AQSH va Eron 60 kun ichida yakuniy kelishuvga erishadi
Olam
−
22 iyun 1250 2 daqiqa
AQSH va Eron Shveysariyada o‘tkazilgan muzokaralarda 60 kun ichida yakuniy tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha yo‘l xaritasini kelishib oldi. Bu haqda Qatar Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Bayonotga ko‘ra, Doxa va Islomobod vositachiligida tuzilgan qo‘mita yuqori darajadagi “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlagan bo‘lib, bu 60 kun ichida yakuniy kelishuvga olib boruvchi jarayonning asosini tashkil etadi.
Shuningdek, bu kelishuv yangi texnik muzokaralarning darhol boshlanishini nazarda tutadi.
Qatar TIVning X sahifasida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, AQSH va Eron delegatsiyalarining birinchi raundi 22 iyun kuni yakunlangan, biroq texnik muzokaralar hafta oxirigacha davom etadi. Ular Shveysariyaning Burgenshtok kurortida bo‘lib o‘tmoqda.
Tomonlar, shuningdek, Livanda harbiy harakatlarni to‘xtatish mexanizmi bo‘yicha kelishgan va Hormuz bo‘g‘ozi orqali tijorat kemalarining xavfsiz o‘tishi uchun aloqa liniyasini ochgan.
“Reuters”ning xabariga ko‘ra, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Eron rasmiylari bilan muzokaralarni boshlagan va aprel oyidan beri amal qilib kelayotgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini yana kamida 60 kunga uzaytirish masalasi muhokama qilingan.
Avvalroq, Eron TIV vakili Ismoil Bag‘oiy Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning xavfsiz o‘tishi uchun favqulodda mexanizm yaratilganini bildirgan edi. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa neft eksporti va muzlatilgan aktivlar kabi bir qator masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytgan.
Muzokaralardan oldin Eron Hormuz bo‘g‘ozini qayta yopish haqida bayonot bergan, AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Eronga qayta hujumlar bilan tahdid qilgan. Shundan so‘ng, Eron delegatsiyasi muzokara joyini tark etgani haqida ham xabarlar tarqalgan.
Eron, shuningdek, Trampdan uzr so‘rashni talab qilgan, chunki u Eron vakillariga Hormuz bo‘g‘ozi yopilsa “sizning davlatingiz bo‘lmaydi” degan mazmunda ogohlantirish bergan.
Kelishuv 18 iyun kuni masofadan turib imzolangan memorandumdan keyin boshlangan bo‘lib, u ikki davlat o‘rtasidagi qurolli ziddiyatni tugatish va kengroq tinchlik muzokaralariga yo‘l ochishga qaratilgan dastlabki qadam hisoblanadi.
Live
Barchasi