Narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalasini o‘z nazoratimga oldim – Saida Mirziyoyeva (video)
Jamiyat
−
15 iyun 2561 2 daqiqa
Narkojinoyatchilikka qarshi kurash masalasini Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘z nazoratiga oldi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Avvalroq, ma’lum qilinganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga giyoxvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” qonun qabul qilingandi. Unga ko‘ra, endilikda yashirin narkolaboratoriyalar, bangixonalar tashkil etish, narkojinoyatlarga homiylik qilish, narkotiklarni transmilliy usulda yoki internet yordamida tarqatish kabi o‘ta xavfli qilmishlar uchun oldin qonunchilikda bo‘lmagan yangi javobgarlik belgilandi.
Saida Mirziyoyevaning bildirishicha, qonun bilan bu kabi jinoyatlarga qo‘l urgan fuqarolarga 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilib, uyushgan narkojinoyatchilik uchun esa, jazo choralari qariyb ikki baravar og‘irlashtirilgan.
“Oldin narkojinoyatlarni sodir etgan shaxslar qisqa vaqtlarda ozodlikka chiqib, o‘z jinoiy qilmishlarini davom ettirib yuravergan. Endi bunday bo‘lmaydi. Yangi qonunga ko‘ra, narkojinoyatlarni sodir etgan shaxslar muddatidan oldin ozodlikka chiqarilmaydi, ya’ni ular jazoni to‘liq o‘taydi”, degan Administratsiya rahbari.
Qayd etilishicha, endi voyaga yetmaganlarni narkotik iste’mol qilishga undash og‘ir jinoyat sifatida baholanib, 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi qo‘llaniladi. Ta’lim muassasalari, maktablar, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida voyaga yetmaganlarni narkojinoyatlarga jalb qilganlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.
“Bu hujjat faqat jinoyatchilarni jazolash uchun emas, balki xalqimiz salomatligi va genofondini himoya qilish, yoshlarimizni fojiali yo‘ldan asrab qolishga qaratilgan qonundir”, deb ta’kidlagan Mirziyoyeva.
Shuningdek, bu masalani Saida Mirziyoyeva shaxsan o‘z nazoratiga olganini va davlat narkojinoyatlarga qarshi qaqshatqich kurash e’lon qilganini aytib, ota-onalarga murojaat qilgan.
“Bugun Prezident administratsiyasi qoshida narkotiklarga qarshi respublika maxsus ishchi guruhi faol ishlayapti. Narkolaboratoriyalar, uyushgan narkojinoiy guruhlar yo‘q qilinmoqda, lekin ushbu kurash sizning yordamingizsiz bo‘lmaydi. Fursatdan foydalanib, har biringizni farzandlaringiz hayotiga befarq bo‘lmaslikka, ushbu kurashda davlatga yordamchi va tayanch bo‘lishga chaqirib qolaman. Zero, bolalarimiz kelajagi – bu millatimiz kelajagidir. Ushbu balo hech bir oilaga zarar keltirmasin”, degan Prezident Administratsiyasi rahbari.
Live
Barchasi