. Kompaniyaning ta’kidlashicha, samolyot odatiy tarzda qo‘ngan va barcha yo‘lovchilar terminalga qaytarilgan. Gretsiya mahalliy OAVlari ma’lumotiga ko‘ra, parvoz boshida dvigatel qismidagi bir bo‘lak uzilib chiqib, samolyot oynasiga urilgan. Bu esa salonda bosimning keskin pasayishiga olib kelgan. 

Shunga o‘xshash hodisa 2018 yilda ham Boeing 737 NG samolyotida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda “Southwest Airlines” samolyoti dvigatelidagi ventilyator parragi sinib, oyna shikastlangan va bir yo‘lovchi qisman tashqariga tortilib ketib halok bo‘lgan. 43 yoshli ayol to‘qqiz yil ichida AQSH yo‘lovchi aviakompaniyasi reysida halok bo‘lgan ilk qurbon bo‘lgan edi.

Ushbu hodisadan keyin AQSH Milliy transport xavfsizligi kengashi Boeing kompaniyasiga 737 NG samolyotlaridagi dvigatel qoplamasi konstruksiyasini qayta ishlab chiqishni tavsiya qilgan. FAA esa 2023 yilda mazkur o‘zgarishlarni 2028 yil iyuligacha amalga oshirishni majburiy qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gaitida kichik samolyot favqulodda tarzda dengizga qo‘nishga majbur bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing