“Qani, biz erkakmiz-ku”: Sunjada oqib ketgan 8 yoshli qahramonning jasadi topildi
Olam
−
23 iyun 9273 2 daqiqa
Ingushetiyada Sunja daryosida oqib ketgan 8 yoshli Xizir Derbichevni qidirish ishlari yakunlandi. Bir necha kun davom etgan qidiruv-qutqaruv operatsiyasidan so‘ng bolaning jasadi topildi. Bu haqda “Mirmol.ru” xabar berdi.
Respublika hukumati ma’lumotiga ko‘ra, Xizirning jasadi 22 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:50 da topilgan. Shundan so‘ng Favqulodda vaziyatlar xizmati qidiruv-qutqaruv ishlari rasman yakunlanganini e’lon qilgan. Hodisa tafsilotlariga aniqlik kiritilmoqda.
Fojia 15 iyun kuni sodir bo‘lgan. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, Xizir Sunja daryosi bo‘yida ikki nafar do‘sti bilan bo‘lgan. Bolalardan biri – Adam suvga tushib ketgan va daraxt shoxi yoki ildizidan ushlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Xizir do‘stiga yordam berish uchun suvga tashlangan, ammo kuchli oqimni yengolmay, suv uni oqizib ketgan. Uchinchi bola kattalarni chaqirish uchun yugurgan va natijada Adamni qutqarib qolgan.
Bu voqea jamoatchilikda katta aks-sado bergan. Ko‘pchilik Xizirni kichik qahramon deb atagan. Odamlar uning atigi 8 yoshida bo‘lishiga qaramay, kattalardek jasorat ko‘rsatib, do‘stini qutqarishga uringanini ta’kidlagan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Xizir daryoga tashlanishidan oldin: “Qani, biz erkakmiz-ku, qani uni qutqaraylik”, degan.
Xizirni qidirish ishlarida minglab odamlar ishtirok etgan. Qutqaruvchilar, ko‘ngillilar va mahalliy aholidan tashqari, Checheniston, Dog‘iston, Shimoliy Osetiya, Kabarda-Balqariya hamda Qorachay-Cherkesiyadan kelgan ko‘ngillilar ham operatsiyaga jalb qilingan.
Qidiruv ishtirokchilari Sunja daryosining o‘zani, qirg‘oqlari va atrof hududlarni tekshirgan. Biroq yomg‘irlardan keyin suv sathining ko‘tarilishi va oqimning kuchayishi ishlarni ancha murakkablashtirgan.
Live
Barchasi