“Hammasini u aytdi”. Tramp Eronga qarshi urush uning g‘oyasi emasligini bildirdi (video)
Olam
−
08:52 12153 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush tashabbusi o‘zidan chiqmaganini aytib, asosiy taklif muallifi sifatida AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegsetni tilga oldi. Bu haqda u kecha, 23 mart kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, aynan Hegset birinchi bo‘lib “keling, buni qilamiz” deb Eronni bombardimon qilish g‘oyasini ilgari surgan.
O‘sha paytda uning yonida o‘tirgan Hegsetning yuz ifodasidan u bu bayonotdan mamnun emasligi sezilgani ko‘rinadi. Ehtimol u ochiqchasiga aybdor qilib ko‘rsatilayotganidan xavotirlangan yoki haqiqatan ham bu qaror oqibatlari uchun javob berishiga to‘g‘ri kelishini tushungan.
Harbiy blogerlar ham bu vaziyatga munosabat bildirib, Tramp muvaffaqiyatsizlik uchun aynan Hegsetni ayblashi mumkinligini avvaldan taxmin qilishganini yozmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp ikki kunlik juda yaxshi va samarali muzokaralar bo‘lib o‘tganini aytib, Eron energetika ob’ektlariga zarbalarni 5 kunga to‘xtatishni buyurganini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarni tartibga solish masalasini muhokama qilgan.
22 mart kuni Tramp Eron 48 soat ichida Hormuz bo‘g‘ozini ochmasa, mamlakatdagi elektr stansiyalarini yo‘q qilish bilan tahdid qilgan edi. Tehron esa bunga javoban AQSHning Yaqin Sharqdagi barcha energetika va axborot infratuzilma ob’ektlariga zarba berishini bildirgan.