O‘zbekistonda kapital bozori uchun yangi qonun ishlab chiqildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda yangi tahrirdagi “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda bugun, 22 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishishi chog‘ida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, xalqaro moliya tashkilotlari bilan birgalikda yangi tahrirdagi “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. 16 ta bob va 123 ta moddadan iborat ushbu hujjat kapital bozorini zamonaviy bozor normalari asosida tartibga solish, investorlar huquqini himoya qilish, bozor infratuzilmasini mustahkamlash va yangi moliyaviy vositalarni joriy etishga qaratilgan.

Qonun loyihasida xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladigan yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish nazarda tutilmoqda. Xususan, Xalqaro derivativlar va svoplar assotsiatsiyasi standartlariga muvofiq, mamlakatimizda opsion, svop, fyuchers va forvard kabi hosila moliyaviy vositalar, shuningdek, netting shartnomasi asosida bitimlar tuzish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Qayd etilishicha, banklar tomonidan garov bilan qoplangan obligatsiyalar va ipoteka kreditlari majburiyatlari asosida maxsus obligatsiyalar chiqarishning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Bu banklar uchun uzoq muddatli resurslarni jalb qilish, ipoteka bozorini rivojlantirish va aholi uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Islom moliyasi vositalarini joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekistonda ilk bor sherikchilik, ijara, savdo va agentlik sukuki kabi islom moliyasi turlarini o‘z ichiga olgan “sukuk” qimmatli qog‘ozlarini chiqarish shartlari belgilanmoqda.

Taqdimotda qimmatli qog‘ozlar bozori infratuzilmasini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan. Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining vakolatlari kengaytirilib, unga dividendlarni markazlashgan holda to‘lash, xorijiy banklarda vakillik hisobvaraqlari ochish huquqi berilmoqda.

Shuningdek, moliyaviy tashkilotlar tomonidan mijozlarning qimmatli qog‘ozlarini saqlash, hisobini yuritish va ular bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha professional xizmatlar joriy etiladi. Chet ellik nominal saqlovchilar uchun mahalliy bozorga kirish tartibini soddalashtirish orqali xorijiy institutsional investorlarni jalb qilish imkoniyatlari kengayadi.

Regulyator vakolatlarini xalqaro talablar va standartlarga muvofiqlashtirish ham nazarda tutilmoqda. Bu bozor ishtirokchilari faoliyatini samarali nazorat qilish, axborot oshkoraligini ta’minlash, qonunchilik buzilishi holatlariga tezkor munosabat bildirish va investorlar huquqini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Milliy korxonalar aksiyalarini xalqaro moliya bozorlariga joylashtirish va investorlarning aktivlarini ishonchli himoya qilish maqsadida 10 dan ziyod qonun va kodekslarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Prezident kapital bozori iqtisodiyotga uzoq muddatli resurslarni jalb qilish, korxonalarni transformatsiya qilish va xususiy investitsiyalar oqimini kengaytirishda muhim manba ekanini ta’kidlagan.

Mutasaddilarga yangi tahrirdagi “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasini xalqaro hamkorlar bilan muhokama qilish, bozor infratuzilmasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, yangi moliyaviy vositalarni joriy etish va soha uchun kadrlar tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing