Tramp Qatar sovg‘a qilgan 400 mln dollarlik “uchar qasr”ni ko‘z-ko‘z qildi (video)

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Qatar tomonidan sovg‘a qilingan yangi prezident samolyotini jamoatchilikka taqdim etdi. Uning aytishicha, mazkur layner kelgusida mamlakat rahbarining asosiy havo transportiga aylanadi. Bu haqda NBC News xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, taqdimot Vashington yaqinidagi Endryus harbiy-havo bazasida bo‘lib o‘tgan. Tramp yangi Boeing 747-8 samolyotida tadbirga yetib kelgan va uni shaxsan ko‘zdan kechirgan.

Yangi bort qizil, oq va to‘q ko‘k ranglardagi yangi dizaynga ega bo‘lib, avvalgi prezident samolyotlaridan tashqi ko‘rinishi bilan farq qiladi.

Trampning ta’kidlashicha, samolyot 4 iyul kuni AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan Vashington osmonida o‘tkaziladigan yirik aviashouda ishtirok etadi.

“Bu samolyot bilan hech kim raqobat qila olmaydi. Mamlakatimiz samolyoti aynan shunday bo‘lishi kerak. Hech kim unga hatto yaqin ham kelolmaydi”, degan Tramp.

AQSH Prezidenti yangi laynerni “uchuvchi Oq uy” deb atab, unda hozirgacha ko‘rilmagan darajadagi qulaylik va hashamat yaratilganini ta’kidlagan. Shuningdek, u yaqin vaqt ichida amaldagi prezident samolyotlaridan foydalanishni to‘xtatishiga ishora qilgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotning bozor qiymati taxminan 400 million dollarni tashkil etadi. Biroq uni prezident ehtiyojlariga moslashtirish, xavfsizlik tizimlari va maxsus jihozlar o‘rnatish uchun qo‘shimcha ravishda bir milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangani aytilmoqda.

Oq uyning ma’lum qilishicha, Trampning prezidentlik muddati yakunlanganidan keyin samolyot uning prezidentlik kutubxonasi jamg‘armasiga topshiriladi.

Avvalroq, Qatardan bunday qimmatbaho sovg‘ani qabul qilish AQSHda qonunchilik, etika va xavfsizlik masalalari bo‘yicha bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi. Shunga qaramay, 2025 yilning may oyida AQSH mazkur samolyotni rasman qabul qilib olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Boeing 747-8

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing